O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘rganamiz, targ‘ib etamiz
2018-01-06 | Jamiyat
Samarqand shahridagi Konsert zalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Oliy Majlisiga Murojaatnomasi mazmun-mohiyatini keng jamoatchilik orasida targ‘ib etishga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda viloyat hokimining o‘rinbosari A.Umarov, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti professor-o‘qituvchilari B.Allayev, A.Muxtorov va boshqalar O‘zbekistonni 2017-2021 yillarda rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi asosida Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida amalga oshirilgan ishlar, muammolar yechimi bo‘yicha erishilgan natijalarga to‘xtaldilar.
- Murojaatnomada davlatimiz rahbarining ilmli va ma’naviy salohiyati yuksak, ma’rifatli shaxslar safini kengaytirish borasidagi takliflari ziyoliman degan barcha yurtdoshlarimizni to‘lqinlantirdi, - deydi Toshkent iqtisodiyot universiteti professori B.Allayev. – Birgina, joriy yilning Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili, deb e’lon qilinishi pedagoglar zimmasiga innovatsion faoliyatni rivojlantirish, bunda iqtidorli yoshlar ishtirokini, ijodiy g‘oya va ishlanmalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash vazifasini yukladi.
Bundan tashqari, Prezident Murojaatnomasida davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirish, qonun ustuvorligini ta’minlash, sud-huquq tizimini isloh qilish, iqtisodiyotni, ijtimoiy sohani rivojlantirish hamda xavfsizlik, millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglikni yuksaltirish kabi yo‘nalishlar bo‘yicha muhim vazifalar belgilab berildi.
- Mamlakatimiz tarixida ilk bor kuzatilgan bu Murojaatnoma ijtimoiy-iqtisodiy hayotda shu davrgacha mavjud bo‘lgan muammolarga yechim topish imkoniyatini yaratdi, - deydi Nurobod tumanidagi 6-umumta’lim maktabi direktori F.Xudoyqulov. – Shu paytgacha tumanimizdan Samarqand shahrigacha bo‘lgan salkam yuz kilometr masofani bosib o‘tishda ikkita yo‘l harakati xavfsizligi nazorat postlaridan o‘tishga to‘g‘ri kelardi. Bugun esa bu postlar olib tashlandi. Bugungi yig‘ilishda xalqimizga erkinlik berayotgan shu kabi o‘nlab misollar tilga olindi.
***
Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasida ilgari surilgan tashabbuslar targ‘ibotiga bag‘ishlangan xuddi shunday tadbirlar viloyatning barcha shahar va tumanlarida, ko‘plab mehnat jamoalarida, soha xodimlari o‘rtasida o‘tkazildi
***
Kattaqo‘rg‘on shahridagi 2-son bolalar musiqa va san’at maktabi hamda 2-umumta’lim maktabidagi uchrashuvlarga o‘qituvchi-murabbiylar, mahalla faollari taklif etildi.
Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, Samarqand qishloq xo‘jalik instituti olimlari N.Rahimov, M.Qulmatov, I.Salomov, F.Jonibekov, I.Allayev, A.Xudoyberdiyev Murojaatnomada belgilangan har bir maqsad va vazifalarga e’tibor qaratdilar.
- Shavkat Mirziyoyevning parlamentga Murojaatnomasini televideniye orqali diqqat bilan eshitdim, - deydi Navbahor mahallasi faoli O‘roltosh Kattaqo‘lova. – U kishining tashabbusi bilan shahar va qishloqlarimizda imtiyozli ipoteka kreditlari asosida arzon uy-joylar barpo etilayotgani, nogironlar, kam ta’minlangan hamda ehtiyojmand oilalarga har jihatdan ko‘mak berilayotgani, hududlar aholisi uchun qulay bo‘lgan, sifatli va zamonaviy tibbiy yordam ko‘rsatish ishlariga qo‘l urilayotgani insonparvarlikning yaqqol namunasidir.
Bugun yana bir yangilik eshitdim, ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan pensionerlarning pensiyasi to‘liq beriladigan bo‘libdi.
Prezidentimiz qo‘shni respublikalar bilan olib borayotgan do‘stona siyosati, amalga oshirayotgan savobli ishlari uchun o‘z mamlakati va mintaqasidagi vaziyatlar o‘zgarishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatishga qodir bo‘lgan jahonning o‘n nafar yetakchilari ro‘yxatiga kiritilibdi.
Bunday xushxabarlar albatta, xalqimizni yangi tashabbuslar, zafarlar sari ilhomlantirish barobarida, yoshlarni shu el va shu Vatandan g‘ururlanib yashash, mehnat qilishga da’vat etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasini targ‘ib qilish bo‘yicha viloyat Matbuot markazi.