O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
G‘arb ahlida ham umid uyg‘otgan murojaat
2017-12-31 | Jamiyat
Prezidentimizning Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi a’zolariga Murojaatnomasi nafaqat xalqimiz, balki dunyo jamoatchiligida ham katta qiziqish uyg‘otdi. Negaki, mazkur murojaatnoma mustaqillikka erishganiga 26 yil bo‘lgan O‘zbekiston davlatining ijtimoiy-siyosiy hayotida ulkan o‘zgarishlar va tub burilish davriga yo‘l ochdi.
– Bir guruh vatandoshlar bilan O‘zbekistonning Vashingtondagi elchixonasida O‘zbekiston Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasini tomosha qildik. To‘g‘risini aytganda, hech birimiz bu murojaatni 4 soat davom etishini kutmagan edik. Murojaat ko‘pchilik e’tirof etganidek, barcha mavzuni jamlagan o‘ziga xos ma’ruza bo‘ldi. Vatandoshlardan birining so‘zi bilan aytganda, “Prezident O‘zbekistondagi hammaning dardini aytishga ulgurdi”.
AQSHda yiliga bir marta davlat rahbari xalq va kongressdagi vakillar oldiga chiqib murojaat qiladi va hisobot beradi. Hisobot va murojaatning orasidagi farq o‘zi qanday, deb so‘rashingiz mumkin. Gap shundaki, Prezident har safar gapirganida u kimgadir yoki qaysidir qatlamga murojaat qiladi. Lekin bu murojaat nimadan iborat bo‘lishi qiziq. Ayrim hollarda u e’lon yoki izoh bo‘lishi, ayrim holatlarda esa sharh ham bo‘lishi mumkin. Lekin murojaat deganda Qo‘shma Shtatlarda asosan hisobot nazarda tutiladi. Chunki, demokratik davlat va jamiyatlarda rahbarlar o‘zini xalq oldida mas’ul, deb hisoblaydi. O‘zini xalq xizmatidagi shaxs, deb biladi.
Prezident Shavkat Miromonovich Mirziyoyev ham o‘z Murojaatnomasida xalq hukumatga emas, hukumat xalqqa xizmat qilishi kerak, hukumat xalqning xizmatidagi organdir, deb qayta-qayta ta’kidladi. Va bu boradagi gaplarni oldin ham O‘zbekiston Prezidentidan bir necha bor eshitganmiz. Ochig‘ini aytganda, mana shu gaplari bilan O‘zbekiston rahbari G‘arbda katta umidlar uyg‘otmoqda. G‘arb nazarida O‘zbekistonda jiddiy islohotlar boshlangan va aytish joizki, mamlakatda ulkan o‘zgarishlar kutilmoqda.
Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekistonga qiziqadigan siyosiy doiralar, ayniqsa, iqtisodiy, biznes doiralar so‘nggi bir yilda olib borilgan o‘zgarishlarni kuzatib kelmoqda. Chunki ular O‘zbekistondagi o‘zgarishlarga qarab qaror qabul qiladi.
Albatta, mazkur murojaat o‘zbek tilida bo‘lgani uchun barcha amerikaliklar to‘g‘ridan-to‘g‘ri eshitmagan bo‘lsa-da, tegishli manbalar, ijtimoiy tarmoqlar orqali eshitib, ayniqsa, tegishli doiralar, deylik Davlat departamenti, Oq uy, Pentagon, umuman, Markaziy Osiyo bilan shug‘ullanadigan dargohlar, albatta, Prezident Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning xalqqa nima degani bilan qiziqadi. Ular “...o‘zgarishlar, avvalo, O‘zbekiston xalqiga kerak, biz kuzatuvchimiz, biz hamkormiz, sherikmiz. Bu mamlakat qanchalik rivojlansa, bizga ham shunchalik yaxshi”, deyishmoqda.
Prezident Shavkat Miromonovich Mirziyoyev o‘z davrining birinchi yil yakunida kutilmagan ravishda Oliy Majlis oldiga chiqib xalqqa murojaat qilgani, o‘z siyosatini tushuntirgani, aytish mumkinki, O‘zbekistonda ham siyosiy bir an’ana boshlanganidan darak bermoqda. O‘sha erkin jamiyatlar rahbarlari har yili qiladigan murojaatini O‘zbekistonda ham muntazam ko‘rish mumkin, degan umid uyg‘onmoqda. Albatta, siyosatni tushuntirish odamlarga yoqadi.
Ma’lumki, erkin demokratik jamiyatlarda o‘z siyosiy pozitsiyalari haqida davlat rahbarlari ommaviy axborot vositalariga tez-tez intervyular berib turadi. Mana endi umid qilamizki, O‘zbekiston rahbari ham nafaqat mahalliy, balki chet el axborot vositalariga, xususan, men ishlaydigan “Amerika ovozi” bilan ham intervyu qiladi, bizning ham savollarimizga javob beradi kelajakda.
Navbahor Imomova,
“Amerika ovozi” teleradiosi jurnalisti,
Vashington.
* * *
– Prezident Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning nutqidan bir kun oldin xabar topdik. Biz buni onlayn muloqot tarzida bo‘ladi, deb kutgan edik. Ammo biz kutgan formatda bo‘lmasa-da, Prezidentning nutqi tanqidiyligi va qamrovi jihatidan bizning kutishlarimizdan oshib tushdi. Va albatta, davomiyligi bilan ham. Mening o‘zim nutqni London vaqti bilan ertalab soat 5.30 dan tomosha qilishni boshladim va nutq boshlanishi bilan BBC ning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida unga havola berdik. O‘n minglab BBC tinglovchilari va mushtariylari O‘zbekiston Prezidentining nutqini jonli efirda tomosha qilishdi. Shavkat Mirziyoyevning tanqidiy chiqishlari yangilik emas. Prezident hokimiyatning barcha organlari va boshqaruvning barcha bo‘g‘inlari faoliyatini o‘z chiqishlarida tanqidiy tahlil qilib kelayapti, ammo 22 dekabr kungi Murojaat avvalgilaridan ham tanqidiyroq edi. Bu safar Prezident o‘zini ham ayamadi. “Bir xillar aytishi mumkin, sen 13 yil bosh vazir bo‘lib o‘tirib, shuni bilmaganmisan, bilganman, lekin juda atrof chatoq bo‘lgan”, dedi Prezident nutq matnidan chetga chiqib. Shavkat Mirziyoyevning tanqidchilari 13 yil davomida hukumatga rahbarlik qilgani va mamlakatdagi ayanchli ahvolga birinchi navbatda uning o‘zi mas’ul ekanini aytib kelishadi va bu o‘rinli tanqid. Prezident oxirgi chiqishida ana shu tanqidlarga javob berdi. Ya’ni yakka shaxs tomonidan boshqarilgan hokimiyat vertikalida nafaqat parlament, jamoatchilik yoki saylovchi, hatto davlatning ikkinchi raqamli odami bo‘lgan bosh vazir ham o‘z so‘ziga ega emas edi. Shavkat Mirziyoyev mamlakat ichkarisi va tashqarisidagi jamoatchilikka “men ana shu boshqaruv uslubini o‘zgartiraman”, degan mujdani beryapti.
Prezidentning o‘zi ham bunga izoh bergandek bo‘ldi. Mamlakatda “tiyib turish va muvozanat” tizimi ishdan chiqqanligini aytdi. Bu Murojaatning eng muhim jihatlaridan biri edi. Hokimiyatning bir idora qo‘lida jamlangani va ortiq bunga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini ta’kidladi. Ta’kidlabgina qolmay, o‘tirganlarga “buni yodda tutinglar”, deya uqtirdi. Prezident birinchi marta Milliy xavfsizlik xizmatini tanqid qildi. Hozirgacha bu idora tanqidlardan chetda qolib kelayotgan edi. Tanqid MXXning tuman, shahar va viloyat boshqarmalariga qaratildi, ammo umumiyat-la, MXX isloh qilinishi kerakligi aytildi. Bu Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan buyon uning ichki siyosatga doir eng muhim bayonoti edi. Bayonotni aniq qadamlar ta’qib etadimi, hozirda shu muhim. So‘z va ish birligi muhim. Bu kabi tanqidlar marhum Prezident boshqaruvining ilk yillarida ham yangragan, ammo amaliyotda mutlaq teskarisi bo‘lgan edi. Yana bir muhim jihat: Prezident amaldorlarni, ayniqsa, sobiq hukumat mulozimlarining ko‘pchiligini korrupsiya va boshqa jinoiy harakatlarda baralla ayblayapti.
22 dekabr kuni meni BBC Jahon xizmatining ingliz tilidagi dasturlaridan biriga Shavkat Mirziyoyevning nutqi haqida gapirib berish uchun taklif qilishdi. Boshlovchining birinchi savoli “Kim bu odam, qanday rahbar?” degan savol bo‘ldi. BBC ning auditoriyasi katta va bu kabi savol tabiiy edi. Men Shavkat Mirziyoyevni o‘zim bilganimcha ta’rifladim va u o‘zining o‘tmishdoshinikidan farqli boshqaruv uslubini namoyish etishga urinayotganiga urg‘u berdim. Bu muhim edi. Chunki o‘tmishda O‘zbekistondagi siyosiy boshqaruv borasida dunyoda juda ham salbiy fikr shakllangan. Bu fikrni o‘zgartirish uchun Shavkat Mirziyoyev hali bir emas, bir nechta “Fulton nutqlari”ni qilishi kerak bo‘ladi va bundan ham muhimi, qat’iy siyosiy irodani namoyish etishi lozim bo‘ladi. Dunyo matbuoti so‘nggi chorak asrda O‘zbekistonda ijobiy o‘zgarishlarni ko‘rmagani bois, Shavkat Mirziyoyev qo‘yayotgan qadamlarni ehtiyotkorlik bilan olqishlayapti. G‘arb jurnalistlari ularni hatto “g‘alati o‘zgarishlar” deb ham ta’riflashmoqda. Mana, jahon nashrlarining sarlavhalaridan bir nechtasi: “O‘zbek bahori keldi, ammo yozgacha hali ko‘p bor” (“Ekonomist”, 14 dekabr, 2017 yil), “Bir paytlar yopiq va repressiv O‘zbekiston dunyoga ochilmoqda” (“New York Times, 25 oktyabr, 2017 yil), ”O‘zbekistonga qaytish: iliqlashuv bo‘ladimi?“ (BBCNews, 22 noyabr,2017 yil), ”Bu O‘zbek bahorimi?” (RFE/RL, 16 iyul, 2017 yil). Jahon matbuoti va jamoatchiligi O‘zbekistondagi o‘zgarishlarni yaqindan kuzatmoqda. Hozirgacha, ko‘proq yaxshi niyat va yaxshi bayonotlarni ko‘rayapmiz. O‘zgarishlar bor, ammo hali ular muqarrar, orqaga qaytmaydigan nuqtaga yetganicha yo‘q.
22 dekabr kungi Murojaati bilan Shavkat Miromonovich Mirziyoyev mamlakat ichkarisi va tashqarisidagi jamoatchilikni o‘zgarishlarning samimiyligiga bir qadar ishontirdi. Ammo ishonqiramayotgan, skeptik jamoatchilik ichkarida ham, tashqarida ham bor. Ular aniq qadamlarni kutayapti. Masalan, mamlakat qamoqxonalaridagi siyosiy mahbuslarni ozod qilish, aybsizlarni reabilitatsiya qilish, qiynoqlarga butkul barham berish, so‘z, matbuot va ifoda erkinligini kafolatlash, xorijiy va mustaqil saytlarga qo‘yilgan to‘siqlarni darhol olib tashlash, siyosiy muxolifatga yo‘l berish, din erkinligini kengaytirish, yaqin o‘tmishda yo‘l qo‘yilgan xatolar haqida baralla gapirish va ularga siyosiy baho berish. Bular ko‘p narsa emas. Inqilob ham emas. Bular normal, taraqqiy qilishni istagan jamiyatning atributlari, xolos. Shavkat Mirziyoyev ham nazarimda muammo bormi, hal qilish kerak, degan pragmatik bir mantiqdan kelib chiqayapti. Ortiqcha pafosga berilayotgani yo‘q. Bularning hammasi umid uyg‘otadigan ishoralardir.
Pahlavon Sodiq,
BBC jurnalisti, bbcuzbek.com muharriri