O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Fakt: kitobxonga taom ko‘proq yuqadi
2018-01-05 | Jamiyat
Doim kitobga oshno inson hatto keksayganda ham mantiqiy fikrlash qobiliyatini yo‘qotmaydi. Yozma va og‘zaki nutqning ravon va chiroyli bo‘lishi ham muntazam kitob o‘qishga bog‘liq. Biz shu kabi ma’lumotlarni juda ko‘p o‘qiganmiz. Ammo, kitob mutolaasi borasida yanada qiziqarli faktlar ham bor ekan.
Kitob sahifalardan, sahifa esa qatorlardan iborat. Mutolaani ham aynan qatorlardan boshlaymiz. Avval birinchisi, keyin ikkinchisi, uchinchisi.... Ammo amerikali ixtirochi Tomas Edison matnning 2-3 qatorini birvarakayiga o‘qiy olgan. Va bir sahifaga yaqin matn so‘zma-so‘z yodida qolgan.
Odatda biron matnni yaxshiroq tushunish uchun uni hijjalab o‘qiymiz. Ammo, bu usul bilan ko‘zni toliqtirib qo‘yish mumkin ekan. Ya’ni ko‘z tez o‘qiganda emas, balki sekin o‘qiganda toliqadi, demoqda bugun dunyo olimlari.
Tanishingiz sizdan kitob so‘radi. Berdingiz. U esa hadeganda qaytarmayapti. Bahonasi ham tayyor: hali o‘qib tugatganini yo‘q. Undan xafa bo‘lishga shoshilmang. Hamma ham tez o‘qiy olmaydi. Ma’lum bo‘lishicha insonlarning faqat 5 foizigina bu qobiliyatiga ega.
Fransuz adibi Balzak nafaqat o‘z asarlari bilan, balki mutolaa tezligi bilan ham tarixda qolgan. U yarim soatda istalgan romanning 200 sahifasini o‘qib tashlagan. Rus yozuvchisi Maksim Gorkiy esa bir daqiqada 4 mingta so‘z o‘qiy olgan.
Harfni ko‘zimiz tanimaydi. Hamma gap miyada. Mutolaa jarayonida ko‘z harflar shaklinigina miyaga jo‘natadi, miya esa bu shakllarni aniqlashtirib, so‘ng birlashtiradi. Natijada bizga tanish so‘z hosil bo‘ladi.
Ashaddiy kitobxondan mohir izquvar chiqishi mumkin, desa ishonavering. Gap shundaki bundaylarda tevarak-atrofni kuzatish qobiliyati boshqalarga karaganda kuchliroq bo‘ladi. Misol uchun, ular bir vaqtning o‘zida turli telekanallardagi ko‘rsatuvlarni tomosha qilib, sizga ularning mazmuni haqida so‘zlab berishi mumkin.
O‘rta darajali kitobxon matnni so‘zlar bilan o‘qisa, ashaddiysi sahifani jumlalar bilan mutolaa qiladi.
Kitob o‘qish faqat ma’naviy ehtiyoj bilan bog‘liq deguvchilar xato qiladi. Dunyo olimlarning yangi tadqiqotlariga ko‘ra uning moddiy ehtiyojga ham bog‘liq jihatlari bor. Ya’ni, kitobxon insonga taom ko‘proq yuqar ekan.
Malohat Husanova, O‘zA