O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Xalq deputatlari Farg’ona viloyati kengashining yigirma yettinchi sessiyasi

2018-01-08 | Siyosat

Viloyat hokimligining katta majlislar zalida xalq deputatlari viloyat Kengashining yigirma yettinchi  sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat boshqarmalari, siyosiy partiyalar, tijorat banklari rahbarlari, shahar, tuman davlat soliq inspeksiyasi, moliya, g‘aznachilik bo‘limi boshliqlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Sessiyani viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyev ochdi va olib bordi.

Kun tartibida asosan ikki masala - viloyat mahalliy byudjetining 2018 yilgi parametrlarini tasdiqlash hamda Prezidentimiz Sh.Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga Murojaatnomasida qayd etilgan topshiriqlarni amalga oshirish, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha 2018 yilgi eng ustuvor vazifalar muhokama etildi.

Dastlabki masala bo‘yicha viloyat moliya boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Solijon Jo‘rayevning 2018 yilga mo‘ljallangan makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar, soliq va byudjet siyosatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari va Davlat byudjeti loyihasi haqida axboroti eshitildi.

Ta’kidlanganidek, qulay makroiqtisodiy muhitni shakllantirilishi natijasida 2017 yil mahalliy byudjetning daromadlar qismi barcha soliq turlari va bojxona to‘lovlari bo‘yicha bajarilishi 2016 yilga nisbatan 317,7 mlrd. so‘mga yoki 17,6 foizga o‘sdi. Mahalliy byudjetlarning moliyaviy mustaqilligini oshirishni ta’minlash maqsadida 2017 yildan boshlab mahalliy byudjetlar daromadlari prognozini oshirib bajarilgan qismi to‘lig‘icha mahalliy byudjetlar ixtiyorida qoldirilmoqda.

Xususan, 2017 yil 9 oyi davomida daromadlarning 36,5 mlrd.so‘mi, shundan birgina 3-chorakning o‘zida esa 15,4 mlrd.so‘m mablag‘ mahalliy hokimliklar ixtiyorida to‘liq qoldirildi. Mazkur mablag‘lar, hududlarda qo‘shimcha dasturlarni amalga oshirish va hokimliklar tomonidan mustaqil foydalanish imkonini yaratdi.

Masalan, Marg‘ilon shahrida tashkil etilayotgan Erkin Vohidov nomidagi istirohat bog‘i qurilishi bilan bog‘liq xarajatlarga 
15,7 mlrd.so‘m, mahalliy hokimliklar rahbarlari uchun xizmat uylari qurilishi va xizmat transportlari bilan ta’minlashga 10,7 mlrd.so‘m, ichki ishlar profilaktika inspektorlarini uy-joy bilan ta’minlashga 
6,5 mlrd.so‘m yo‘naltirildi.

2018 yilgi Davlat byudjeti loyihasini tuzishda 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilab berilgan ustuvor vazifalardan kelib chiqqan holda soliq-byudjet siyosatining quyidagi asosiy yo‘nalishlariga alohida e’tibor qaratildi.

Jumladan, yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i hamda obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish soliqlarini yagona foyda solig‘iga birlashtirish va umumiy stavkani amaldagi 15,5 foizdan 14 foizgacha kamaytirish taklif etildi. Respublika yo‘l jamg‘armasi, ta’lim va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini rivojlantirish jamg‘armasiga majburiy ajratmalarning umumiy stavkasini 3,5 foizdan 3,2 foizga kamaytirish, o‘simlik yog‘i bo‘yicha aksiz solig‘i stavkasini (bir tonnasi uchun 919 ming so‘m edi) 50 foizga qisqartirish hisobiga fermer xo‘jaliklari daromadini ko‘paytirish va shu maqsadda, paxta tolasi hamda chigit narxini oshirish, jismoniy shaxslar daromadidan olinadigan soliq yukini pasaytirib, fuqarolarning shaxsiy jamg‘arib boriladigan hisob raqamlariga ajratma miqdorini amaldagi 1 foizdan 2 foizgacha oshirish, yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun qat’iy belgilangan soliq stavkalarini o‘rtacha 30 foizga pasaytirish ko‘zda tutilmoqda.

Tumanlarga shunday soliq turlari qoldirilmoqdaki, ushbu soliqlar bazasini kengaytirish va ularni yig‘ish, mahalliy hokimiyat va soliq organlarining bevosita faoliyat samaradorligiga bog‘liqdir. Bu soliqlar jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘i, jismoniy shaxslardan er solig‘i, tadbirkorlik faoliyatining ayrim turlari uchun qat’iy belgilangan soliqlar, bozorlardan tushadigan daromadlar, ayrim turdagi tovarlar bilan savdo qilish va xizmatlarning alohida turlarini ko‘rsatish uchun olinadigan yig‘imlardan iboratdir.

Mahalliy byudjetlar daromadlar bazasini mustahkamlash uchun yagona soliq to‘lovchi kichik korxonalar er maydonining bir gektardan ortiq qismiga er solig‘i kiritish, jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni, shu mulkning bozor bahosiga yaqin bo‘lgan kadastr qiymatidan olish, bunda soliq solish bazasining o‘sishi – uylarning kadastr narxini belgilash hisobiga soliq stavkasini 1,7% dan 0,2% gacha kamaytirish kabi tadbirlar amalga oshiriladi.

Bundan tashqari hududlarning ijtimoiy holatidan kelib chiqib, jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘iga kamaytiruvchi koefitsiyent qo‘llaniladi.

Sessiya ishida byudjetning daromadlar bazasini mustahkamlash, tabiiy va ishlab chiqarish resurslaridan tejamkorlik bilan foydalanishni rag‘batlantirish hamda ayrim turdagi mahsulotlar iste’molini optimallashtirish maqsadida ham qator imkoniyatlar ishga solinishi ta’kidlab o‘tildi.

Kelgusi yilda ta’lim xarajatlariga 1 trln 339 mlrd. so‘m yoki joriy yilga nisbatan 117,3 foizga ko‘p mablag‘ ajratiladi. Xususan, maktabgacha ta’lim sohasiga qariyb 253 mlrd. so‘m yoki o‘tgan yilga nisbatan 117,1 foizga ko‘proq mablag‘ sarflanishi ko‘zda tutilmoqda. 11 yillik majburiy umumiy o‘rta ta’limga o‘tish bilan bog‘liq xarajatlarga 2017 yilda qo‘shimcha ravishda 11,8 mlrd. so‘m yo‘naltirilgan bo‘lsa kelgusi 2018 yilda 32,4 mlrd. so‘m yo‘naltirish rejalashtirilmoqda. Shundan, 11-sinf o‘quvchilari uchun o‘quv ishlab chiqarish majmualaridagi 106 ta ustaxonani zarur asbob-uskunalar bilan jihozlash uchun 3,2 mlrd. so‘m mablag‘ yo‘naltirish rejalashtirilgan.

Sog‘liqni saqlash muassasalari tomonidan dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlarini xarid qilish harajatlari uchun 58 mlrd.so‘m yoki o‘tgan yilga nisbatan qariyb 2 barobar ko‘proq mablag‘ rejalashtirilmoqda. Masalan, onkologiya shifoxonasida davolangan bemorga bir kunda 20 200 so‘m mablag‘ dori-darmon xarajatlari uchun ajratilgan bo‘lsa, 2018 yilda ushbu ko‘rsatkich 30 000 so‘mni tashkil etadi. Tez tibbiy yordam xizmati avtotrasportini zamonaviy texnika va apparatura bilan jihozlash, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi hududiy filialining muvofiqlashtiruvchi-dispetcherlik xizmatlarini yagona axborot bazasi va ma’lumotlar uzatish tarmog‘ini tashkil etishga – jami 1,2 mlrd. so‘m mablag‘ viloyat byudjeti parametrlarida ko‘zda tutilmoqda.

Kam ta’minlangan oilalarga ijtimoiy nafaqalar, moddiy yordam hamda boshqa ijtimoiy to‘lovlarga 135,6 mlrd. so‘m yoki 2017 yilga nisbatan 32 foizga ko‘p mablag‘ ajratish taklif etildi. 2018 yilda Davlat byudjeti xarajatlari hisobidan markazlashgan investitsiya xarajatlariga esa 49,9 mlrd.so‘mdan ortiq mablag‘lar yo‘naltiriladi.

Byudjet masalasi bilan bog‘liq yana boshqa bir qator masalalar sessiyada muhokama etildi va viloyat mahalliy byudjeti loyihasi tasdiqlab olindi.

Sessiyada Prezidentimizning parlamentga yo‘llagan Murojaatnomasi haqida ham so‘z bordi. Viloyat rahbari qayd etib o‘tganidek, Prezidentimiz ma’ruzasida ilgari surilgan masalalar bugun nafaqat fuqarolarimiz tomonidan, shu bilan birga keng jahon jamoatchiligi ishtirokida qizg‘in o‘rganilmoqda. Bu bejiz emas. Sababi, bugun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining dadillik bilan ko‘rsatayotgan katta tashabbuslari sharofati bilan yurtimiz jahonda o‘zining yorqin va yangi qirralarini to‘liq namoyon eta boshladi.

Yig‘ilishda viloyat boshqarma va tashkilotlari hamda shahar, tuman hokimliklari mazkur Murojaatnomada belgilab berilgan vazifalarning ijrosini to‘liq ta’minlashga qaratilgan «Yo‘l xarita»larini ishlab chiqish va ijroga qaratish, uning mazmun-mohiyatini, unda belgilab berilgan vazifalarni keng jamoatchilikka etkazish maqsadida deputatlarning faol ishtirokini oshirish, targ‘ibot ishlarini tashkil etish uqtirildi.

Sessiya ishida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vaziri o‘rinbosari Dilshod Sattorov ishtirok etdi va so‘zga chiqdi.

Ko‘rilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

 

Madaminjon Solijonov

Sherzod Qoraboyev olgan surat.

Поделиться