O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Shavkat Mirziyoyev: Hirotga borishni, ulug‘ bobomizni ziyorat qilishni orzu qilardim

2017-12-24 | Jamiyat

2017-yilning 3-fevrali. Qishning qorli, birmuncha sovuq kuni edi. So‘zlayotganimizda og‘zimizdan bug‘ emas, yurak hovurimiz tashqariga o‘rlayotganday bo‘lardi go‘yo. Qahraton zabtiga qarshi o‘laroq tomirimizda qaynoq qon yugurardi. Chunki biz, bir guruh ijodkorlar, ustozlarimiz bilan birgalikda, Alisher Navoiy nomidagi milliy bog‘da Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvga, jonli muloqotga to‘plangan edik. 

Prezident belgilangan paytda kelib, birdaniga asosiy masala – adabiyotga g‘amxo‘rlik qilish, shoir-yozuvchilarga zarur shart-sharoit yaratish bo‘yicha aniq, hayotiy takliflarini o‘rtaga tashladi. Ijod ahliga doir dolzarb masalalarni birin-ketin tilga olarkan, har gal yuragimiz hapriqar, biz aytishga iymanib turgan muammolarni Prezident shundog‘am bilarkan, degan o‘ydan yuragimiz yorishardi. 

Ko‘p tashabbuslar qatori Alisher Navoiy nomidagi Milliy bog‘ hududida Adiblar xiyobonini tashkil etish hamda Yozuvchilar uyushmasiga yangi, zamonaviy bino qurib berish vazifasi ham belgilandi. 

2017-yilning 18-apreli. Mazkur vazifani amalga oshirishga qaratilgan Prezident qarori e’lon qilindi. 

Va... qurilish ishlari boshlandi! 

Binoning chizmasi tayyor bo‘lganida, ko‘zimiz yashnab hayajonlanganimiz, “nahotki oq qog‘ozdagi shu chizgilar to‘liq amalga oshsa!?” deb bir-birimiz bilan fikr almashganlarimiz esimizda. Keyin azamat ekskavtorlaru buldozerlar, og‘ir yuk mashinalari ishga tushdi. Binoning o‘rni qazilib, poydevor ko‘tarildi. Devorlar tiklandi. Tom yopilib, inshootning ichu tashiga bezak berildi. Bu jarayondagi har bir o‘zgarishni eshitib, tabiiyki, xursand bo‘lardik – binoga emas, bizning ko‘nglimizga naqshu bezak solinayotganday edi. 

Prezident bilan uchrashuvimizdan so‘ng, oz emas-ko‘p emas, roppa-rosa o‘n oyu o‘n kun o‘tdi – 2017-yilning 23-dekabri. Yana bir guruh ijodkorlar bilan Milliy bog‘ga, aniqrog‘i, Adiblar xiyobonidagi Yozuvchilar uyushmasining yangi binosiga keldik. 

Prezidentimiz qurilish yakuni bilan tanishib, shu asnoda ijodkorlar bilan dillashishni niyat qilgan ekan. 

Nurdan tiklangandek taassurot qoldiruvchi muhtasham binoning kiraverishida, hazrat Alisher Navoiyning siymosi aks etgan va hikmatli so‘zlari yozilgan foyyeda Prezidentimiz bilan yuzma-yuz keldik. 

Mamlakatimiz rahbari juda jonli, ravon ohangda adabiyotning jamiyatdagi yuksak o‘rni haqida so‘z boshladi. Bugun odamlarimizning qonini tozalashimiz kerak, – dedi Prezident obrazli qilib, – bu ma’naviy tozarish jarayonida adabiyotning o‘rni beqiyos. Adabiyotga, kitobxonlikka katta e’tibor qaratayotganimiz ham shundan. Bu borada adiblarimizga suyanamiz. 

Muloqot jarayonida Prezident nafaqat adabiyot, balki millat taqdiriga daxldor bo‘lgan eng dolzarb vazifalarga ham to‘xtalib, yozuvchi-shoirlar bilan fikr almashdi. Xususan, Vatanni himoya qilish, yurt mudofaasiga doir muhim fikrlarini bayon qilarkan, biz ham o‘zimizni jangovar askarday his qildik, har bir yozgan asarimiz chetdan kirib kelayotgan ma’naviy xurujga qarshi qalqon bo‘lib, farzandlarimizning ong shuurini, qalbini himoya qilishga yarashi darkorligini angladik. 

Prezidentimiz boshchiligida yangi bino bilan yaqindan tanisha boshladik. Avvalo 150 o‘rinli faollar zaliga kirdik. Bu yerda ham samimiy, jonli muloqot davom etdi. Yurtimiz rahbari har bir ijodkorni jon qulog‘i bilan tinglab, o‘rtaga tashlangan masalalar yechimi bo‘yicha o‘z taklif-tashabbusini bayon qildi. Jumladan: Yozuvchilar uyushmasi faoliyatini zamonaviy asosda tashkil etish uchun kerakli hujjatlarni tayyorlash; iste’dodli va uyga ehtiyoji bor ijodkorlar uchun ko‘p qavatli uylar qurish, keyinchalik ham adiblarga uy qurish uchun shahar markazidagi muayyan joylarni band qilib qo‘yish; Yalta, Kislovodsk kabi xorijdagi nufuzli sihatgohlarda boshqalarga o‘rnak bo‘layotgan ijodkorlarning bepul davolanib, dam olishlarini tashkillashtirish; mamlakatimizdagi korxona va tashkilotlarga ijodkorlarni biriktirib qo‘yish va yil davomida izchil ijodiy uchrashuvlar uyushtirish, ularning kitoblarini tizimli ravishda chop etib-tarqatish; adabiy nashrlarning yurtimizdagi har bir o‘quv dargohiga kirib borishini ta’minlash; qo‘shni mamlakatlar bilan adabiy aloqalarni kuchaytirib, birgalikda adabiyot bayramlarini o‘tkazishga yo‘l ochish... 

Shu o‘rinda Prezidentimiz qo‘shni Afg‘onistonning Hirot shahrigacha temir yo‘l qurilishi rejalashtirilayotganini aytarkan, bilasizlarmi, bu – mening ko‘p yillik orzuim, kerak bo‘lsa, armonim edi, yoshligimdan radio orqali Alisher Navoiy hazratlarining g‘azallarini eshitganimda, Navoiy haqidagi asarlarni o‘qiganimda, Hirotga borishni, ulug‘ bobomizni ziyorat qilishni orzu qilardim; agar bugun biz, bobomizning avlodlari, izdoshlari u zotning qabrini ziyorat qilsak, shubhasiz, bu mo‘tabar insonning ruhi cheksiz shod bo‘ladi, deb o‘ylayman, dedi. 

Shu lahzaning o‘zida har birimiz o‘zimizni hazrat Navoiy maqbarasini ziyorat qilayotgandek tasavvur etib, to‘lqinlanib ketdik. Ko‘nglimizdan “Qaniydi, buning imkoni bo‘lsa, shubhasiz, yarim haj savobini qo‘lga kiritgan bo‘lardik” deb o‘yladik. 

Prezidentimizga ergashib, boshqa xonalarni ham ko‘zdan kechira boshladik. Borlig‘imiz hayajonga ko‘mildi. Inshootning har bir tarhida ijod ahliga hurmat, e’zoz, g‘amxo‘rlik aks etib turardi. Eng zamonaviy moslamalar bilan jihozlangan anjuman zallari, uyushmaning maxsus kutubxonasi va muzeyi, Yozuvchilar uyushmasining ma’muriyatiga, ijodiy kengashlari va nashrlariga mo‘ljallangan yorug‘, shinam xonalar, sifatli mebellaru eng so‘nggi rusumdagi texnik vositalar... Nazarimizda, ertadan bu xonalarga kirib ish boshlayversak bo‘ladiganday edi. Ammo... 

Ammo Prezidentimiz bizning nigohimiz ilg‘amagan nuqtalarga e’tibor qaratib, mas’ul shaxslarga zamonaviy arxitektura, qurilish mezonlariga doir savollar berdi. Bizga hayrat bag‘ishlagan manzaralarni Prezidentimiz yanada ko‘rkam, yanada mukammalroq ko‘rishni istayotganini angladik. Go‘yo o‘z qarashi bilan mamlakatimiz rahbari: “Yozuvchi-shoirlarimiz bundan-da ko‘prog‘iga munosib, bu kamtar va zahmatkash insonlarga eng oliy shart-sharoitni muhayyo qilishimiz shart!” deyayotganday edi. 

Bugungi tashrifimizni binoning ochilish marosimi emas, balki ilk tanishuvimiz, deb bilaman, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Yangi binomizni bahorning ochiq, yorug‘ kunlari ochsak, nima deysizlar. 

Taklif hammaga birday ma’qul bo‘ldi. 

Prezidentimiz uyushmaning yangi binosidan so‘ng Adiblar xiyobonida o‘rnatilgan Hamid Olimjon, Zulfiya, G‘afur G‘ulom, Ozod Sharafiddinov, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Muhammad Yusuf kabi el sevgan ijodkorlarga qo‘yilgan haykallar bilan tanishdi. Bu borada ham asosli taklifu tavsiyalar, aniq topshiriqlar berildi. 

Ochig‘i, Prezident bilan kechgan muloqot jarayonininng zohiriy qismini qog‘ozga tushiryapman-u, uchrashuvning botiniy qismini – ruhiyatimizda ro‘y bergan yangilanish, Yurtboshimizdan olgan ma’naviy quvvatimizni ifodalashga qalamim ojizlik qilayotganday. 

Uchrashuvda Prezidentimiz adolat va shukronalik tushunchasini yonma-yon tilga oldi. Bu bejiz emas. Adolat bor joyda shukronalik muhiti bo‘ladi. Ezgu g‘oyalar bilan oziqlangan adabiyot o‘quvchini borliqqa, jamiyatga adolat ko‘zi bilan boqishga, shukr hissi bilan yashashga o‘rgatadi. 

Aytishlaricha, mustabid tuzum davrida nohaqlikka uchrab, ruhi singan ma’rifatparvarlardan biriga “Nega yozmayapsiz?” deb savol berishganida: 

“O‘t ko‘karmas, meva pishmas, bo‘lmasa suv tomchisi, 

Shoir she’rni qaydan olsin, bo‘lmasa ilhomchisi?!” – deb javob qilgan ekan. Darhaqiqat, ijodkor ko‘ngli, muloqot davomida Prezidentimiz ko‘p bora ta’kidlaganidek, juda nozik bo‘ladi. Xayrixohlik, g‘amxo‘rlik bo‘lmasa, ijod jarayoniga Yaratgan tomonidan in’om etilgan noyob hodisa deb qaralmasa, har qanday qobiliyat so‘nib ketishi mumkin. 

Bugun – nafaqat ijod ahli, oddiy yurtdoshlarimiz ham ilhomlanib, to‘lib-toshib yurgan kunlar. Har lahzada ko‘nglimizda, ruhiyatimizda yangicha shavq, shijoat to‘lqini hosil bo‘lyapti. Bu hayratu hayajon to‘lqinlari endi pishiq, yaxshi asarlarga aylanmog‘i zarur. Zero, mehr bilan parvarish qilingan mevali daraxtdan, alaloqibat, mo‘l hosil kutiladi. 

Adiblar xiyoboni, Yozuvchilar uyushmasining yangi binosi – bizning tiynatimizda, qalbimizda bunyod bo‘layotgan nurli ma’naviyat qasrining moddiy ko‘rinishi. Tobora ko‘rkamlashib borayotgan bu muborak maskan nafaqat poytaxtimizning, butun mamlakatimizning ma’rifiy markaziga aylangusidir. 
 

Nodir Jonuzoq,
“Yoshlik” jurnali bosh muharriri,
Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.

Поделиться