O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

2018-yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini ko‘chirish to‘g‘risida

2017-12-28 | Hujjatlar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-dekabrdagi PF-5285-son farmoni

 

2018-yilda fuqarolarning rasmiy sanalarni nishonlash davrida to‘liq dam olishi uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish va dam olish, bayram kunlaridan oqilona foydalanishi, shuningdek, ichki turizmni yanada rivojlantirish maqsadida: 

1. 2018-yilda quyidagi qo‘shimcha dam olish kunlari belgilansin: 

2-yanvar – seshanba; 

20-mart – seshanba; 

31-avgust – juma. 

2. 2018-yilda quyidagi dam olish kunlari ko‘chirilsin: 

6-yanvar – shanba 3-yanvar – chorshanbaga; 

17-mart – shanba 19-mart – dushanbaga; 

24-mart – shanba 22-mart – payshanbaga; 

25-avgust – shanba 23-avgust – payshanbaga; 

26-avgust – yakshanba 24-avgust – jumaga; 

8-sentabr – shanba 3-sentabr – dushanbaga; 

15-sentabr – shanba 4-sentabr – seshanbaga; 

29-dekabr – shanba 31-dekabr – dushanbaga. 

3. Belgilab qo‘yilsinki: 

byudjet tashkilotlarida qo‘shimcha dam olish kunlari har yilgi mehnat ta’tilining davomiyligini uch ish kuniga qisqartirish hisobiga qoplanadi, har yilgi mehnat ta’tili davrida saqlanadigan o‘rtacha oylik ish haqi miqdorini hisoblashda mehnat ta’tilining amaldagi davomiyligi hisobga olinadi, unga ushbu farmonning 1-bandiga muvofiq belgilangan qo‘shimcha dam olish kunlari qo‘shiladi; 

byudjet tashkiloti hisoblanmagan tashkilotlarda ushbu farmonning 1-bandiga muvofiq qo‘shimcha dam olish kunlari mehnat ta’tiliga qo‘shimcha boshqa kunlar bilan bir qatorda tashkilotning moliyaviy imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda, mehnat shartnomalari yoki ish beruvchi tomonidan kasaba uyushma qo‘mitasi bilan kelishib qabul qilinadigan boshqa ichki hujjatlarda belgilanadi; 

har yillik mehnat ta’tilining davomiyligi qisqartirishni hisobga olgan holda 15 ish kunidan kam bo‘lmasligi kerak. 

4. O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (A.Xaitov): 

O‘zbekiston Respublikasi Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi (Q.Rafiqov), O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi (A.Abduhakimov), Moliya vazirligi (J.Qo‘chqorov) va Iqtisodiyot vazirligi (B.Xo‘jayev) bilan birgalikda xodimlarning dam olish va bayram kunlaridan oqilona foydalanishini ta’minlashni inobatga olgan holda kelgusi kalendar yili uchun qo‘shimcha dam olish kunlarini belgilash va dam olish kunlarini ko‘chirish to‘g‘risida har yili 15 oktabrdan kechikmasdan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin. 

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi (J.Qo‘chqorov) bilan birgalikda Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi (Q.Rafiqov) bilan kelishgan holda ushbu farmon qoidalarini hisobga olib, yillik mehnat ta’tili paytida saqlab qolinadigan o‘rtacha ish haqi miqdorini aniqlash bo‘yicha yo‘riqnomani bir oy muddatda belgilangan tartibda tasdiqlasin; 

har yili 15 noyabrgacha kelgusi kalendar yil uchun ish vaqti kalendarini o‘rnatilgan tartibda ishlab chiqsin va tasdiqlasin. 

5. O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi (A.Abduhakimov) O‘zbekiston yoshlar ittifoqi (Q.Quronboyev), Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi (Q.Rafiqov), "O‘zbekiston havo yo‘llari" MAK (U.Rozuqulov) va "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ (A.Shukurov), Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda dam olish bayram kunlarining uzaytirilishini hisobga olgan holda, respublika aholisi uchun ichki turizm va faol dam olish yo‘nalishlarini, transport va mehmonxona xizmatlari uchun chegirmalar berilishini hamda aksiyalar o‘tkazilishini tashkil etsin. 

6. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimlari: 

aholining uzaytirilgan bayram (dam olish) kunlarida maroqli va foydali dam olishini tashkil etish bo‘yicha tizimli choralar ko‘rsinlar; 

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi (A.Abduhakimov) va Milliy teleradiokompaniya (A.Xo‘jayev) bilan birgalikda bayram kunlari o‘tkaziladigan tadbirlar to‘g‘risida aholini keng xabardor qilishni ta’minlasin. 

7. O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi (Q.Rafiqov): 

mehnat jamoalari o‘rtasida ushbu farmonning maqsadi, mazmun-mohiyati to‘g‘risida tushuntirish ishlarini tashkil etish; 

uzaytirilgan bayram kunlarida xodimlar va ularning oila a’zolarining maroqli dam olishini ta’minlash yuzasidan kasaba uyushmalari tashkilotlarining ishini faollashtirish tavsiya etilsin. 

8. O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (A.Xaitov) Adliya vazirligi (R.Davletov) bilan birgalikda qonunchilikka ushbu farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida ikki oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin. 

9. Ushbu Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi 
bandlik va mehnat munosabatlari vaziri A.A.Xaitov zimmasiga yuklansin. 



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                                            Sh.MIRZIYOYEV 

Toshkent shahri, 2017-yil 28-dekabr 

 
* * *
 
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2018 yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini ko‘chirish to‘g‘risida”gi Farmoniga
SH A R H 


O‘zbekiston Respublikasida aholining yashash farovonligi va turmush darajasini ko‘tarish, xodimlarning mehnat qilishi va dam olishiga qulay sharoitlarni yaratish, ularning yuqori ijtimoiy faolligini qo‘llab-quvvatlash, har tomonlama ichki turizm va oilaviy dam olish rivojlantirilishi hisobiga mamlakatimizning tarixiy-madaniy boyligi, uning noyob tabiiy resurslari bilan chuqur tanishish uchun fuqarolarga imkoniyatlarning kengaytirilishi bo‘yicha izchil choralar amalga oshirilmoqda. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2018-yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qo‘shimchi ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini qo‘chirish to‘g‘risida”gi farmoni davlat bayramlari davrida, qonunchilikda belgilangan dam olish va ishlanmaydigan bayram kunlarida fuqarolarga to‘liq va foydali dam olish uchun qo‘shimcha sharoitlarning yaratilishini ta’minlashga qaratilgan. 

Shu maqsadda 2018-yilda Yangi yil, Navro‘z va Mustaqillik bayramlariga to‘g‘ri kelgan qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlar qonunchilikda belgilanmoqda, shuningdek, ayrim dam olish kunlari ushbu bayram sanalariga yaqin bo‘lgan ish kunlariga ko‘chirilishi amalga oshirilmoqda. 

Natijada 2018-yilda bayram kunlarida uzluksiz dam olish davomiyligi qo‘shimcha ishlamaydigan kunlarni belgilash va ayrim dam olish kunlarni ko‘chirish orqali ta’minlanadi: 

Yangi yilga – 5 kalendar kuni (2017-yil 30 va 31-dekabr –kalendar bo‘yicha dam olish kunlari, 2018-yil 1-yanvar – ishlamaydigan bayram kuni, 2018-yil 2-yanvar – qo‘shimcha ishlamaydigan kun, 2018-yil 3-yanvar – 6-yanvardan ko‘chirilgan dam olish kuni); 

Navro‘z bayramiga – 5 kalendar kuni (18-mart – kalendar bo‘yicha dam olish kuni, 19 mart – 17 martdan ko‘chirilgan dam olish kuni, 20 mart – ko‘shimcha dam olish kuni, 2018-yil 21-mart – ishlamaydigan bayram kuni, 22-mart – 24-martdan ko‘chirilgan dam olish kuni); 

Mustaqillik kuniga – 5 kalendar kuni (2018-yil 31-avgust – ko‘shimcha ishlamaydigan kun, 2018-yil 1-sentabr – ishlamaydigan bayram kuni, 2-sentabr – kalendar bo‘yicha dam olish kuni, 3-sentabr – 8-sentabr shanba kunidan ko‘chirilgan dam olish kuni, 4-sentabr – 15-sentabrdan ko‘chirilgan dam olish kuni). 

Yangi yil, Navro‘z va Mustaqillik bayramlari kunlariga qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlar belgilanishi mehnat ta’tili davomiyligi uch ish kuniga qisqartilishi hisobiga qoplanishi ko‘zda tutilmoqda. Bunda: 

O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 134-moddasida belgilangan mehnat ta’tilining eng kam davomiyligi (15 ish kuni); 

davlat bayramlariga to‘g‘ri kelgan, belgilangan mehnat ta’tilining qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlarini qo‘shish yo‘li bilan xodimga yillik mehnat ta’tili davomiyligiga berilishi lozim bo‘lgan to‘lovlar miqdori saqlanishi ta’minlanadi. 

Bundan tashqari, xalqimizning ma’naviy hayotida olijanoblik, minnatdorchilik, ezgulik, rahmdillik, hamjihatlik fazilatlari belgilanishida muqaddas Qurbon hayit va Ramazon hayit bayramlarining muhimligi va ahamiyatini inobatga olgan holda, milliy-ma’naviy qadriyatlarimizni yuksaltirish va saqlab qolish maqsadida 2018-yildan boshlab ayrim dam olish kunlarini bayram kunlariga yaqin bo‘lgan ish kunlariga qo‘chirish hisobiga uzluksiz uch kunlik dam olish kunlari belgilanishi ko‘zda tutilmoqda. 

Xodimlar tomonidan farmon bilan belgilangan uzluksiz dam olish kunlaridan samarali foydalanishni ta’minlash maqsadida oilaviy dam olishni tashkil qilish choralari amalga oshirilishi, shu jumladan, ichki turizm marshrutlarini shakllantirish va yurtimizning tarixiy-madaniy markazlariga tashrif buyurishni, respublika pansionat va dam olish uylarida uzaytirilgan dam olish kunlarini o‘tkazish istagini bildirgan xodimlar, ularning oila a’zolariga mehmonxona va transport xizmatlariga chegirmalar tizimini joriy qilish ko‘zda tutilmoqda. 

Bunda Mehnat kodeksining 131-moddasida belgilangan bayram (ishlanmaydigan) kunlariga to‘g‘ri kelgan hafta kunlarining o‘zgarishini inobatga olgan holda bayram sanalari bilan bog‘liq bo‘lgan dam olish kunlaridan uzluksiz va samarali foydalanish maqsadida shu kundan e’tiboran ayrim dam olish kunlarini bayram kunlariga to‘g‘ri kelgan yaqin ish kunlariga ko‘chirish bo‘yicha har yili belgilanadigan sanalarni ko‘chirish tartibi, shuningdek, ish vaqtining Kalendarini ishlab chiqish va tasdiqlashda turli ish rejimlarida ish kunlari va soatlarining soni belgilanishi bilan joriy qilinmoqda. 

Поделиться