O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Press-reliz
2018-01-08 | Iqtisodiyot
O‘zbekiston Respublikasi soliq va byudjet siyosatining 2018 yilgi asosiy yo‘nalishlaridan kelib chiqib soliq qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar mazmun-mohiyatini aholi va tadbirkorlik subyektlariga yetkazish maqsadida, Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan 6 kunlik ko‘rgazmali seminar va matbuot anjumani tashkil etildi.
Ma’lumki, Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasi barcha sohalarda tub o‘zgarishlarni amalga oshirish orqali xalqimizga zamon talabiga javob beradigan turmush sharoiti yaratishni ta’minlashga qaratildi.
Xususan, “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” deb e’lon qilingan 2018 yilda ham soliq siyosatini amalga oshirishda keskin chora-tadbirlardan voz kechilishi, barcha biznes toifalari uchun soliqqa tortishni soddalashtirish va soliq yukini kamaytirish, shu asosda ishlab chiqarishni va soliqqa tortiladigan bazani kengaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Prezidentimiz tomonlaridan belgilangan soliq yukini kamaytirish, soliq ma’murchiligining samaradorligini oshirish borasidagi talablar 2018 yilning soliq-byudjet siyosatida ham o‘z ifodasini topgan.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2017 yil 29 dekabrda “O‘zbekiston Respublikasining 2018 yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi va Davlat byudjeti parametrlari to‘g‘risida”gi PQ-3454-sonli qaror va “Soliq va byudjet siyosatining 2018 yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi 454-sonli Qonun qabul qilindi.
Mazkur Qonun bilan 3 ta qonunlarga, jumladan Soliq kodeksining 47 ta moddasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
2018 yil 1 yanvardan boshlab foyda solig‘i hamda obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish solig‘i birlashtirilib, soliq stavkasi 15,5 foiz o‘rniga 14 foiz qilib belgilandi. (O‘tgan yili foyda solig‘i stavkasi 7,5 foiz, obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish solig‘i stavkasi 8,0 foiz, jami 15,5 foizni tashkil qilgan.)
Byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga, Respublika yo‘l jamg‘armasiga hamda Ta’lim va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish jamg‘armasiga majburiy ajratmalar, yagona to‘lov turiga – davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalarga birlashtirildi va umumiy soliq stavkasi 3,5 foizdan 3,2 foizgacha pasaytirildi.
Yagona soliq to‘lovi bo‘yicha 2017 yildagi soliq stavkalari saqlanib qolindi hamda tayyorlov tashkilotlari faoliyati ulgurji savdoga tenglashtirildi va soliq stavkasi tovar aylanmasidan 4 foiz miqdorida (2017 yilda yalpi daromaddan 33 foiz bo‘lgan) belgilandi.
Jismoniy shaxslarning daromad solig‘i bo‘yicha uchinchi va to‘rtinchi shkaladagi stavkalari 0,5 foizga pasaytirilib, 16,5 va 22,5 foiz qilib belgilandi hamda fuqarolarning shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga o‘tkaziladigan majburiy badal summasi 1 foizdan 2 foizga oshirildi.
Jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq mol-mulkning kadastr qiymatidan hisoblanishi joriy etilib, soliqning asosiy stavkasi 1,7 foizdan 0,2 foiz pasaytirildi va soliq hisoblashda kadastr qiymati 42 mln.so‘mdan kam bo‘lmasligi belgilandi.
Mol-mulkning kadastr qiymati mavjud bo‘lmaganda, soliq shartli qiymatda Toshkent, Nukus shaharlarida va viloyat markazlarida 210,0 mln.so‘m, boshqa shaharlarda va qishloq joylarda 90,0 mln.so‘m miqdorida hisoblanishi o‘rnatildi.
Yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun qat’iy belgilangan soliq stavkalari o‘rtacha 30 foizga pasaytirildi va tadbirkorlik subyektlarini faoliyat ko‘rsatayotgan joyiga qarab tabaqalashtirish kengaytirildi.
Prezidentimizning 2017 yil 18 iyuldagi “Soliq ma’muriyatchiligini tubdan takomillashtirish, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning yig‘iluvchanligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5116-sonli Farmonlari bilan belgilangan me’yorlarning huquqiy asoslarini mustahkamlash maqsadida, O‘zbekiston Respublikasining 2017 yil 30 dekabrdagi 455-sonli Qonuni qabul qilindi.
Ushbu qonun bilan 5 ta Qonunlarga, jumladan Soliq kodeksining 16 ta moddasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar hamda 7 ta yangi modda kiritildi.
Xususan, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Soliq kodeksi halol soliq to‘lovchilarga soliq solishga doir joriy masalalarni hal qilishda har tomonlama ko‘mak berish orqali ular va soliq organlari o‘rtasida kengaytirilgan axborot almashinuvini nazarda tutadigan soliq monitoringi joriy etilishini belgilab beruvchi yangi Soliq monitoringi bobi bilan to‘ldirildi.
Bu o‘z navbatida, soliq to‘lovchilar tomonidan soliq majburiyatlarini bajarishda yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan xato va kamchiliklarning oldini olish, soliq ma’muriyatchiligi bilan bog‘liq munozarali masalalarni tezda hal qilish, penya va jarimalar yozilishi tufayli moliyaviy ahvolning yomonlashuviga olib keladigan vaziyatlarni bartaraf etish imkoniyatini beradi.
Shu bilan birga, Soliq kodeksining 54, 55 va 354-moddalariga vaqtinchalik moliyaviy qiyinchiliklarga uchragan halol soliq to‘lovchilarga – xo‘jalik yurituvchi subyektlarga soliq ta’tillarini berish tartibini belgilovchi o‘zgartirishlar kiritildi.
Bunday soliq to‘lovchilar oxirgi ikki yil ichida soliq majburiyatlarini o‘z vaqtida va to‘liq bajarib ayni vaqtda vaqtinchalik moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan soliq to‘lovchilar hisoblanib, soliq ta’tillari tegishli qaror qabul qilingan kundan e’tiboran yigirma to‘rt oygacha bo‘lgan muddatga soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashni kechiktirish va (yoki) bo‘lib-bo‘lib to‘lash, soliq majburiyatlarini bajarish muddatlarini o‘zgartirish ko‘rinishida taqdim etiladi.
Yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yo‘qotgan va muqaddam tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi natijasida yuzaga kelgan soliq qarzdorligiga ega bo‘lgan fuqarolarga – jismoniy shaxslarga bankrotlik qo‘llanilishi belgilanib, bu borada Fuqarolik kodeksining 26-moddasiga, Soliq kodeksining 62-moddasiga hamda “Bankrotlik to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 27 ta moddasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi, Moliya vazirligi, hamda boshqa mutasaddi vazirlik, idoralar mas’ul xodimlari ishtirok etgan ko‘rgazmali seminarda Toshkent shahri va Toshkent viloyatida faoliyat yurituvchi tadbirkorlik subyektlari vakillarining barcha savollariga mutasaddi xodimlar tomonidan batafsil javoblar berildi.
Tadbirda shuningdek, namuna ko‘rsatib, faoliyati davomida soliqlarni vaqtida to‘lab kelayotgan, qonunga itoatkor bir guruh jismoniy va yuridik shaxslar, shuningdek, soliq qonunchiligidagi yangiliklarni tadbirkorlik subyektlari va aholi o‘rtasida keng targ‘ib qilishdagi faolligi uchun ommaviy axborot vositalari vakillariga Davlat soliq qo‘mitasining Faxriy yorliqlari va esdalik sovg‘alari topshirildi.
2018 yil 8 -13 yanvar
Toshkent shahri,
“O‘zekspomarkaz” binosi