O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
2018-2022-yillar davrida bolalarda tug‘ma va irsiy kasalliklarni barvaqt aniqlash Davlat dasturi to‘g‘risida
2017-12-25 | Hujjatlar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Qayd etilsinki, respublikada sog‘lom bolalar tug‘ilishi, homilador ayollar va chaqaloqlarda patologiyani barvaqt aniqlash uchun zarur shart-sharoitlarni ta’minlaydigan zamonaviy perinatal markazlar hamda “Ona va bola skrining” markazlari tarmog‘i yaratildi, tug‘ruqqa yordam beruvchi va pediatriya muassasalarining moddiy-texnika bazasi va kadrlar salohiyati mustahkamlandi, tug‘ma va irsiy kasalliklarga tashxis qo‘yish, davolash hamda ular profilaktikasining zamonaviy usullari joriy etildi.
2013-2017-yillar davrida bolalikdan nogironlar tug‘ilishining oldini olish uchun tug‘ma va irsiy kasalliklarni barvaqt aniqlash Davlat dasturi doirasida barcha “Ona va bola skrining” markazlari hal qilish imkoniyati yuqori bo‘lgan biokimyoviy analizatorlar va zamonaviy ultratovush skanerlar bilan jihozlandi. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining Respublika “Ona va bola skrining” markazlari chaqaloqlarda va kichik yoshdagi bolalarda irsiy kasalliklarning keng doirasiga tashxis qo‘yish uchun yuqori texnologik analizatorlar – tandem mass-spektrometrlar bilan jihozlandi.
Amalga oshirilayotgan tadbirlar natijasida 1,1 milliondan ortiq homilador ayol tekshiruvdan o‘tkazildi, bu 21 ming nafardan ortiq rivojlanishida tug‘ma nuqsonlar bo‘lgan bola tug‘ilishining oldini olish imkonini berdi. 1,7 milliondan ortiq chaqaloq tug‘ma va irsiy kasalliklar yuzasidan tekshirildi, 2,7 ming nafar bolaga rivojlanishning tug‘ma nuqsonlarini bartaraf etish yuzasidan malakali tibbiy yordam ko‘rsatildi.
Shu bilan birga, tug‘ma va irsiy kasalliklarning oldini olish bo‘yicha profilaktik va davolash-tashxis qo‘yish tadbirlarini, ayniqsa, qishloq joylarda bo‘lajak onalar va bolalarning sog‘lig‘i holati ustidan patronaj tizimini yanada takomillashtirish, shuningdek, jahon amaliyotiga muvofiq tug‘ruqqa yordam beruvchi muassasalarning va “Ona va bola skrining” markazlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash talab etiladi.
Onalar va bolalar sog‘lig‘ini har tomonlama mustahkamlash, sog‘lom avlod tug‘ilishi va uni tarbiyalash uchun zarur shart-sharoitlarni shakllantirish, homilador ayollar va chaqaloqlarda patologiyani barvaqt aniqlash davlat tizimini yanada rivojlantirish, bolalarda nogironlikni kamaytirish, shuningdek, “Ona va bola skrining” markazlarining kadrlar salohiyati va moddiy-texnika bazasini rivojlantirish va mustahkamlash maqsadida:
1. 2018-2022-yillar davrida bolalarda tug‘ma va irsiy kasalliklarni barvaqt aniqlash Davlat dasturi (keyingi o‘rinlarda Davlat dasturi deb ataladi) ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Quyidagilar Davlat dasturini amalga oshirishning asosiy ustuvor yo‘nalishlari etib belgilansin:
“Ona va bola skrining” markazlarini yuqori texnologik diagnostika tibbiyot uskunalari, butlovchi buyumlar, reagentlar va zarur materiallar bilan jihozlash orqali ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash;
homiladorlikning dastlabki uch oyida ayollarni markaziy ko‘p tarmoqli tuman (shahar) poliklinikalarida tug‘ishdan oldin ommaviy tekshirish va xavf guruhiga kiradigan homilador ayollarda genetik sindromlarni biokimyoviy tekshirishni bosqichma-bosqich joriy etish yo‘li bilan homilada tug‘ma va irsiy kasalliklarning oldini olish va ularga barvaqt tashxis qo‘yish chora-tadbirlarini takomillashtirish;
homilada va kichik yoshdagi bolalarda xromosom sindromlar diagnostikasida laboratoriya diagnostikasining zamonaviy usullarini, shu jumladan, sitogenetik va molekulyar-sitogenetik texnologiyalarni joriy etish;
bolalarda irsiy kasalliklarga barvaqt tashxis qo‘yish usullarini takomillashtirish orqali chaqaloqlarni ommaviy tekshirish, shuningdek, bemor bolalarni dori vositalari va davolaydigan ovqatlar bilan ta’minlash orqali irsiy kasalliklarni davolash samaradorligini oshirish;
“Ona va bola skrining” markazlarining kadrlar salohiyatini mustahkamlash va amaliy sog‘liqni saqlashga zamonaviy jahon tajribasini joriy etgan holda xalqaro hamkorlikni amalga oshirish.
3. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining Nukus, Buxoro, Samarqand va Farg‘onadagi “Ona va bola skrining” markazlarida mintaqalararo sitogenetik laboratoriyalar tashkil etish, ularni yuqori texnologik tibbiyot diagnostika uskunalari bilan jihozlash to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi:
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar hokimliklari, nodavlat notijorat tashkilotlari bilan birgalikda yashash joylarida, mahallalarda va ta’lim muassasalarida tug‘ma va irsiy kasalliklarning oldini olish, sog‘lom oilani shakllantirish, ona va bola sog‘lig‘ini muhofaza qilish masalalari bo‘yicha tushuntirish va profilaktika ishlarini muntazam o‘tkazib borsin;
“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro nodavlat xayriya jamg‘armasi bilan birgalikda Davlat dasturining sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirilishi hamda ajratilgan byudjet mablag‘laridan maqsadli foydalanilishi ustidan muvofiqlashtirish va nazoratni ta’minlasin;
har chorakda Davlat dasturining bajarilish jarayonini ko‘rib chiqsin va zarurat bo‘lganda uning samarali bajarilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
5. Belgilansinki, Davlat dasturida nazarda tutilgan tadbirlarni moliyalashtirish O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro nodavlat xayriya jamg‘armasi va xalqaro moliyaviy tashkilotlar mablag‘lari hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi.
6. Davlat dasturini amalga oshirish doirasida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro nodavlat xayriya jamg‘armasi tomonidan belgilangan tartibda tasdiqlanadigan ro‘yxat bo‘yicha olib kiriladigan O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan yuqori texnologik diagnostika tibbiyot uskunasi, butlovchi buyumlar, reagentlar, zarur materiallar, bolalar davolovchi ovqati, dori vositalari 2023 yil 1 yanvargacha bo‘lgan muddatda bojxona to‘lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlari bundan mustasno) ozod qilinsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro nodavlat xayriya jamg‘armasi O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalari bilan birgalikda aholi orasida tug‘ma va irsiy kasalliklarga chalingan bolalar tug‘ilishining oldini olish zarurligi to‘g‘risida keng tushuntirish ishlarini tashkil etsin.
8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi R.S.Kasimov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Q.V.Akmalov zimmasiga yuklansin.