O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Endi Koson va Chiroqchi tumanlaridagi 20 mingdan ortiq xonadonda chiroq o‘chmaydi
2017-12-31 | Jamiyat
Qashqadaryo viloyatining Koson tumani Raim So‘fi nomidagi mahalla fuqarolar yig‘inida umumiy quvvati 32 megavatt bo‘lgan “Turon” podstansiyasi va 28 kilometr uzunlikda 2 zanjirli 110 kVt.li havo liniyasi qurilib, foydalanishga topshirildi.
Koson tumanidagi Raim So‘fi, Yodgor, Alato‘n, Xo‘jaquduq, Alachabop, Bo‘rixona, Yakkasaroy, O‘yrot, Karrakli qishloqlari viloyatning chekka cho‘l hududlarida joylashgan aholi punktlari hisoblanadi. Ushbu qishloqlar aholisi uzoq yillardan buyon elektr toki yetishmasligidan qiynalib kelardi. Raim So‘fi nomidagi mahalla fuqarolar yig‘ini hududida 1975 yilda qurilgan podstansiya jismonan va ma’nan eskirgan va o‘tgan yillar mobaynida qishloqlar kengayib, aholi soni ortgani hisobiga mavjud ehtiyojni umuman qondira olmayotgan edi.
Umumiy qiymati 30 milliard so‘mdan ziyodni tashkil etgan mazkur loyihaning amaliyotga tatbiq etilishi natijasida Koson va Chiroqchi tumanlaridagi 20 mingdan ortiq xonadon, “Sho‘rtanneftgaz” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli neft quduqlari hamda hududdagi 100 dan ortiq boshqa yuridik iste’molchilarni uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash imkoniyati yaratildi.
– Bugun qishlog‘imiz ahlining uzoq yillik orzusi ro‘yobga chiqdi, – deydi Raim So‘fi nomidagi mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Asqar Husanov. – Kuniga atiga 3-4 soat chiroq yonar, ba’zan shu ham bo‘lmasdi. Chiroq va sham izlab kunimiz o‘tardi. Kechki paytlarda qishlog‘imizga kelib qolsangiz, bu yerda hech zog‘ yashamasa kerak, deb o‘ylashingiz tayin edi. Mana endi, butunlay teskarisi. Qishlog‘imizda hayot qaynagan. Kechalari ko‘chalar yorug‘, charog‘on. Tadbirkorlik qilishga ham imkoniyat yaratildi. Prezidentimizga rahmat, murojaatlarimizni e’tiborsiz qoldirmadi. Podstansiya qurilishini tezlashtirib yubordi. Sal kam bir yarim oy ilgari yangi podstansiya qurilishi boshlanibdi, yil oxiriga qadar bitar ekan, deyishganda, ochig‘i, ishonmagan edim. Niyatni ezgu qilsang hech gap emas ekan. Bir pasda qurib bitirishdi. Endi yangi yilni oilamiz bilan xursandchilikda kutib olamiz.
O‘lmas Barotov, O‘zA