O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n uchinchi yalpi majlisi to‘g‘risida axborot
2017-12-22 | Siyosat
2017-yil 21-dekabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n uchinchi yalpi majlisi o‘z ishini davom ettirdi.
Senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 9-oktabrdagi “Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, qishloq xo‘jaligi ekin maydonlaridan samarali foydalanish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Oliy Majlis Senatiga kiritilgan 2018-yilda fermer xo‘jaliklarini bosqichma-bosqich ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklariga aylantirish bo‘yicha Dastur to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqdilar.
Ta’kidlanganidek, ushbu dastur O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Markaziy bank, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklari bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yuqorida qayd etilgan farmonida hamda 2017-yil 10-oktabrdagi “Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini yanada rivojlantirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida qo‘yilgan vazifalardan kelib chiqqan holda ishlab chiqilgan. Hududiy dasturlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi hamda xalq deputatlari viloyat Kengashlari tomonidan tasdiqlangan.
Ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarini tashkil etish va rivojlantirish bo‘yicha 2018-yilga mo‘ljallangan hududiy dasturlarga muvofiq mamlakatning 21 634 ta fermer xo‘jaligida ko‘p tarmoqli faoliyatni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha 22 986 ta loyiha amalga oshiriladi. Xususan, ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklari tomonidan 7,4 ming gektar maydonda intensiv bog‘lar, 4,3 ming gektar maydonda yangi uzumzorlar va 844 gektar maydonda issiqxonalar yaratiladi.
Shuningdek, 520 ta fermer xo‘jaligida meva-sabzavot, go‘sht-sut mahsulotlarini qayta ishlashni yo‘lga qo‘yish, 785 ta fermer xo‘jaligida un mahsulotlari ishlab chiqarishni boshlash, 370 ta fermer xo‘jaligida refrijerator omborlar qurish, 3,9 ming fermer xo‘jaligida chorvachilik va parrandachilikni, 2,3 ming fermer xo‘jaligida baliqchilik va asalarichilikni, 2,1 ming fermer xo‘jaligida qo‘ychilik, echkichilik va quyonchilikni, 171 ta fermer xo‘jaligida yilqichilikni va kurkachilikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha loyihalarni, shuningdek, 6732 ta fermer xo‘jaligida servis xizmatlarini tashkil etish bo‘yicha 8 mingta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan.
2018-yil uchun tasdiqlangan loyihalarni amalga oshirish uchun respublika bo‘yicha 1 603 milliard so‘m mablag‘ sarflanishi belgilangan. Shundan 608,8 milliard so‘mi tijorat banklari kreditlari hisobiga amalga oshiriladi. Eng asosiysi, qishloq joylarda 83 567 ta yangi ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda.
Senatorlar 2018-yilda fermer xo‘jaliklarini bosqichma-bosqich ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklariga aylantirish bo‘yicha dasturni ma’qulladilar va bu sohadagi ustuvor vazifalarni o‘z vaqtida sifatli bajarish bo‘yicha tizimli ishlarni yanada kuchaytirish muhimligini ta’kidladilar.
Shundan so‘ng senatorlar yalpi majlis kun tartibidagi navbatdagi masalani ko‘rib chiqishga kirishdilar. Senatorlar O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining ichki ishlar organlarining jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasidagi faoliyati to‘g‘risidagi axborotini eshitdilar.
Bugungi kunda mamlakatimizda aholi tinch va osoyishta hayot kechirishini ta’minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish, jinoyatchilikka qarshi kurashishga doir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Ichki ishlar organlari faoliyatining huquqiy asoslarini mustahkamlash, ichki ishlar organlari xodimlarining ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish maqsadida o‘tgan davr mobaynida 2 ta qonun, Prezidentning 22 ta qarori, Vazirlar Mahkamasining 30 ta qarori va boshqa qator hujjatlar qabul qilindi. Shuningdek, ichki ishlar organlarining aholiga yaqinligini ta’minlash va ichki ishlar organlari (bo‘limlari) boshqarmalaridan uzoqda joylashgan aholi punktlarida fuqarolarga qulayliklar yaratib berish maqsadida ichki ishlarning qo‘shimcha ravishda 175 ta shahar bo‘limi (bo‘linmasi) va 824 ta militsiya tayanch punkti tashkil etildi.
O‘tgan davrda ichki ishlar organlarida hokimliklar, prokuratura va keng jamoatchilik vakillari bilan birgalikda har bir mahalladagi ishlar huquqbuzarliklar va jinoyatlarning erta oldini olish, salbiy xatti-harakatlarni sodir etish uchun sharoit yaratadigan omillarni bartaraf etish bo‘yicha ilmiy asoslangan “harakatlar formulasi” asosida tashkil etildi.
Ichki ishlar organlarining quyi bo‘g‘inlarini kuchaytirishga, ma’muriy-hududiy birliklar doirasida tuzilib, faoliyat yuritayotgan sektorlarda ishlarni samarali tashkil etishga, odamlarni tashvishlantirayotgan muammolarni hal qilish va huquq-tartibotni mustahkamlashga jamoatchilikni keng jalb etish orqali aholining ishonchini oqlashga qaratilgan chora-tadbirlar natijasida respublika hududida jinoyatlarning sezilarli darajada kamayishiga erishildi.
Ichki ishlar organlari tizimini tubdan isloh qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga qaramay, ayrim rahbar kadrlar o‘tkazilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini to‘liq anglab yetmay, ishlarni eskicha olib bormoqda. Natijada bir qancha mintaqalarda og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar, shuningdek, qidiruvda bo‘lgan shaxslar soni ortmoqda.
Muhokama chog‘ida senatorlar sababsiz dars qoldirayotgan o‘quvchilarni va tarbiyasi og‘ir voyaga yetmaganlarni aniqlash, ularga nisbatan bevosita maktab, kollej, litsey va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida ta’lim muassasalari o‘qituvchilari, ota-onalar ishtirokida ta’sirchan tarbiyaviy va profilaktika ishlarini uyushtirish uchun profilaktika inspektorlarining shaxsiy mas’uliyatini oshirish zarurligiga alohida e’tibor qaratdilar.
Shuningdek, fuqarolar tomonidan joylardagi ichki ishlar organlariga murojaatlarda ko‘tarilayotgan muammolarni o‘z vaqtida hal qilishga e’tibor qaratish ham zarur.
Muhokama davomida senatorlar tomonidan ichki ishlar organlari faoliyatining samaradorligini yanada oshirishga qaratilgan aniq takliflar va tavsiyalar bildirildi. Xususan, profilaktika inspektorlariga yaratilgan qulay moddiy-maishiy shart-sharoitlarni saqlab qolish, xizmatni samarali amalga oshirish uchun ularga keng imkoniyatlar va shart-sharoitlar yaratib berish, shu jumladan, ularga xizmatni o‘tash hududlarida xizmat uylari ajratish hamda imtiyozli kredit asosida avtomashina xarid qilish imkoniyatini berish borasida hukumat tomonidan ko‘rilayotgan ishlarni yanada kuchaytirish muhimligi qayd etildi. Sohada amalga oshirilayotgan shu va boshqa bir qator chora-tadbirlar profilaktika inspektorlari samarali xizmat ko‘rsatishi uchun muhim omildir.
Muhokama yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining tegishli qarori qabul qilindi.
So‘ngra senatorlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining milliy qonun hujjatlari talablarini hamda 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasidan kelib chiqadigan vazifalarni bajarish borasidagi faoliyati to‘g‘risidagi axboroti eshitildi va muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, qisqa vaqt ichida O‘zbekiston tashqi siyosiy faoliyatida katta ishlar amalga oshirildi. O‘zbekiston tomonidan xorijiy davlatlar bilan, birinchi navbatda, qo‘shni mamlakatlar bilan olib borilayotgan ochiq, amaliy, o‘zaro manfaatli tashqi siyosat butun Markaziy Osiyo mintaqasi uchun muhim ahamiyatga ega ekanligi qayd etildi. Qo‘shni mamlakatlar bilan munosabatlarda tamomila yangi siyosiy muhit qaror toptirishga, siyosiy ishonch darajasini yanada oshirishga hamda hamkorlikning ko‘pgina sohalarida yuqori natijalarga erishildi.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida qo‘shni mamlakatlar bilan davlat chegaralarini delimitatsiya va demarkatsiya qilish hamda suv-energetika muammolarini hal etish borasida muzokaralar jarayoni ancha jonlandi.
Bugungi kunda tashqi siyosat xorijiy davlatlar bilan savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamkorlik va turizmni rivojlantirish bo‘yicha aniq vazifalarni hal qilishga qaratilgan.
Ta’kidlash joizki, hisobot davrida mamlakatimiz tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faolligi sezilarli darajada oshdi. Jumladan, yil davomida oliy darajada 22 ta o‘zaro tashrif amalga oshirildi, 60 dan ortiq davlat va xalqaro tuzilmalar rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. 400 ga yaqin hujjat, shu jumladan, 110 ta xalqaro shartnoma – 21 tasi davlatlararo, 48 tasi hukumatlararo va 41 tasi idoralararo hujjat, shuningdek, muassasa va mintaqalar o‘rtasida 61 ta hujjat imzolandi. Davlatimiz rahbarining XXR, RF, Turkiya, AQSh, Janubiy Koreyaga qilgan tashriflari tarixiy ahamiyat kasb etdi. Xo‘jalik yurituvchi subyektlar bilan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sohalarda 60 milliard AQSh dollarilik 200 dan ortiq shartnoma va bitimlar tuzildi.
Ikki tomonlama kelishuvlarni so‘zsiz amalga oshirish uchun savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, texnologik, moliya-texnik, transport-kommunikatsiya va madaniy gumanitar hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha 41 ta “yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.
O‘zbekistonning xorijiy mamlakatlar bilan umumiy tovar aylanmasi joriy yilning o‘tgan 10 oyi mobaynida 16,6 foizga oshdi va 22 milliard AQSh dollaridan ziyodni tashkil etdi. Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan savdo-sotiq qilish bobida ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda.
Xalqaro tashkilotlar (BMT, ShHT, MDH, IHT) bilan muloqot yanada samarali kechmoqda. O‘zbekiston bir qator xalqaro tuzilmalar bilan aloqalarini tikladi. Ularning imkoniyatlaridan foydalanib, O‘zbekiston yangi tashabbuslarni ilgari surdi va ular jahon hamjamiyati tomonidan keng ma’qullanib, qo‘llab-quvvatlandi.
Shu bilan birga, vazirlik faoliyatida ayrim muammo va kamchiliklar qayd etilib, ularni hal qilish va faoliyatini yanada takomillashtirishga qaratilgan zarur choralar ko‘rilishi talab etilmoqda. Jumladan, o‘tkazilayotgan xalqaro tadbirlarni aniq mazmun bilan yanada boyitish, ularning samaradorligini oshirish va erishilgan kelishuvlarning ijro etilishi ustidan monitoringni kuchaytirish borasidagi ishlarni jonlantirish zarur.
Senatorlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirishga va hisobotni eshitish chog‘ida ko‘rsatilgan mavjud kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan taklif va tavsiyalar bildirildi.
Muhokama yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining tegishli qarori qabul qilindi.
So‘ngra senatorlar davlat ehtiyojlari uchun qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklarining ta’minotchi, xizmat ko‘rsatuvchi hamda boshqa tashkilotlar oldidagi qarzdorligini keltirib chiqaruvchi sabablar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – qishloq va suv xo‘jaligi vaziri Z.T.Mirzayevga yuborilgan parlament so‘roviga javobni eshitdilar. Senatorlar ta’kidlaganidek, parlament so‘rovida ko‘tarilgan masalalarni hal qilish maqsadida Vazirlar Mahkamasida vazirlik va idoralar rahbarlaridan tarkib topgan ishchi guruh tuzildi. Muammoni o‘rganish va tahlil qilish natijalariga ko‘ra ishchi guruh tomonidan chora-tadbirlar dasturi tasdiqlanib, unga muvofiq tegishli ishlar amalga oshirildi. Xususan, 2017-yilgi paxta hosili xomashyosining xarid narxi 2016-yildagiga nisbatan 56 foizga oshirildi. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining davlat xaridi va qishloq xo‘jaligini texnika bilan jihozlashni maqsadli moliyalashtirish jamg‘armasi tashkil etildi. Ushbu Jamg‘arma tomonidan 2017-yil hosili uchun fermer xo‘jaliklari xarajatlarini moliyalashtirish maqsadida 2 trillion 905 million so‘m yoki 2016-yilga nisbatan 132 foiz miqdorida imtiyozli kreditlar ajratildi.
So‘ngra senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tarkibiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi, O‘zbekiston Respublikasining Gruziyadagi Favqulodda va muxtor elchisi lavozimiga tayinlash to‘g‘risidagi, O‘zbekiston Respublikasining Yaponiyadagi Favqulodda va muxtor elchisi lavozimiga tayinlash to‘g‘risidagi masalalarni hamda Senat vakolatiga kiradigan boshqa qator masalalarni ko‘rib chiqdilar.
O‘n uchinchi yalpi majlis davomida 26 ta masala, shu jumladan, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning samaradorligini oshirish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirishga qaratilgan 15 ta qonun ko‘rib chiqildi. Ta’kidlanganidek, senatorlar tomonidan qabul qilingan qarorlar xalqaro hamkorlikni kengaytirishning, mamlakatimiz tevaragida xavfsizlik muhitini yaratish, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari kafolatlarini yanada mustahkamlashning, mamlakatimizda barqarorlik va farovonlikni ta’minlashning muhim omili bo‘lib xizmat qiladi.
Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n uchinchi yalpi majlisi o‘z ishini yakunladi.