O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi delegatsiyasining Xitoy Xalq Respublikasiga tashrifi davom etmoqda
2017-12-27 | Jamiyat
Joriy yilning 26-dekabr kuni Xitoy Xalq Respublikasida Adliya vazirligi delegatsiyasi tomonidan O‘zbekiston iqtisodiyotiga sarmoya kiritish imkoniyati va xorijiy sarmoyadorlarga mamlakat qonunchiligiga muvofiq berilgan kafolatlar haqida taqdimot o‘tkazildi. O‘zbekistonning yetakchi yuridik kompaniyalari vakillari Xitoy yuridik kompaniyalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida axborot taqdim etdilar.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining vakillari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida respublikada ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida amalga oshirilayotgan tezkor islohotlar haqida tadbir ishtirokchilariga ma’lumot berishdi.
O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlar ko‘lami, birinchi navbatda, chet el investitsiyalarini jalb etish va O‘zbekiston Respublikasi hududida investitsion faoliyatni kengaytirish uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish sohasida me’yoriy-huquqiy bazani takomillashtirishga qaratilganligi ta’kidlandi.
Shuningdek, O‘zbekiston tomoni kirib kelayotgan 2018-yil mamlakat prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan e’lon qilingan “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” doirasida aniq loyihalarni amalga oshirishga qaratilganligi qayd etildi.
Tashrif chog‘ida Xitoy tomoni ShHT tayyorlov markazida seminarlar o‘tkazdi va Xitoy Adliya vazirligi vakillari bilan uchrashuvlar tashkil etildi, shuningdek, Shanhay advokatlar assotsiatsiyasi, Sharqiy notarial idorasiga hamda Chjetszyan viloyatining Adliya boshqarmasi va Advokatlar assotsiatsiyasiga tashriflar uyushtirildi.
Tashrif yakunlari bo‘yicha Xitoy va O‘zbekiston tomonlari o‘rtasida bitimlar tuzilishiga muvaffaq bo‘lindi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi va Shanhay advokatlar assotsiatsiyasi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi. Shuningdek, O‘zbekistonning (Grata International, Dentons, Prae Legal, Sherdav Himoya) va Xitoyning (Da Cheng, Shanghai Ying Dong, Zhong Lun i SG & Co. Lawyers) yetakchi yuridik firmalari tomonidan o‘zaro manfaatlarni ikki davlat hududida namoyon etish hamda xitoylik sarmoyadorlarning manfaatlarini O‘zbekiston hududida himoya qilish bo‘yicha kelishuvlarga erishdilar.
Xitoy tomoni o‘zining iqtisodiy rivojlanish tajribasiga tayangan holda O‘zbekistonning investitsion qonunchiligini o‘rganish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va uni takomillashtirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqishga tayyorligini bildirdi.