O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimi: 2017 yil sarhisobi, 2018 yil rejasi

2018-01-04 | Jamiyat

Ish kuni poyoniga yetganda xayolingizdan bugun uchun nimalarni reja qilgandim-u, nimalarga ulgurdim, ertaga bajarishim kerak bo‘lgan qanday ishlar bor, kabi savollar o‘tadi. Ularga javob izlab, buguningizdan goh ko‘ngil to‘ladi, gohida yo‘q. Ba’zida esa shunchaki bir kun o‘tgani — unda na olg‘a siljish, na orqaga ketish bo‘lganini sezasiz. Bu kun sarhisobi. Ammo bugun bizning oldimizda bir kun emas, bir yil sarhisobi turibdi. Bir yilki, unda o‘zgarishlar, yangilanishlar, rivojlanish va olg‘a intilishlar jadal bordi, imkoniyatlar eshigi ochilib, xalq roziligi va manfaati yo‘lida qilingan har bir harakat qo‘llab-quvvatlandi. Bunday yilda shunchaki ishlab va uni shunchaki sarhisob ham qilib bo‘lmaydi...

2017 yil... O‘zbekistonimizning rivojlanish tarixi uchun muhim burilish yasalgan yil bo‘ldi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev taklifiga ko‘ra, u “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb e’lon qilinishiyoq uning boshqa yillardan farq qilishiga ishora edi. Buni davlatimiz rahbari o‘z Yangi yil tabrigida ham qayd etib o‘tdi:

“Biz kirib kelayotgan 2017 yilga “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb nom berdik. Buning negizida “Inson manfaatlari hamma narsadan ulug‘” degan olijanob maqsad va vazifalar yotibdi.

Yangi yilda bu boradagi dasturiy vazifalarni amalga oshirishda barchamizning, avvalo, rahbar va yetakchilarning bir jonu bir tan bo‘lib, astoydil mehnat qilishlariga ishonaman...”

Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilining mantiqiy davomi sifatida Prezidentimiz tashabbusi bilan 2018 yilga yurtimizda Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili, deb nom berish taklifi ko‘pchilikning dilidagi gap bo‘ldi. Chunki faol tadbirkor deganda, raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarishga qodir, eng muhimi, yangi ish o‘rinlari yaratib, nafaqat o‘zi va oilasiga, balki butun jamiyatga naf keltiradigan ishbilarmon insonlarni tushunamiz. Bu barcha sohalarga — ishlab chiqarish bo‘ladimi yoki xizmat ko‘rsatish — birdek taalluqlidir.

Biz haqiqatan ham tarixiy bir yilni yashab o‘tdik. U mamlakatimizdagi barcha sohalar uchun tarixiylik kasb etdi. Xususan, sog‘liqni saqlash uchun ham.

Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan birinchi marta mamlakatimiz parlamenti – Oliy Majlisga taqdim etilgan Murojaatnomada ham bu alohida qayd etib o‘tildi. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, hududlar aholisi uchun qulay bo‘lgan, sifatli va zamonaviy tibbiy yordam ko‘rsatish, kasalliklarni barvaqt aniqlash bo‘yicha boshlagan ishlarimizni 2018 yilda izchil davom ettiramiz. Bu borada masofadan turib profilaktika qilishni ta’minlaydigan “Aqlli tibbiyot” va “Yagona tibbiy axborot markazi” konsepsiyalarini o‘z sharoitimizga moslashtirib tatbiq etishimiz kerak. Biz ushbu ishlarni o‘tgan yillar tajribasiga tayanib, undan kerakli xulosalar chiqarib davom ettiramiz.

Birlamchi xizmat

O‘tib borayotgan yil birlamchi tibbiy sanitariya xizmati uchun islohotlarga boy o‘tdi. Prezidentimizning birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatini takomillashtirishga oid qarori ijrosi doirasida qishloq vrachlik punktlari negizida oilaviy poliklinikalar, tez tibbiy yordam shoxobchalari tashkil etilib, ularda tor soha mutaxassislari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatini tashkil etishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017 yilning 29 martidaqabul qilingan qarori ijrosi doirasida qishloq vrachlik punktlari negizida 800 ga yaqin oilaviy poliklinikalar, 1000 dan ziyod tez tibbiy yordam shoxobchalari tashkil etilib, qishloq vrachlik punkti binolari xizmat uyi sifatida foydalanish uchun shifokorlarga berildi. Qishloq oilaviy poliklinikalarida5 turdagi va Toshkent shahar oilaviy poliklinikalarida 10 turdagi tor soha mutaxassislari faoliyati ta’minlandi. Birlamchi tizimda kadrlar ta’minotini yaxshilash maqsadida joriy yilda uch mingdan ziyod bakalavriat bitiruvchisining qariyb 80 foizi birlamchi tizimga jalb qilinib, ular uchun barcha sharoit yaratib berilayapti.

Birlamchi tizimda kadrlar ta’minotini yaxshilash maqsadida joriy yilda uch mingdan ziyod bakalavriat bitiruvchisining qariyb 80 foizi birlamchi tizimga jalb qilinib, ular uchun barcha sharoit yaratib berilayapti.

Tuman va shahar tibbiyot birlashmalari boshlig‘ining onalik va bolalikni muhofazalash bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi joriy etilmoqda. Shuningdek, bolalarda genetik sindromlarni erta tashxislash, nasliy kasalliklarga chaqaloqlarni ommaviy skrining tekshiruvlarini o‘tkazish, shahar va tuman tibbiyot birlashmalari tarkibida bolalar anesteziologiyasi va reanimatsiyasi bo‘limlarini tashkil etish ko‘zda tutilmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 25 dekabrda qabul qilingan “2018-2022 yillar davrida bolalarda tug‘ma va irsiy kasalliklarni barvaqt aniqlash davlat dasturi to‘g‘risida” gi qarori ham keyingi besh yilda irsiy kasalliklarni barvaqt aniqlash, diagnostika va davolash tadbirlari samaradorligini oshirish, millat genofondini yaxshilash bo‘yicha dasturilamal hujjat bo‘ldi.

Qaror doirasida, 195 ta markaziy ko‘p tarmoqli tuman va shahar poliklinikalarining prenatal tashxis xonalarini yuqori hal etish qobiliyatiga ega bo‘lgan statsionar UTT-skaner apparatlari bilan jihozlash belgilangan. Ushbu maqsad uchun Davlat byudjeti hisobidan 200 ta UTT-skaner apparatlari xarid qilinadi. Bu esa homilador ayollarni UTT tekshiruvchi bilan 100 foiz qamrab olish (ilgari ushbu ko‘rsatkich 50 foizni tashkil qilardi) va 14 haftagacha bo‘lgan muddatda homila o‘sishida tug‘ma nuqsonlarni barvaqt aniqlash, o‘limga olib boradigan nuqsonlarga ega bolalar tug‘ilishining oldini olishga xizmat qiladi.

Ehtiyoj o‘rganilgan holda qishloq oilaviy poliklinikalarida ginekolog va pediatr vrachlarning shtatlar jadvali qayta ko‘rib chiqilayotir.

2017 yilda poliklinikalar rahbarlari va mutaxassislarining faoliyati bo‘yicha Parlament va jamoatchilik nazorati yo‘lga qo‘yildi. Buni haqiqatan ham, katta yangilik deyish mumkin. Shuningdek, shifokor qabuliga masofadan turib yozilish imkonini beruvchi elektron tizim bosqichma-bosqich joriy qilinmoqda.

Albatta, ushbu yutuqlar barchamizni quvontiradi. Biroq xalqimizning birlamchi tizim bo‘yicha talabini qondirish uchun buning o‘zi yetarli emas va ushbu yo‘nalishda 2018 yil uchun muhim rejalarimiz bor:

Aholini, ayniqsa, qishloq joylarda tizimli patronaj qamrovi sifatini yaxshilash, birlamchi tizimda moddiy-texnika bazani mustahkamlash va statsionar muassasalar bilan uzviy hamkorlikni ta’minlash borasidagi ishlarni yanada takomillashtirishimiz lozim. Aniqlangan kasalliklarni dispanserizatsiyasini tizimli ravishda amalga oshirish, ona va bola skriningi hamda tibbiy genetik xizmatni yaxshilash kabi o‘ta dolzarb va ijtimoiy ahamiyati yuqori bo‘lgan masalalar ustida astoydil ishlashimizni davrni o‘zi taqozo qilmoqda.

Buning uchun 1046 ta qishloq oilaviy poliklinikalari va qishloq vrachlik punktlarining moddiy-texnika bazasini bosqichma-bosqich rivojlantirish bo‘yicha 2018-2021 yillar uchun dastur shakllantirildi. Unga ko‘ra:

  • 2018 yilda 146 ta muassasa uchun 112,7 mlrd.so‘m;
  • 2019 yilda 243 ta muassasa uchun 181,4 mlrd.so‘m;
  • 2020 yilda 315 ta muassasa uchun 242,0 mlrd.so‘m;
  • 2021 yilda 338 ta muassasa uchun 269,0 mlrd.so‘m

jami 805,1 mlrd. so‘m mablag‘ ajratish ko‘zda tutildi.

Yana bir muhim jihat — 2018 yilda QVP va QOPlarni EKG, laborator va sterilizatsion uskunalar, ginekologik, xirurgik va shifokorlik jamlanmalari bilan qo‘shimcha jihozlash belgilangan.

Shoshilinch tibbiy xizmat tizimini takomillashtirish, uning faoliyat samaradorligi va tezkorligini yanada oshirish borasida ham izchil islohotlar o‘tkazildi. Davlatimiz rahbarining shoshilinch tibbiy yordamni yanada takomillashtirishga doir farmoni doirasida:

  • 2017 yilning o‘zida 1 ming 269 dona tez tibbiy yordamga ixtisoslashtirilgan avtotransport vositasi sotib olindi;
  • tez-tibbiy yordam xizmatini dori vositalari bilan ta’minlashni moliyalashtirish hajmi 2 barobarga oshirildi;
  • dori vositalari bilan markazlashgan holda ta’minlash yo‘lga qo‘yildi;
  • 55 ta kasallik turi bo‘yicha yagona standartlar ishlab chiqildi va amaliyotga tatbiq etilmoqda.

Shoshilinch tibbiy yordam xizmatini dori vositalari bilan ta’minlash uchun 2016 yilda 4,8 mlrd.so‘m ajratiladigan bo‘lsa, 2017 yilda 9,6 mlrd.so‘m, 2018 yilda esa 22,5 mlrd.so‘m mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan.

Ammo davlatimiz rahbari qayd etib o‘tganidek, dori-darmonga ajratilayotgan mablag‘lar hajmini oshirish, tibbiy yordam brigadalarini kerakli asbob-uskunalar bilan jihozlash, kadrlar bilan to‘liq ta’minlash ishlari mukammal ado etilmaguncha tizim biz kutgan natijani bermaydi, xalqimiz bizdan rozi bo‘lmaydi. Shu maqsadda butun respublika hududida tez tibbiy yordamni shoshilinch chaqirishga mo‘ljallangan, tunu kun ishlaydigan, yagona qisqa telefon raqamining uzluksiz faoliyatini ta’minlaydigan Call-markazlar tashkil etish belgilangan.

Ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmat

Tibbiyot sohasidagi islohotlarni ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmat rivojisiz tasavvur etish mushkul. 2017 yil ayni soha uchun ham tarixiy bo‘ldi. Avvalo, Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasi aholisiga 2017 — 2021 yillarda ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatishni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, aksiyadorlik jamiyatlari shaklidagi Respublika tibbiyot markazlari davlat muassasalariga aylantirilib, ixtisoslashtirilgan markazlarning asosiy vazifalari qayta belgilandi. Endilikda ushbu markazlar mamlakatimiz va har bir mintaqa bo‘yicha kasalliklar tendensiyasini o‘rganib boruvchi tahliliy va ilmiy-tadqiqot ishlarini ham olib bormoqda. Shuningdek, hududlarda tor ixtisoslikdagi mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojni qoplash maqsadida viloyatlarda ishlash tashabbusi bilan chiqqan yetakchi mutaxassislardan 134 nomzod tanlab olindi.

Ular hozirda viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlari va davolash muassasalarida ilgari viloyat tarixida bo‘lmagan yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlarini bajarib kelmoqda. Hududlarga yuborilgan mutaxassislarga yuklangan mas’uliyat, ish hajmi va ko‘lamini hisobga olgan holda davlatimiz tomonidan bir qator imtiyozlar berilmoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirligida ushbu mutaxassislar faoliyati samaradorligini baholashda quruq hisobotlar emas, balki bevosita mahalliy aholi fikri, xalq bahosi asosiy mezon etib belgilandi.

Shu o‘rinda e’tiboringizni 2017 yilda bajarilgan quyidagi ishlarga tortsam:

  • Respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari mutaxassislari hududlarga 2407 marta chiqdi, vaholanki, 2016 yilda bu raqam 500 dan oshgan edi.
  • 2016 yilda ularning xizmatidan 30 ming kishi foydalangan bo‘lsa, 2017 yilda bu ko‘rsatkich 220 mingdan oshdi.
  • 1700 dan ortiq yuqori texnologiyali operativ muolajalar amalga oshirildi.
  • Chet el klinikalarida faoliyat yuritayotgan vatandoshlarimizdan 60 nafari respublikamizga qaytdi.
  • 290 nafar chet el mutaxassislari respublikamizga taklif qilindi, ular tomonidan 100 dan ortiq mahorat darslari o‘tkazildi, 1600 ga yaqin yuqori texnologiyali operatsiyalar bajarildi.
  • 270 dan ortiq mutaxassislarimiz xorijiy davlatlarda malaka oshirib keldi.

Xususan, Rossiya Federatsiyasining A.N.Bakulev nomidagi yurak-qon tomir jarrohligi ilmiy-amaliy markazi direktori, akademik Leo Bokeriya, Butunjahon neyrojarrohlar jamiyati federatsiyasining o‘qitish va ta’lim qo‘mitasi rahbari, professor Konchezno Di Rokko, Osiyo neyrojarrohlar kongressi prezidenti professor Yoko Kato, Rossiyaning N.Burdenko nomidagi ilmiy tadqiqot instituti direktori Aleksandr Potapov kabi jahonga mashhur olimlar yurtimizda mahorat darslari o‘tishdi.

Ammo biz 2017 yilda ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam bo‘yicha bajarilgan ishlardan mamnun bo‘la olmaymiz. 12 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda davlatimiz rahbari qayd etganidek, ixtisoslashtirilgan markazlarning hududlardagi faoliyati hali talab darajasida emas. Oqibatda joylarda zamonaviy diagnostika, davolash usullari sust tatbiq etilmoqda. Biz 2018 yilda ayni shu yo‘nalishga alohida urg‘u berib ishlashimiz lozim.

Tibbiy ta’lim tizimi

Poyoniga yetayotgan yilda tibbiy ta’lim tizimida ham katta o‘zgarishlar yuz berdi. Tibbiy ta’lim bo‘yicha eng muhim hodisa, o‘qish muddatlarining qisqartirilgani bo‘ldi. Shuningdek, kasbiy fanlar bloki kengaytirilib, ijtimoiy-iqtisodiy fanlar bloki 7 foizgacha qisqartirildi, klinikagacha va klinikaga oid fanlar uchun soatlar hajmi 85 foizgacha ko‘paytirildi. Prezidentimizning qaroriga muvofiq, 2017/2018 o‘quv yilidan boshlab birinchi marta maqsadli qabul yo‘lga qo‘yildi va 2017 yilda tibbbiyot oliy o‘quv yurtlariga maqsadli qabul uchun 1 ming 180 o‘rin ajratildi.

2018 yilda bakalavriat ta’lim yo‘nalishining maqsadli qabul kvotasini 2017 yilga nisbatan 20 foiz oshirish, maqsadli magistraturani10 foiz ko‘paytirish, klinik ordinatura qabul kvotasini 15 foiz oshirish belgilandi.

2017 yil Investitsiya dasturiga ko‘ra 27,6 mlrd so‘m mablag‘ evaziga Toshkent pediatriya tibbiyot institutining simulyatsiya markazi va klinikasida, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti Nukus filialining120 o‘rinli, Andijon davlat tibbiyot institutining120 o‘rinli, Buxoro davlat tibbiyot institutining200 o‘rinli, Toshkent tibbiyot akademiyasi Urganch filialining 100 o‘rinli jami 540 o‘rinli klinikalarda qurilish, rekonstruksiya va kapital ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda.

2018 yil Investitsiya dasturi doirasida Toshkent pediatriya tibbiyot institutining simulyatsiya markazi, mazkur institut Nukus filialining 120 o‘rinli, Andijon davlat tibbiyot institutining 120 o‘rinli, Buxoro davlat tibbiyot institutining 200 o‘rinli klinikalarida qurilish va rekonstruksiya ishlarini davom ettirish uchun 31,8 mlrd. so‘m mablag‘ ajratilishi rejalashtirilgan.

Xususiy sektor

“Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da sog‘liqni saqlash sohasida amalga oshirilgan ishlardan yana biri bu – xususiy tibbiyot sektorini tubdan rivojlantirish bilan bog‘liq bo‘ldi. Shu maqsadda qabul qilingan Prezidentimiz qarori bilan xususiy tibbiyot muassasalari shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan tibbiy ixtisoslik turlari 50 tadan qariyb 130 taga ko‘paytirildi. Natijada, xorijiy klinikalarning O‘zbekistondagi qo‘shma klinikalari tashkil etilmoqda.

Shuningdek:

  • gemodializ, laboratoriya tahlili, sterilizatsiya singari tibbiy xizmat turlarini davlat-xususiy sherikchilik asosida xususiy tibbiyot muassasalariga,
  • tibbiy faoliyat hisoblanmaydigan oshxona, kir yuvish kabi xizmatlarni xususiy sektor ixtiyoriga berish ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari ular:

  • 2022 yilning 1 yanvarigacha barcha soliq va bojxona to‘lovlaridan ozod etildi.
  • Xorijning nufuzli klinikalaridan kelib faoliyat ko‘rsatuvchi mutaxassislarga qulay shart-sharoit yaratish maqsadida soliqlar bekor qilindi.

Yurtimizda nodavlat tibbiyot tizimiga berilayotgan bunday yuksak e’tibor va imtiyozlar sabab ularning soni bir yil ichida 450 taga ko‘payib, qariyb 4 mingtaga yetdi.

Keyingi yilda ilg‘or xorijiy tajribadan kelib chiqqan holda barcha tibbiyot muassasalarini bosqichma-bosqich akkreditatsiyadan o‘tkazish tizimini joriy etish konsepsiyasini ishlab chiqish belgilandi. Poytaxtimizda faoliyatini boshlagan “Akfa medlayn” xususiy tibbiyot muassasasi negizida mamlakatimizda xususiy tibbiyotni rivojlantirish va ularga malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha o‘quv-davolash markazini tashkil etish, mazkur tibbiyot markazi hamkorligida Koreya Respublikasining oliy ta’lim tibbiyot muassasasi va uning hududiy filiallarini tashkil etish ko‘zda tutilmoqda. Yana bir muhim jihat Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar, Toshkent shahar va tuman hokimliklariga Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda aholining hududlarga xos kasallanish ko‘rsatkichlari va ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda, tor yo‘nalishlarga ixtisoslashgan statsionar sharoitdagi xususiy tibbiyot tashkilotlarini ko‘proq tashkil etish yo‘lga qo‘yilmoqda.

Eng muhimi 2017 yilda:

  • Davlatimiz rahbarining o‘ttizdan ortiq qaror va farmonlari hisobiga sohaning huquqiy asosi mustahkamlandi.
  • Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish, olib borilayotgan islohotlar natijasini va mavjud kamchiliklarni muhokama qilishga bag‘ishlab olti marta yig‘ilish o‘tkazildi.

2017 yilda Davlat byudjetidan sog‘liqni saqlash sohasi rivoji uchun jami 7,1 trln.so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lsa, 2018 yilda ushbu maqsad uchun Davlat byudjetidan 9,6 trln.so‘m ajratilishi belgilandi.

2017 yil Investitsiya dasturi doirasida, Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi 181 ta 7350 o‘rinli va 9430qatnovga ega tibbiyot obyektlarida 552,6 mlrd.so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.Bugungi kunda, mazkur obyektlarda qurilish, rekonstruksiya va kapital ta’mirlash ishlari yakunlanmoqda.

2018 yil Investitsiya dasturi doirasida Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi 290 ta 5863 o‘rinli va 20418 qatnovga ega tibbiyot obyektlarida, qurilish, rekonstruksiya, kapital ta’mirlash va ularni jihozlash uchun 803,6 mlrd. so‘m mablag‘ ajratilishi rejalashtirildi.

2017 yil sarhisobi yakunida tabiiy ravishda bir savol tug‘ildi: davlat rahbari boshlab berayotgan tashabbuslarga soha vakillari, ayniqsa, rahbar kadrlar amaliy harakat bilan munosib javob qaytara oldimi? Bu savolni sohaning har bir bo‘g‘inidagi rahbar o‘ziga berishi va unga ijobiy javob qaytara olishi lozim. Ana shunda tibbiyot tizimida rivoj, olg‘a siljish bo‘ladi.

 

Alisher SHODMONOV

O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri.

Поделиться