O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Videomonitoring kirish imtihonlari shaffofligini ta’minlaydi
2018-01-10 | Fan
2017-2018 o‘quv yili uchun Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktabning 10 sinfiga qabul uchun bo‘lib o‘tgan kirish imtihonlarida 100 dan ortiq yigit-qiz ishtirok etdi. Unda zamonaviy xalqaro standartlarga muvofiq, kirish imtihonlari oshkoraligini ta’minlash imkonini beruvchi videomonitoring tizimi qo‘llanildi.
Ta’lim sohasi, abituriyentlar hamda o‘quvchilarning bilimi va intellektual darajasini baholash jarayoniga zamonaviy texnologiyalar keng joriy etilmoqda.
Prezidentimizning 2017-yil 14-sentyabrdagi "Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktabni tashkil etish to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq tashkil etilgan maktabda axborot-texnologiyalari yo‘nalishidagi mutaxassislarning yosh avlodi tarbiyalanmoqda. O‘quvchilar matematika, fizika, informatika va chet tillarni chuqur o‘rganmoqda, dasturlash ko‘nikmalarini o‘zlashtirmoqda, ma’lumotlar bazasini yaratish va axborot xavfsizligini ta’minlashga oid bilimlarni egallamoqda. Maktabning o‘quv xonalari va auditoriyalari mashg‘ulot vaqtida ilg‘or axborot va pedagogik texnologiyalarni qo‘llashga imkon beruvchi eng zamonaviy texnika va uskunalar bilan jihozlangan. Bu esa ta’lim jarayonining sifatini oshirishga xizmat qiladi.
O‘quvchilar qabulini tugatish va ixtisoslashtirilgan maktabga eng iste’dodli yigit-qizlarni saralab olish maqsadida 10-sinfga qo‘shimcha qabul tanlov asosida o‘tkazildi. Toshkentdagi Inha universitetida ikki soatdan ortiq davom etgan kirish sinovlari doirasida barcha da’vogarlar fizika, matematika va ingliz tiliga oid maktab dasturlari bo‘yicha yozma imtihondan o‘tdi. Bu vaqtda esa kutish xonasida ularni bevosita videotranslyatsiya orqali ularning ota-onalari, jamoatchilik vakillari kuzatib turdi. Bundan tashqari, kirish imtihonlarini real vaqt rejimida istalgan inson Toshkentdagi Inha universitetining "Facebook" ijtimoiy tarmog‘idagi rasmiy sahifasida ham kuzatib borish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Shuningdek, imtihon bo‘layotgan zalga erkin kuzatuvchilar sifatida ota-onalar guruhi ham taklif etildi. Imtihon natijalariga ko‘ra, boshqalarga nisbatan barcha vazifalarni a’lo bajargan va eng ko‘p ball to‘plagan 14 o‘quvchi o‘qishga qabul qilindi.
Bunda ular nafaqat o‘qishga qabul qilinadi, balki 2018-yil – Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili munosabati bilan e’lon qilingan aksiya doirasida imtiyoz va preferensiyalarga ham ega bo‘ladi. Xususan, ularga o‘qish davomida foydalanishlari uchun oylik yo‘l chiptasi va shaxsiy kompyuterlar taqdim etiladi. Shuningdek, o‘quvchilar Toshkentdagi Inha universiteti o‘qituvchilari tomonidan olib boriladigan fizika, matematika va ingliz tili bo‘yicha qo‘shimcha darslarda ham ishtirok etishlari mumkin.
Roman Bondarchuk, O‘zA