O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

O‘zbekiston Prezidenti nomidan Afg‘oniston xalqiga 25 avtobus, 3 traktor va tirkama texnika topshirildi

2018-01-11 | Siyosat

10-yanvar kuni Hayraton shahrida (Afg‘oniston Islom Respublikasi) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomidan 25 avtobus, 3 traktor va tirkama texnika Afg‘oniston xalqiga hadya qilinishiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston rasmiy delegatsiyasi a’zolari, Afg‘oniston Prezidenti ma’muriyati va hukumati, ushbu mamlakat jamoatchiligi va ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etdi. 

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili I.Ergashev, Afg‘oniston transport vaziri M.Taxmosiy, ta’lim vaziri o‘rinbosari A.Mahjur, Balx provinsiyasi gubernatori o‘rinbosari M.Tavhidiy va boshqalar O‘zbekiston rahbariyati xalqlarimiz o‘rtasidagi azaliy do‘stlik rishtalariga asoslangan yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlashga, barcha jabhalarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga ustuvor ahamiyat qaratayotganini ta’kidladi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Afg‘oniston bilan ko‘p qirrali hamkorlikni yanada faollashtirish hamda qo‘shni mamlakatda tez fursatda tinchlik, barqarorlik o‘rnatilishi, uning iqtisodiy va transport infratuzilmasi tiklanishiga ko‘maklashish tarafdori ekani qayd etildi. 

Keyingi paytlarda O‘zbekiston – Afg‘oniston hamkorligida izchil o‘sishga erishildi. 2017-yilning 4-6-dekabr kunlari Afg‘oniston Prezidenti Ashraf G‘ani O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Ushbu tashrif ikki davlat munosabatlarida yangi sahifa ochdi. Tashrif yakuniga ko‘ra, siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarga oid 20 hujjat imzolandi. Imzolangan hujjatlarning aksariyati nafaqat Afg‘oniston va O‘zbekiston, balki butun mintaqa uchun strategik ahamiyat kasb etadi. Jumladan, O‘zbekiston mutaxassislari tomonidan "Mozori Sharif – Hirot" temir yo‘li va "Surxon – Puli Xumri" elektr uzatish liniyasi qurish bo‘yicha yirik loyihalarni amalga oshirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi. Mazkur loyihalarning amalga oshirilishi Afg‘oniston iqtisodiyoti rivojlanishiga xizmat qiladi. 

O‘zbekistonning Afg‘onistonga do‘stona munosabati, davlatimiz rahbariyatining kelgusida ham afg‘on xalqiga ko‘maklashishga tayyor ekani ramzi sifatida Surxondaryo viloyatida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga muvofiq Afg‘oniston fuqarolari uchun maxsus Namunaviy ta’lim markazi tashkil etilgani ta’kidlandi. Markazga 20-yanvar kuni 100 ga yaqin talaba kelishi kutilmoqda. 

Afg‘oniston rasmiy shaxslari va jamoatchilik vakillari sovg‘a qilingan avtobus, traktor va maxsus texnikalar uchun O‘zbekiston Prezidentiga minnatdorlik bildirdi. O‘zbekistonning Afg‘oniston iqtisodiyotini rivojlantirishga qo‘shayotgan hissasi afg‘on xalqi turmushi yaxshilanishi va uning tinch taraqqiyot yo‘liga qaytishiga xizmat qiladi. Jumladan, O‘zbekiston tomonidan taqdim etilgan avtobuslar afg‘on bolalarining maktabga borishini osonlashtiradi. O‘zbekiston delegatsiyasi ishtirokida uchta avtobus Hayraton shahri ma’muriyatiga topshirildi. 

So‘zga chiqqanlar O‘zbekiston – Afg‘oniston hamkorligini barcha sohalarda rivojlantirish va kengaytirish tendensiyasi kuzatilayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar. Ikki tomonlama munosabatlardagi bunday ijobiy o‘sishga, avvalo, Afg‘onistonga do‘stlik qo‘lini cho‘zgan va ushbu davlatning iqtisodiy infratuzilmasi tiklanishida amaliy yordam ko‘rsatayotgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning qat’iy irodasi tufayli erishilgani ta’kidlandi. 

Afg‘oniston O‘zbekistonning savdo-iqtisodiy munosabatlarni yanada faollashtirish, infratuzilmaga oid turli yirik loyihalarni amalga oshirish va mintaqadagi integratsion jarayonlarda ishtirok etishda yordam berish orqali Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlik o‘rnatishga qaratilgan sa’y-harakatlarini yuksak qadrlaydi. Afg‘oniston aholisi va jamoatchiligi yetkazib berilayotgan elektr energiyasi hajmini oshirish, Kobul va shimoliy viloyatlarning elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlashga mo‘ljallangan yangi "Surxon – Puli Xumri" elektr uzatish liniyasi qurilishi loyihasini amalga oshirishga tayyorligi uchun O‘zbekistonga alohida minnatdorlik bildirdi. 

O‘zbekistonning Afg‘onistonga yetkazib berilayotgan elektr energiyasi haqini kamaytirgani to‘g‘risidagi xabar tadbir ishtirokchilari tomonidan mamnuniyat bilan qarshi olindi. 

Afg‘oniston xalqiga texnika hadya qilish tantanali tadbiri do‘stona muhitda o‘tdi. 

Поделиться