O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekistonda suyultirilgan gazning bahosi 2018 yilda qanday bo‘ladi?
2018-01-04 | Iqtisodiyot
2018 yil 1 apreldan respublika hududlari kesimida aholiga suyultirilgan gazni sotish narxlari qo‘shilgan qiymat solig‘i hisobga olingan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida 720 so‘m, Andijon, Namangan, Farg‘ona va Toshkent viloyatlarida 700 so‘m, Buxoro, Jizzax, Samarqand, Navoiy, Sirdaryo, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida 500 so‘m etib belgilandi.
2018 yil 1 avgustdan qo‘shilgan qiymat solig‘i hisobga olingan holda respublika hududlari kesimida aholiga suyultirilgan gazni sotishning yagona chakana narxi 800 so‘m etib belgilandi.
Aholiga kundalik hayotda iste’mol qilish uchun 1 kilogramm suyultirilgan gazning chakana narxi O‘zbekiston Respublikasi aholisiga sotiladigan tabiiy gaz narxining o‘zgarishiga mutanosib ravishda o‘zgaradi.
Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 29 dekabrdagi “Aholiga kundalik hayotda iste’mol qilish uchun sotiladigan suyultirilgan gazning respublika bo‘yicha yagona chakana narxini bosqichma-bosqich joriy etish to‘g‘risida”gi qarorida keltirilgan.
Qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 4 sentyabrdagi “Valyuta bozorini liberallashtirish sharoitida iqtisodiyotning bazaviy tarmoqlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashda birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash, shuningdek, aholiga suyultirilgan gazni sotish va yetkazib berishda o‘g‘irlik va suiiste’mollikning oldini olish maqsadida ishlab chiqilgan.
Eslatib o‘tamiz, ayni paytda 1 kilogramm suyultirilgan gazning narxi Qoraqalpog‘iston Respublikasida 720 so‘m, Xorazm viloyatida 594 so‘m, Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida 644,70 so‘m, Buxoro va Navoiy viloyatlarida 450 so‘m, Jizzax, Samarqand va Sirdaryo viloyatlarida 372 so‘m so‘m, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida 327,60 so‘m, Toshkent viloyatida 606 so‘m etib belgilangan.