O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Ishlaydigan keksalari soni eng ko‘p mamlakatlar reytingi e’lon qilindi
2017-12-15 | Jamiyat
Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti yoshi 65 dan oshsa-da, ishlashda davom etayotgan fuqarolari soni eng ko‘p bo‘lgan mamlakatlar ro‘yxatini e’lon qildi.
Tashkilot hisobotida keltirilishicha, ushbu ro‘yxatda yetakchilik qilayotgan Irlandiyaning 65 yoshdan 69 yoshgacha bo‘lgan 56,3 foiz fuqarosi ishlashda davom etmoqda. Ikkinchi o‘rinni Indoneziya (50,6 foiz) va uchinchi o‘rinni Janubiy Koreya (45 foiz) egalladi.
Yaponiya (42,8 foiz), Chili (39,9 foiz), Isroil (39,3 foiz), Meksika (38,6 foiz), Xitoy (36 foiz) va Hindiston (35,8 foiz) ham mazkur ro‘yxat o‘ntaligidan joy oldi.
Ishlaydigan keksalar soni eng kam mamlakatlar beshligidan esa yetakchilikni Lyuksemburg egalladi. Hisobotga ko‘ra, bu yerda 65 yoshdan keyin hech kim umuman ishlamaydi. Bu ko‘rsatkich Belgiyada 4,7 foizni, Vengriyada 5,3 foizni, Sloveniyada 5,2 foizni, Slovakiyada 5,6 foizni tashkil etmoqda.
Ma’lumot o‘rnida shuni aytish joizki, ushbu ro‘yxatdagi ko‘rsatkichlar Yevropa va Osiyo mamlakatlaridagi madaniy xilma-xillik va qonunchilikdagi farqlar bilan bog‘liq. Masalan, Yevropaning ayrim davlatlarida pensiya yoshiga yetgan odamlar ishlashda davom etsa, jarimaga tortilishi mumkin. Ayrim davlatlarda hukumatning pensiyaga chiqish muddatini uzaytirish borasidagi harakatlari fuqarolarning noroziligiga sabab bo‘lgan bo‘lsa, boshqa davlatlarda, ayniqsa, Osiyo mamlakatlarida bunday chora-tadbirlar fuqarolar tomonidan keng qo‘llab-quvvatlangan. Xususan, Yaponiyada 2025-yilga borib fuqarolarning pensiyaga chiqish yoshini 65 yoshgacha uzaytirish rejalashtirilmoqda.