O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Muhokamada – maktabgacha ta’lim tizimi
2017-12-19 | Siyosat
Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida maktabgacha ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar va istiqboldagi vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor majlisi bo‘lib o‘tmoqda.
Majlisda Prezident Shavkat Mirziyoyev keyingi 20 yil davomida davlat tasarrufidagi maktabgacha ta’lim muassasalari soni 45 foizga kamaygani, 2,45 million boladan 818 ming nafarigina bog‘chalarga qamrab olinganini ta’kidladi.
Bog‘chalarda bolani ijtimoiy, shaxsiy, hissiy, nutqiy, matematik, fizio-psixologik, jismoniy va ijodiy rivojlantirish bo‘yicha ta’lim dasturlari joriy etilmagan. Qisqa qilib aytganda, bog‘chalar ta’lim muassasasi vazifasini bajarish o‘rniga ota-ona ishda bo‘lgan vaqtda bolaga qarab turadigan muassasaga aylanib qolgan.
Ayrim mutasaddilarining sustkashligi tufayli sohani rivojlantirish bo‘yicha belgilangan ishlar vaqtida bajarilmayapti. Jumladan, har bir shahar va tumanda bittadan nodavlat bolalar bog‘chasini ochish borasidagi ko‘rsatkichlar rejadan orqada qolgan. Joylardagi bog‘chalarda qurilish ishlari to‘liq yakuniga yetkazilmagan.
Majlisda bolalar xavfsizligini ta’minlash uchun bog‘chalar hududini o‘rash, bog‘chalarda malakali tibbiy xizmatni tashkil etish masalalari ko‘rib chiqildi.
Shunday kamchiliklarni inobatga olib davlatimiz rahbari qator takliflarni ilgari surdi.
Xususan, 2017-2021-yillarga mo‘ljallangan Dastur asosida bog‘chalar qurish va rekonstruksiya qilish ishlari davom ettiriladi. 2018 yilda davlat byudjetidan 427 bog‘chada qurilish-ta’mirlash ishlari uchun 771 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev aytganidek, davlat-xususiy sheriklik asosida yangi turdagi maktabgacha ta’lim muassasalar faol tashkil etiladi.
Bog‘chalarda bolalarni sog‘lom ovqatlantirish va ularga berilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari sifatli bo‘lishini ta’minlash uchun bir bolani ovqatlantirish uchun ajratilayotgan mablag‘ miqdori oshiriladi, har bir maktabgacha ta’lim muassasasiga fermer va tadbirkorlik sub’ektlarini biriktiriladi.
2018-yilda Janubiy Koreya tajribasi asosida maktabgacha ta’lim muassasalarini uslubiy va didaktik o‘yinlar, o‘yinchoqlar, mebel, jihozlar va boshqa texnik vositalar bilan ta’minlash me’yorlarini ishlab chiqish ko‘zda tutilmoqda.
Maktabgacha ta’lim tizimi oldiga qo‘yiladigan davlat talablari, ta’lim-tarbiya dasturlari ilg‘or xorijiy tajriba asosida takomillashtiriladi. Ushbu dasturlar bolalarga o‘qish va yozishni turli o‘yinlar orqali o‘rgatish, ularning zerikmasligi, bezor bo‘lmasligi, aksincha, bog‘chaga xursand bo‘lib boradigan bo‘lishiga xizmat qiladi.
Shuningdek, bu dasturlarda yuqori malakali tarbiyachi va murabbiy kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirish masalasiga alohida e’tibor qaratiladi. Maktabgacha ta’lim uchun kadrlar tayyorlaydigan institutlarning qabul kvotalarini tabiiy ehtiyojdan kelib chiqib belgilanadi.
Majlisda ta’kidlanganidek, maktabgacha ta’lim sohasini takomillashtirish maqsadlariga xorijiy investitsiyalar keng jalb qilinadi va tizimga oid me’yoriy-huquqiy hujjatlar bazasi tubdan takomillashtiriladi.