O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Hamkorlikning yangi bosqichi butun Markaziy Osiyo uchun ijobiy natija beradi
2017-12-29 | Siyosat
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Markaziy Osiyo davlatlari bilan yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari va o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash mamlakatimiz tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishi etib belgilangani jahon hamjamiyati, ayniqsa qo‘shni mamlakatlarda katta qiziqish bilan kutib olindi va keng ma’qullanmoqda. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi - O‘zA qo‘shni mamlakatlar axborot agentliklari bilan hamkorlik doirasida keng jamoatchilikni mintaqaning taniqli davlat va jamoat arboblari, oddiy fuqarolarining ushbu mavzuga doir fikr-mulohazalari bilan tanshtirish maqsadida materiallar tayyorladi. Quyida "Kazinform" XAA tomonidan O‘zA uchun maxsus tayyorlangan maqola keltirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Navro‘z bayrami nishonlanayotgan kunlarda Ostonaga uyushtirgan ilk davlat tashrifi davomida juda muhim kelishuvlarga erishildi, ko‘plab hujjatlar imzolandi. Ta’kidlash joizki, Shavkat Mirziyoyevning joriy yil iyun oyida Ostonada bo‘lib o‘tgan ShHT sammiti va EKSPO – 2017 xalqaro ixtisoslashgan ko‘rgazmasining ochilishidagi ishtiroki Qozog‘iston uchun juda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Joriy yil sentabr oyida Prezident Nursulton Nazarboyevning O‘zbekistonga davlat tashrifi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarni yangi bosqichga ko‘tardi. Qozog‘iston Prezidentining tashrifi chog‘ida ham muhim kelishuvlar, jumladan, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga doir bitim imzolandi.
Ushbu tashriflar va davlatlarimiz rahbarlarining sa’y-harakatlari samarasida mamlakatlarimiz ishbilarmon vakillari o‘rtasidagi aloqalar ham faollashdi. Prezidentlarning o‘zaro tashriflari davomida biznes-forum va tadbirkorlar uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbirlarda qariyb 1,2 milliard AQSh dollariga teng shartnoma va bitimlar imzolandi. Bu savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada faollashtirishda muhim omil hisoblanadi.
Noyabr oyida Samarqandda Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri Qayrat Abdrahmonovning tashrifi doirasida Qozog‘iston Respublikasi, O‘zbekiston Respublikasi va Turkmaniston o‘rtasida uchta mamlakat davlat chegaralarining tutashgan hududi to‘g‘risida shartnoma imzolangani yakuniga yetayotgan yilning muhim voqeasi bo‘ldi.
Savdo-iqtisodiy hamkorlik, chegaralar, boshqa sohalar bo‘yicha erishilgan kelishuvlar aloqalarimizni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishda mustahkam shartnoma-huquqiy asoslar yaratadi. 2017-yilning muhim voqealarini tahlil qilar ekanmiz, o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy hamkorlik hamda ikki tomonlama munosabatlarda mavjud ulkan salohiyatdan to‘liq foydalanishga intilishdan iborat aloqalarimizning yangi bosqichi boshlandi, deb ishonch bilan ayta olamiz. Bunday aloqalar savdo aylanmasi ko‘rsatkichlari o‘sishiga ham ta’sir ko‘rsatmoqda. Joriy yilning 10 oyi mobaynida o‘zaro tovar ayirboshlash 1,5 milliard AQSh dollaridan oshdi, bu 2016 yilning shu davriga nisbatan 28 foiz ko‘pdir. Savdo munosabatlarining bu tarzda mustahkamlanishidan Qozog‘iston ham, O‘zbekiston ham birdek manfaatdor. Ayni paytda mamlakatlarimizning bu boradagi salohiyati to‘liq ishga solinmaganini ham aytish joiz.
Davlatlarimiz rahbarlari tomonidan erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish turli yo‘nalishdagi hamkorlik rivojida yangi imkoniyatlar ochadi. Biz o‘zbekistonlik hamkasblarimiz bilan parlamentlararo aloqalarni mustahkamlashdan manfaatdormiz. Bu borada aniq ishlar amalga oshirilmoqda. O‘ylaymanki, kelgusida parlamentlararo munosabatlarimiz yanada faollashadi.
O‘zbekiston va Qozog‘iston – mintaqadagi yetakchi mamlakatlardir. Davlatlarimiz o‘rtasidagi yaqin hamkorlik, mustahkam savdo-iqtisodiy aloqalar Markaziy Osiyodagi iqtisodiy vaziyatga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois, o‘zaro munosabatlar nafaqat mamlakatlarimiz, ayni paytda butun Markaziy Osiyo mintaqasi manfaatlariga xizmat qiladi, deb o‘ylayman.
Yangi yilda faol ishlashimiz lozim bo‘lgan qator yo‘nalishlar mavjud. Mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash masalalari bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash ham g‘oyat muhim ahamiyatga ega. Bugungi kunda mamlakatlarimiz xalqaro terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashishda faol ishtirok etmoqda. Shuningdek, mamlakatlarimiz o‘rtasida davlat chegaralarini demarkatsiya qilish jarayonini yakunlash muhim vazifalardan hisoblanadi. Umuman, O‘zbekiston bilan chegara bo‘yicha hech qanday bahsli masalalar yo‘q. Bugungi kunda O‘zbekiston va Qozog‘iston tomonidan davlat chegaralarini demarkatsiya qilish jarayonini yakunlashga doir texnik ishlar amalga oshirilmoqda. Suv-energetika sohasidagi hamkorlik ham muhim yo‘nalishlardan bo‘lib, bu borada birgalikda ishlaymiz.
Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik rivoji davlatlarimiz va xalqlarimiz manfaatlariga xizmat qiladi. Bugungi kunda yangi bosqichda taraqqiy etayotgan o‘zaro manfaatli hamkorlik kelgusida O‘zbekiston uchun ham, Qozog‘iston uchun ham, umuman, Markaziy Osiyo uchun ijobiy natijalarini beradi, deb hisoblayman. O‘zim nomimdan, Qozog‘iston parlamenti a’zolari nomidan shuni ta’kidlamoqchimanki, biz mamlakatlarimiz amalga oshirayotgan loyiha va amaliy ishlar ro‘yobiga faol ko‘maklashamiz va ularni qo‘llab-quvvatlaymiz.