O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Dunyoda bolam deb yashaydi o‘zbek
2015-04-17 | Jamiyat
O'zbekistonda 2015-yilda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo'shimcha chora-tadbirlar dasturi qabul qilindi
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida yoshlarning hayotiy muhim masalalarini hal etishga qaratilgan davlat siyosati izchil amalga oshirilayotgani samarasida yoshlarimiz barcha sohalarda ulkan yutuqlarni qo'lga kiritmoqda. "Ta'lim to'g'risida"gi qonun, Kadrlar tayyorlash milliy dasturi navqiron avlodning zamonaviy standartlar asosida ta'lim-tarbiya olishi, o'z iqtidor va salohiyatini yuzaga chiqarishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Konstitutsiyamizda va ko'plab qonunlarda yoshlarimizning huquqlari va manfaatlari o'z ifodasini topgan. Prezidentimizning ushbu mavzudagi farmon va qarorlari yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, ularni har tomonlama barkamol etib voyaga yetkazishga xizmat qilmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2014-yil 6-fevraldagi «O'zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida»gi qarori yoshlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish, faolligini oshirish, ijodiy va intellektual salohiyatini yuzaga chiqarish, mafkuraviy tahdidlarga qarshi immunitetini mustahkamlash, bandligini ta'minlash borasidagi ishlarni yanada kuchaytirdi.
Taraqqiyot hech qachon bir joyda to'xtab turmaydi. Hayotga munosabatu yondashuvlar o'zgaradi, rivojlanishga intilish kuchayadi. Texnika inqilobi ro'y bergan, axborot almashinuvi shiddatli tus olgan bugungi globallashuv zamonida erishilgan yutuq va marralar bilan chegaralanib, xotirjamlik va beparvolik kayfiyatiga berilgan borki, taraqqiyotdan muqarrar ortda qoladi.
Prezidentimiz ta'kidlaganidek, o'zining tarixiy, madaniy va intellektual merosini asrab-avaylashga, boyitish va ko'paytirishga, shuningdek, unib-o'sib kelayotgan yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalashga yetarlicha e'tibor qaratmaydigan, har tomonlama uyg'un rivojlangan, mustaqil fikrlaydigan, o'z qarash va yondashuviga, grajdanlik pozitsiyasiga ega bo'lgan shaxsni kamol toptirishni o'z oldiga maqsad qilib qo'ymaydigan har qanday davlat va jamiyat tarix va taraqqiyot yo'lidan chetda qolib ketishga mahkum.
O'zbekiston Respublikasida 2015-yilda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo'shimcha chora-tadbirlar dasturi xalqimizning ezgu orzu-maqsadlariga hamohang bo'lgan, mamlakatimizda aqlan yetuk, jismonan baquvvat, ma'nan sog'lom avlodni kamolga yetkazish borasidagi islohotlarning uzviy davomini aks ettirgan muhim hujjatdir.
– Dasturda yoshlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish, yuksak ma'naviyatli, mustaqil fikrli, qat'iy hayotiy pozitsiya, keng dunyoqarash va chuqur bilimga ega avlodni tarbiyalash jarayonida ularning turli mafkuraviy tahdidlarga qarshi immunitetini kuchaytirish, yoshlarni ijtimoiy himoya qilish, zamonaviy kasb-hunarlarni puxta egallashlari uchun munosib sharoitlarni yaratish, ish bilan ta'minlash va tadbirkorlikka jalb etish borasida qator muhim chora-tadbirlar belgilangan, – deydi «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati markaziy kengashi raisining birinchi o'rinbosari Feruza Muhammadjonova. – Shu bilan birga, iqtidorli yoshlarni qo'llab-quvvatlash, ijodiy-intellektual salohiyatini ro'yobga chiqarish, o'g'il-qizlarni jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, voyaga yetmaganlar o'rtasida huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olish, ertamiz egalarini yot g'oyalardan himoyalash, sog'lom e'tiqod va milliy qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalashga qaratilgan ishlarni yanada kuchaytirish ko'zda tutilgan.
Dasturga muvofiq «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati, Oliy va o'rta maxsus ta'lim, Xalq ta'limi, Adliya vazirliklari, «Mahalla» xayriya jamoat fondi, Respublika Ma'naviyat targ'ibot markazi va boshqa qator davlat va nodavlat tashkilotlar hamkorligida tadbirlar, konferensiyalar, seminarlar, aksiyalar, festivallar, ko'rik-tanlov va sport musobaqalari tashkil etiladi.
Yoshlarni tadbirkorlikka keng jalb qilish, yosh tadbirkorlarni qo'llab-quvvatlashga qaratilgan "Mening biznes g'oyam", "Yosh tadbirkor – yurtga madadkor" loyihalarida faol ishtirok etgan iqtidorli va ishbilarmon yoshlar imtiyozli kredit olish imkoniyatini qo'lga kiritadi.
"Siz qonunni bilasizmi?", "Huquq bilimdonlari", "Tafakkur sinovlari" ko'rik-tanlovlarida ishtirok etish orqali yoshlar o'z huquqiy madaniyati va bilim darajasini yanada mustahkamlaydi. "Yurt kelajagi", "Kamalak yulduzlari" kabi ko'rik-tanlovlar yosh iqtidorlarni kashf etish bilan birga, ularning qalbida vatanparvarlik tuyg'usini yuksaltirish, ma'naviyatini boyitish, yurtimiz tarixi, madaniyatiga oid bilimini kengaytirishga hissa qo'shadi.
Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan ilgari surilgan Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi mazmun-mohiyatini yoshlarga yetkazishga qaratilgan tadbirlarda yurtimizning barcha hududlaridan yoshlar qamrab olinadi. Yoshlar huquqiy ongi, siyosiy madaniyatini oshirish bilan birga, Konsepsiya doirasida ishlab chiqilgan yangi qonun loyihalari muhokamalarida faol ishtirok etib, o'z takliflarini bildiradi.
Fan, ta'lim, madaniyat, san'at, sport va boshqa sohalarning taniqli vakillarini jalb etgan holda o'tkaziladigan "Biz – buyuk yurt farzandlarimiz!", "Biz Vatan farzandlari – umid nihollarimiz!" festivallari orqali yoshlarning huquqiy, ma'naviy va tibbiy madaniyati oshiriladi, Vatanga muhabbat, mehr, yurtga sadoqat tuyg'ulari kuchaytiriladi.
Yoshlarning zamonaviy texnika va texnologiyalarga bo'lgan qiziqishini qo'llab-quvvatlash, ularda ijodiy tafakkur va yaratuvchanlik qobiliyatini rivojlantirish maqsadida "Innovatsion g'oyalar" respublika tanlovi tashkil etiladi.
"Keksalarni e'zozlash yili" Davlat dasturi doirasida yoshlarni kattalarga hurmat, yoshi ulug' insonlarni e'zozlash va ularga nisbatan mehr-muruvvat ruhida tarbiyalash maqsadida "Farzandlik burchim" loyihasi amalga oshiriladi.
"Shunqorlar", "Yosh chegarachilar" harbiy-sport musobaqalari, "Kamolot" shaxmat taxtasi", "Kamolot-tur" velomarafoni, futbol, badminton va tennis bo'yicha "Kamolot" kubogi", "Yashil maydon malikalari" turnirlari, "Biz – sog'lom turmush tarzi tarafdorimiz!" aksiyasi yoshlarni jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, ular o'rtasida sog'lom turmush tarzini targ'ib etishga xizmat qiladi.
Mamlakatimizdagi tinchlik-xotirjamlikni asrash, millatlararo totuvlik, diniy bag'rikenglik muhitini mustahkamlash – davr taqozosi. Shu bois barcha ta'lim muassasalarida "Ma'rifiy islom aqidaparastlikni qoralaydi", "Diniy ekstremizm va terrorizm – yoshlar kelajagiga tahdid", "Qudratimiz birlik va hamjihatlikda" mavzularida mutaxassislar ishtirokida o'tkaziladigan uchrashuvlar, ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar yoshlarni mustahkam e'tiqodli bo'lib kamol topishga, yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalikning qadriga yetishga undaydi.
Mamlakatimizning barcha hududlarida "Kamolot" uylari qurilishi davom etmoqda. Yosh oilalarga "Kamolot" tavsiyasiga muvofiq tijorat banklari tomonidan boshlang'ich badalsiz, yigirma yil muddatga imtiyozli ipoteka kreditlari ajratish yo'li bilan berilayotgan bu uy-joylar yoshlarning ko'plab iqtisodiy-ijtimoiy muammolarini hal etishga, pirovardida ularning har tomonlama kamolga yetib, jamiyatda o'z o'rnini topishiga hissa qo'shmoqda.
Ha, yosh avlod istiqboli yo'lida amalga oshirilayotgan barcha ishlar davlatimiz rahbarining «Farzandlarimiz bizdan ko'ra kuchli, bilimli, dono va, albatta, baxtli bo'lishlari shart!» degan so'zlari yurtimizda har bir inson uchun muqaddas burchga, hayot mazmuniga aylanib borayotganidan dalolatdir.
O'zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf yozganidek:
Qiyosi yo'q aslo, mehri bir daryo,
O'xshasa o'ziga o'xshaydi o'zbek.
Bolalariga-ku bildirmas, ammo,
Dunyoda bolam deb yashaydi o'zbek.