O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Jizzaxdagi Markaziy Osiyoda yetakchi bo’lgan qandiolatchilik korxonasi
2018-01-04 | Iqtisodiyot
Vohamizda 2017 yilda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, bu harakatning raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishdagi o’rnini yanada kengaytirish va shu asnoda aholi turmush darajasini yaxshilash bo’yicha bir qator chora-tadbirlar amalga oshirildi. Natijada, tadbirkorlar bu boradagi ulkan imkoniyatlardan yanada samarali foydalanish lozimligini chuqur his etishmoqda.
Shu o’rinda bugun «Deya» brendi ostida o’z mahsulotlarini nafaqat ichki bozorga, balki qo’shni Qirg’iziston, Turkmaniston va Afg’onistonga yetkazib berayotgan «Bonu shirinliklari» mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyatini tilga olib o’tish o’rinli. Ayni paytda ushbu korxonaga Italiya, Pol’sha kabi rivojlangan davlatlarning zamonaviy qandolatchilik texnologiyalari o’rnatilgach, mahsulot sifati va salmog’i oshdi. 60 turdagi qandolat mahsulotlari, xilma-xil pishiriqlar tayyorlash yo’lga qo’yildi. Bu esa tayyorlanayotgan mahsulotlar turini ko’paytirish, sifatini yaxshilash imkonini berayotir.
Hozirda korxona yiliga 3 ming tonna qandolat mahsulotlari tayyorlash quvvatiga ega. Yangi yilda 2 million 900 ming yevro hisobidan shokolad, vafli ishlab chiqarish texnologiyalari keltirildi. Fransiya, Germaniya va Avstriyada ishlab chiqarilgan yangi texnologiyalar o’rnatilsa, kelgusida soatiga 400 kilogramm shokolad, 200 kilogramm vafli tayyorlash imkoni paydo bo’ladi.
Jamoa azolarining o’z ustida tinimsiz izlanish olib borayotgani yuqori samaralar bermoqda. Mehnatga, o’z kasbiga bo’lgan mehr va sadoqat 90 nafar intellektual salohiyatga ega bo’lgan yoshlar ishiga baraka kiritayapti. Jamoa a’zolari zamonaviy texnologiyalardan unumli foydalanib, yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarishga tatbiq etilishi natijasida 2014 yilda 4 milliard so’mlik mahsulot tayyorlandi. Natijada, korxonaning iqtisodiy ahvoli birmuncha yaxshilandi. 2015 yilda ko’rsatgich 6,5 milliard so’mga oshirildi. 2016 yil yakuniga borib iste’molchilarga 16 milliard so’mlik qandolat mahsulotlari tortiq etildi. Ikki yil davomida 60 ta yangi ish o’rinlari yaratildi. 2017 yilda ham korxona jamoasi o’tgan yilga nisbatan bir yarim hissa ko’p mahsulot ishlab chiqarishni o’z oldiga maqsad qilib qo’ydi.
– Bunday yutuqlar o’z-o’zidan qo’lga kiritilayotgani yo’q, – deydi Tat’yana Saligulina. – Bu avvalo, jamoamizning jipsligi, har bir xodim zimmasidagi vazifani to’la-to’kis uddalayotganligi, bozor talablarini hisobga olib, tadbirkorlik bilan ish yuritayotganimiz natijasidir.
Yangi yil arafasida korxonada ishlab chiqarilgan mahsulotlar Qirg’iziston davlatining O’sh va Bishkek shaharlariga eksport qilina boshlandi. Ayni paytda Qozog’istondagi hamkorlar bilan imzolangan ikki tomonlama manfaatli shartnomalar ijrosi ustida ish olib borilayapti. Kirib kelgan yangi yilda korxona jamoasi barcha yurtdoshlarimiz xonadonlariga shirinliklar bilan mehmon bo’lishni o’z oldilariga maqsad qilib olgan.