O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston vakillari Germaniya matbuot xizmatlari ishi bilan tanishdilar
2017-12-29 | Jamiyat
Prokuratura organlarining jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘yicha mas’ul xodimlarining Germaniya Federativ Respublikasi safari amalga oshirildi.
Safardan ko‘zlangan maqsad – Germaniya huquqni muhofaza qiluvchi organlari matbuot xizmatlari faoliyatini o‘rganish, ushbu sohada tajriba almashishdan iborat.
Tanishuv safari Bosh prokuratura va YeXHT O‘zbekistondagi Loyihalar koordinatorining hamkorlikdagi «Prokuratura organlari faoliyati ochiqligini takomillashtirish va jamoatchilikning axborotdan foydalanishini kengaytirish orqali jamiyatda huquqiy madaniyatni oshirish» loyihasi doirasida amalga oshirildi.
Safar davomida ishtirokchilar Berlin va Drezden shaharlari Bosh prokuraturasi, Jinoiy sudi va politsiyasining ommaviy axborot vositalari bilan o‘zaro hamkorlikni ta’minlash borasidagi tajribasi bilan tanishdilar.
Jumladan, germaniyalik hamkasblar prokuratura matbuot xizmatining roli va funksiyalari, prokuratura faoliyatini yoritishning xususiyatlari, jurnalistlar bilan o‘zaro hamkorlikning asosiy shakllari to‘g‘risida ma’lumot berdilar.
Shuningdek, safar ishtirokchilari sudlar faoliyatini faol yoritib boruvchi jurnalistlarning ish jarayoni bilan tanishib, Drezden Bosh prokuraturasi matbuot xizmatining jurnalistlar bilan uchrashuvida ishtirok etdilar.
Delegatsiya a’zolari dastur doirasida Germaniyadagi mashhur nashrlar, shu jumladan, har kuni chop etiladigan «Bild» gazetasi va har haftada chop etiladigan «Der Spiegel» jurnali nashriyotiga tashrif buyurdilar.
O‘z navbatida, nemis tomoniga O‘zbekiston Respublikasini 2017-2021 yillarda rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirish doirasida O‘zbekistonda ro‘y berayotgan chuqur tarkibiy islohotlar to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Bundan tashqari, jurnalistlar O‘zbekistonda huquqbuzarliklar profilaktikasi, jinoyatchilikka qarshi kurash va ijtimoiy-iqtisodiy yangilanishlar sohasida amalga oshirilayotgan yangi bosqichdagi islohotlar doirasidagi amaliy chora-tadbirlar bilan tanishtirildi.
Safar samarali bo‘lib, prokuratura organlari matbuot xizmatlari faoliyatining samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.