O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Shavkat Mirziyoyev Qurolli Kuchlar akademiyasida bo‘ldi
2018-01-10 | Siyosat
Davlatimiz rahbari O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining 26 yilligi arafasida yangidan qurib bitkazilgan Qurolli Kuchlar Akademiyasiga tashrif buyurdi.
Ma’lumki, Prezidentimiz 2017-yilning yanvar oyida Toshkent oliy umumqo‘shin qo‘mondonlik bilim yurtida bo‘lib, mazkur bilim yurti zamirida mutlaqo yangi Qurolli Kuchlar Akademiyasini tashkil etish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar bergan edi. Davlatimiz rahbarining 2017-yil 25-apreldagi qarori bilan Qurolli Kuchlar Akademiyasi qayta tashkil qilindi.
Butunlay zamonaviy qiyofa kasb etgan Akademiyada ta’lim jarayoniga eng yangi usul va texnologiyalar joriy etilgan. O‘quv auditoriyalari zamonaviy trenajyorlar, o‘quv va laboratoriya asbob-uskunalari va kompyuter texnikasi bilan jihozlangan.
Prezidentimiz Akademiyada yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. O‘quv xonalari, oshxona, kursantlar yotoqxonalarida bo‘lib, ularning ta’lim olishi, harbiy amaliyotlarni bajarishini ko‘zdan kechirdi.
Davlatimiz rahbari kursantlar bilan suhbatlashdi. Ularni O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 26 yilligi bilan tabrikladi. Ajdodlarimizga munosib avlod bo‘lib, harbiy, dunyoviy bilimlarni puxta egallashi lozimligini ta’kidladi.