O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Farg‘onada mahalliy byudjetning 2018-yilgi parametrlari qanday?
2018-01-11 | Iqtisodiyot
Xalq deputatlari viloyat kengashi tomonidan Farg‘ona viloyati mahalliy byudjetining daromadlari va xarajatlari tasdiqlandi. Xo‘sh, joriy yilda viloyatning asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatgichlari qanday bo‘ladi?
Yil yakunlari bo‘yicha yalpi hududiy mahsulot hajmi 16,7 trillion, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 8,8 trillion, qishloq xo‘jaligi 4,3 trillion, chakana savdo aylanmasi 8,9 trillion so‘mga hamda xizmatlar ko‘rsatish hajmi 6,5 trillion so‘mga yetkazilishi rejalashtirilmoqda.
Mahalliy tovarlarni eksport qiluvchilar uchun tashqi savdo sharoitlarini yaxshilash hisobiga hududiy eksport hajmi yil yakuniga qadar 206 million dollardan ortiq bo‘lishi ko‘zda tutilmoqda.
E’tiborli jihati, mahalliy byudjetlarning moliyaviy mustaqilligini ta’minlash maqsadida 2017 yildan boshlab mahalliy byudjetlar daromadlari prognozining oshirib bajarilgan qismi to‘laligicha mahalliy byudjetlar ixtiyorida qoldirilmoqda. Xususan, o‘tgan yil 9 oyi davomida belgilangan reja ko‘rsatkichlarining oshirib bajarilgan 36,5 milliard so‘mi, birgina 3-chorakning o‘zida esa 15,4 milliard so‘m mablag‘ mahalliy hokimliklar ixtiyorida qoldirildi.
Joriy yilda ijtimoiy soha uchun 2 trillion 290 milliard so‘m yo‘naltirish belgilandi. Mazkur ko‘rsatkich jami xarajatlarning 87,4 foizini tashkil etmoqda. Ta’lim xarajatlariga 1 trillion 339 milliard so‘m yoki o‘tgan yilga nisbatan 117,1 foizga, sog‘liqni saqlash muassasalari tomonidan dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari xarid qilish uchun 58 milliard so‘m yoki o‘tgan yilga nisbatan qariyb 2 barobar ko‘proq mablag‘ ajratildi.