O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Prezident Shavkat Mirziyoyev saylovda ovoz berdi
2017-12-24 | Saylov
24-dekabr – Toshkent shahar xalq deputatlari tuman Kengashlariga saylov kuni. Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 162-saylov uchastkasiga tashrif buyurib, ovoz berish jarayonida ishtirok etdi.
2017-yil 29-avgustda qabul qilingan “Toshkent shahar xalq deputatlari tuman Kengashlariga saylov to‘g‘risida”gi Qonun poytaxtimiz tumanlarida xalq deputatlari Kengashlarini tuzish uchun tashkiliy-huquqiy imkoniyatlar yaratdi.
Toshkent shahar tumanlarida xalq deputatlari Kengashlarini tuzish tumanlar darajasida mahalliy byudjetlarni, hududni rivojlantirishning istiqbolga mo‘ljallangan dasturlarini ko‘rib chiqish hamda qabul qilish, ularning ijrosini nazorat qilish, Kengashlar sessiyalarida tumanlarda joylashgan mahalliy davlat organlari rahbarlarining o‘z faoliyati to‘g‘risidagi hisobotlari va axborotlarini tinglash, fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlari bilan bog‘liq masalalarni o‘z vakolatlari doirasida hal etish imkonini beradi.
Bu, o‘z navbatida, poytaxt tumanlarini yanada rivojlantirishda muhim omil bo‘lib, jamoatchilikning Toshkent shahridagi ijtimoiy-iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy islohotlardagi ishtirokini kengaytirish va rolini mustahkamlash, aholi vakillari tomonidan joylardagi mahalliy ijro hokimiyati organlari faoliyati ustidan depatatlik nazoratini o‘rnatish imkoniyatini yaratadi.
24-dekabr – Toshkent shahar xalq deputatlari tuman Kengashlariga saylov kuniga poytaxtimizda katta tayyorgarlik ko‘rildi. Mamlakatimiz saylov qonunchiligiga ko‘ra, ovoz berish jarayonida qatnashayotgan barcha siyosiy partiyalar va o‘zini o‘zi boshqarish organlari Toshkent shahrining 11 tumanida tashkil etilgan 330 saylov okrugiga bittadan nomzod ko‘rsatdi.
Mazkur saylovdagi eng muhim yangiliklardan biri shuki, Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 15 avgustdagi qaroriga muvofiq Toshkent shahrida bo‘lib o‘tayotgan xalq deputatlari tuman Kengashlariga saylov davomida Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati axborot tizimi huquqiy eksperiment sifatida amaliyotga tatbiq etildi.
Poytaxtlik saylovchilar o‘zlari munosib deb bilgan nomzodlarga ovoz bermoqda.