O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Poytaxtimizdagi 750 mingdan ziyod oilaning ahvoli nima maqsadda o‘rganildi?
2018-01-08 | Jamiyat
Poytaxtimizda Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Toshkent shahar kengashining 2017 yil faoliyati yakunlariga bag‘ishlangan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda o‘tgan davrda besh yuzdan ortiq mahalla fuqarolar yig‘inida jamoatchilik asosida faoliyat yuritadigan fuqarolar yig‘ini raisining o‘rinbosarlari – yoshlar masalalari hamda keksalar va faxriylar ishlari bo‘yicha maslahatchilar lavozimga tayinlangani qayd etildi. Mahalla va oilalarda ijtimoiy-ma’naviy muhitni o‘rganish va aniqlangan muammolarni hal etish maqsadida 754 ming 292 oila o‘rganildi. O‘rganish davomida 16 ming 470 fuqaroga tibbiy yordam ko‘rsatilib, 2 ming 249 nafar fuqaro ish bilan ta’minlandi, 936 oilada turli tushunmovchiliklarning oldi olindi. 526 oilaga moddiy yordam ko‘rsatildi, 634 nafar yoshlar o‘qishga jalb etildi, erta nikoh holatlariga barham berildi.
Fuqarolar yig‘inlarining Yarashtirish komissiyasi sa’y-harakati bilan 35 mingdan ziyod oilalardagi ajralishning oldi olindi. Kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan oilalarni qo‘llab-quvvatlash, sog‘lig‘ini tiklash va yakka-yolg‘iz qariyalar, nogironlar hamda tabiiy ofatdan jabr ko‘rgan 550 nafar fuqaro uchun jami 220 million so‘mlik moddiy yordam ko‘rsatildi.
88 fuqarolar yig‘inlari zamonaviy mebel jihozlari va kompyuter jamlanmasi bilan ta’minlandi. 12 mahalla fuqarolar yig‘ini binolari ta’mirlandi va rekonstruksiya qilindi, Bektemir tumanidagi “Mirishkor”, Mirobod tumanidagi “Temiryo‘lchi” mahalla fuqarolar yig‘ini uchun yangi binolar qurildi. Shuningdek, homiylar tomonidan 31 namunaviy loyiha asosida zamonaviy va xavfsiz bolalar maydonchalari hamda 54 “Go‘zallik saloni” qurilib, foydalanishga topshirildi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA