O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sooronbay Jeenbekovning qo‘shma bayonoti

2017-12-14 | Hujjatlar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sooronbay Jeenbekov 2017-yil 13-14-dekabr kunlari rasmiy tashrif bilan O‘zbekiston Respublikasida bo‘ldi.

Ochiq, do‘stona va konstruktiv muhitda o‘tgan samarali muzokaralar davomida Davlat rahbarlari O‘zbekiston Respublikasi bilan Qirg‘iziston Respublikasi (keyingi o‘rinlarda – «Tomonlar») o‘rtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi munosabatlarning hozirgi darajasiga yuqori baho berdilar.

Prezidentlar ko‘p qirrali O‘zbekiston-Qirg‘iziston hamkorligini yanada rivojlantirishning keng qamrovli masalalari, shuningdek, Tomonlarni qiziqtirgan dolzarb mintaqaviy va xalqaro masalalar bo‘yicha fikr almashdilar.

Davlat rahbarlari ikki tomonlama munosabatlarga strategik xususiyat bag‘ishlash ikkala mamlakat xalqlarining hayotiy muhim va uzoq muddatli manfaatlariga javob berishi, shuningdek, Markaziy Osiyoda tinchlik, barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlashda asosiy omil bo‘lib xizmat qilishiga ishonch bildirgan holda, ikki mamlakat xalqlari o‘rtasida ahil qo‘shnilik va o‘zaro hurmat tamoyillariga asoslangan ko‘p asrlik tarixiy va madaniy umumiylikdan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi bilan Qirg‘iziston Respublikasi o‘rtasidagi diplomatik munosabatlarning 25 yilligiga alohida e’tibor qaratgan holda, 1996-yil 24-dekabrda imzolangan O‘zbekiston Respublikasi va Qirg‘iziston Respublikasi o‘rtasida abadiy do‘stlik to‘g‘risida Shartnoma qoidalariga hamda 2017-yil 5-oktabrda imzolangan O‘zbekiston Respublikasi bilan Qirg‘iziston Respublikasi o‘rtasida strategik sheriklik, do‘stlik, ahil qo‘shnilik va ishonchni mustahkamlash to‘g‘risida Deklaratsiyaga amal qilgan holda,

O‘zbekiston-Qirg‘iziston munosabatlarini yanada kengaytirish va chuqurlashtirish, Tomonlar o‘rtasida erishilgan kelishuvlarning o‘z vaqtida va to‘laqonli amalga oshirilishini ta’minlashga intilib, quyidagilar to‘g‘risida bayonot beradilar:

1. Davlat rahbarlari ikki mamlakatning mustaqilligi, suvereniteti, hududiy yaxlitligi va chegaralar daxlsizligini hurmat qilish, bir-birlarining ichki ishlariga aralashmaslik, teng huquqlilik va o‘zaro manfaatdorlik tamoyillari asosida O‘zbekiston Respublikasi bilan Qirg‘iziston Respublikasi o‘rtasida strategik sheriklik, do‘stlik, ahil qo‘shnilik munosabatlari va ishonchni mustahkamlash va faol rivojlantirishga tayyor ekanliklarini tasdiqlaydilar.

2. Tomonlar konstruktiv siyosiy muloqotni rivojlantirish va O‘zbekiston-Qirg‘iziston munosabatlarini izchil kengaytirish maqsadida oliy va yuqori darajalarda muntazam aloqalarni qo‘llab-quvvatlashga kelishib oldilar.

O‘zbekiston tomoni 2017-yil 15-oktabrda Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti demokratik saylovlari muvaffaqiyatli o‘tkazilganini e’tirof etdi.

Qirg‘iziston tomoni Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahatlashuvlari bo‘yicha uchrashuvlarni muntazam tashkil qilish, shuningdek, mintaqa mamlakatlari tomonidan Markaziy Osiyoda xavfsizlik, tinchlik va barqaror taraqqiyotni ta’minlash bo‘yicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni kengaytirish to‘g‘risida BMT Bosh Assambleyasi rezolyutsiyasining o‘zaro maqbul loyihasini ishlab chiqish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

3. Davlat rahbarlari O‘zbekiston Respublikasi bilan Qirg‘iziston Respublikasi o‘rtasida Davlat chegara chizig‘ini huquqiy rasmiylashtirishni yakunlash hamda uni do‘stlik, ahil qo‘shnilik va hamkorlik chegarasiga aylantirish ikki qardosh xalqning hayotiy muhim manfaatlariga javob berishini ta’kidladilar.

Tomonlar O‘zbekiston-Qirg‘iziston Davlat chegarasining qolgan qismi bo‘yicha tezroq o‘zaro maqbul yechim topish yuzasidan tizimli va konstruktiv ishlarni davom ettirish hamda chegara hududida ishonchni imkon qadar mustahkamlashga kelishib oldilar.

Prezidentlar O‘zbekiston-Qirg‘iziston Davlat chegarasida o‘tkazish punktlarining to‘laqonli faoliyat yuritishi ikkala xalq manfaatlariga xizmat qilishini hamda madaniy-gumanitar va savdo-iqtisodiy sohalarda ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishini e’tirof etdilar.

4. Davlat rahbarlari Tomonlar o‘rtasida imzolangan ikki tomonlama hujjatlarni o‘z vaqtida va so‘zsiz bajarishga sodiq ekanliklarini bildirdilar hamda savdo-iqtisodiy, bank-moliyaviy, ilmiy-texnikaviy, transport-kommunikatsiyaviy, atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiatdan foydalanish, turizm va boshqa sohalardagi hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy bazasini yanada takomillashtirish bo‘yicha sa’y-harakatlarni amalga oshirishga kelishib oldilar.

5. Tomonlar davlatlararo munosabatlarni rivojlantirishda parlamentlar o‘rtasidagi hamkorlikning alohida o‘rnini qayd etgan holda, ikki mamlakat qonun chiqaruvchi organlari o‘rtasidagi aloqalarning faollashuvini ijobiy baholadilar hamda parlamentlararo muloqot va aloqalarni yanada qo‘llab-quvvatlash zarurligini e’tirof etdilar.

2017-yil 5-sentabrda imzolangan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi bilan Qirg‘iziston Respublikasi Jogorku Keneshi o‘rtasida parlamentlararo hamkorlik to‘g‘risida Memorandumni amalda tatbiq qilish muhimligi qayd etildi.

6. Prezidentlar o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish ikki tomonlama strategik sheriklik munosabatlarining ustuvor yo‘nalishi ekanligini ta’kidladilar.

Tomonlar o‘zaro savdodagi ijobiy o‘sish sur’atini mamnuniyat bilan qayd etdilar hamda ikki tomonlama tovar aylanmasi nomenklaturasini diversifikatsiya qilish va yaqin yillarda uning hajmini 500 mln. AQSh dollariga yetkazish uchun salohiyat mavjudligini ta’kidladilar.

Tomonlar ikki mamlakat bozorlarida xaridorgir bo‘lgan yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlarni tovar aylanmasiga jalb qilish orqali o‘zaro savdo nomenklaturasini yanada kengaytirish muhimligini qayd etdilar.

Tomonlar tashqi savdo infratuzilmalari va eksport-import operatsiyalarini qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini faol rivojlantirish, shuningdek, o‘zarolik asosida biznes-forumlar va sanoat mahsulotlarining milliy ko‘rgazmalarini tashkil qilish zarurligini ta’kidladilar.

Tomonlar ishbilarmon doiralar o‘rtasida aloqalarni kengaytirish hamda salmoqli savdo bitimlari va shartnomalarni tuzishga ko‘maklashgan o‘zaro milliy ko‘rgazmalar va biznes-forumlar 2017 yil sentabr-oktabr oylarida Toshkent va Bishkek shaharlarida muvaffaqiyatli o‘tkazilganligini qayd etdilar.

Qirg‘iziston tomoni tashrif davomida 2017-yil 14-dekabrda Toshkent shahrida tashkil etilgan O‘zbekiston mahsulotlari ko‘rgazmasiga yuqori baho berdi.

Davlat rahbarlari 2017-yil 13-14-dekabrda Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan ikki davlat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi muzokaralar va ularning yakuni bo‘yicha imzolangan yangi shartnomalarni mamnuniyat bilan qayd etdilar.

7. Tomonlar tashriflar bilan almashish, hamkorlikning barcha sohalarida qo‘shma tadbirlarni amalga oshirish, ikki mamlakat fuqarolari o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish orqali O‘zbekiston va Qirg‘iziston mintaqalari o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlashga ustuvor ahamiyat beradilar.

2017-yil 5-sentabrda imzolangan O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Qirg‘iziston Respublikasi Hukumati o‘rtasida mintaqalararo hamkorlik to‘g‘risida Bitimni amalda tatbiq qilish muhimligi qayd etildi.

Qirg‘iziston tomoni O‘zbekiston tomonining ikki mamlakat bosh vazirlari boshchiligida chegaraoldi viloyatlar hokimlari va ma’muriyat rahbarlari Kengashining birinchi majlisini O‘zbekistonda o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifini qo‘llab-quvvatladi.

8. Davlat rahbarlari agrosanoat majmuasi, qishloq xo‘jaligi, mashinasozlik va yengil sanoat, transport va aloqa korxonalarining ishlab chiqarish kooperatsiyasini kengaytirish, shuningdek, muhim qo‘shma loyihalar sonini oshirish uchun katta salohiyat mavjudligini qayd etdilar.

Tomonlar Qirg‘iziston Respublikasi hududida O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi texnikasi, yengil avtomobillari, avtobuslari, maxsus tirkamali va maishiy texnikalarining yig‘uv ishlab chiqarishini tashkil qilish, shuningdek, to‘qimachilik sohasida va qurilish materiallarini ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma korxonalar yaratish yuzasidan loyihalarni amalda tatbiq etish muhimligini ta’kidladilar.

Shu bilan birga, Tomonlar ko‘rsatib o‘tilgan loyihalar bilan cheklanib qolmasdan, sanoat kooperatsiyasining yangi istiqbolli yo‘nalishlarini birgalikda qidirishga kelishib oldilar.

9. Davlat rahbarlari 2018-2021-yillarga mo‘ljallangan iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va gumanitar hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo Dasturni izchil amalga oshirish iqtisodiyotning turli soha va tarmoqlarida o‘zaro aloqalarni mustahkamlashga ko‘maklashib, o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilishini qayd etdilar.

10. Prezidentlar tashqi bozorlarga eng qisqa va samarali chiqishni ta’minlovchi transport va tranzit yo‘laklarini rivojlantirish sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikning strategik xususiyatini ta’kidladilar.

Davlat rahbarlari mintaqadagi eng ko‘p foyda keltiradigan va samarali tranzit yo‘lagi sifatida Markaziy Osiyoning jozibadorligini oshirishga ko‘maklashadigan «Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston» temir yo‘l magistralini tez fursatda qurish ikki mamlakat tub manfaatlariga to‘la javob berishini alohida qayd etdilar.

Shu munosabat bilan Tomonlar mazkur loyihani tezroq amalda tatbiq qilish bo‘yicha birgalikdagi ishlarni faollashtirishga kelishib oldilar.

Mintaqa transport yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilishda muhim omillardan biri hisoblanadigan «Toshkent–Andijon–O‘sh–Irkeshtom–Qoshg‘ar» yo‘nalishi bo‘yicha 2017-yil 30-oktabrdan 3-noyabrga qadar tashkillashtirilgan xalqaro sinov avtosafariga yuqori baho berildi.

Tomnlar mintaqada yuk tashish hajmini yanada oshirish maqsadida mazkur transport yo‘lagi bo‘yicha muntazam tashuvlarni tezroq yo‘lga qo‘yishdan o‘zaro manfaatdor ekanliklari e’tirof etildi.

Tomonlar ikki mamlakat shaharlari o‘rtasida avtobus, temir yo‘l va yangi avia qatnovlarni tashkil qilish O‘zbekiston bilan Qirg‘iziston o‘rtasida yo‘lovchi va sayyohlar oqimini ko‘paytirishga ko‘maklashishini qayd etadilar.

11. Davlat rahbarlari Ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Qirg‘iziston hukumatlararo komissiyasi savdo-iqtisodiy, transport-tranzit va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlash masalalarini hal etishda, shuningdek, mazkur sohalarda ikki mamlakat aloqalarining ustuvor yo‘nalishlarini belgilashda muhim o‘rin tutishini ta’kidladilar.

12. Tomonlar madaniyat, ta’lim, ilm-fan, sport, turizm va tibbiyot kabi sohalarda hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, ommaviy axborot vositalari, ilmiy muassasalar, do‘stlik jamiyatlari va badiiy jamoalar o‘rtasidagi do‘stona almashinuvlarni mustahkamlashda davom etadilar. Tomonlar o‘zaro madaniy almashinuv ikki xalq o‘rtasida do‘stona munosabatlarni mustahkamlash va o‘zaro anglashuvni kuchaytirishga ko‘maklashishini qayd etdilar.

Tomonlar 2014 va 2016-yillarda Qirg‘izistonda bo‘lib o‘tgan hamda BMT Bosh Assambleyasining tegishli rezolyutsiyasini qabul qilish orqali keng qo‘llab-quvvatlangan Butunjahon ko‘chmanchilar o‘yinlarining muhimligini ta’kidlaydilar. Butunjahon ko‘chmanchilar o‘yinlarining madaniyatlararo muloqotni mustahkamlashdagi hissasini e’tirof etgan holda, O‘zbekiston Respublikasi ularni 2018 yil sentabr oyida Qirg‘izistonda o‘tkazish bo‘yicha Qirg‘iziston Respublikasining sa’y-harakatlarini olqishlaydi.

Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga jahon mumtoz adabiyoti namoyondasi Chingiz Aytmatov xotirasini abadiylashtirish to‘g‘risidagi qarori uchun minnatdorlik bildiradi.

2017 yil oktabr oyida Qirg‘iziston Respublikasida O‘zbekiston Respublikasining madaniyati va san’ati kunlari muvaffaqiyatli o‘tkazilganligi ta’kidlandi.

Qirg‘iziston Respublikasining madaniyati va san’ati kunlari 2018 yilda O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadi.

13. Tomonlar bundan buyon ham ikki davlat hududida istiqomat qiluvchi o‘zbek va qirg‘iz diasporalari uchun ona tili, milliy madaniyati, an’ana va urf-odatlarini saqlash hamda rivojlantirish masalalarida qulay sharoitlar yaratib beradilar, o‘z davlatlari hududidagi boshqa Tomon fuqarolarining huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha barcha zarur chora-tadbirlarni amalga oshiradilar.

14. Tomonlar favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularga barham berish sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirishning muhimligini qayd etdilar.

Aholi va hududlarni transchegaraviy xususiyatdagi favqulodda vaziyatlarning yuzaga kelish xavfidan muhofaza qilish bo‘yicha aniq amaliy tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirishda hamkorlikni davom ettirishga tayyorlik bildirildi.

15. Davlat rahbarlari terrorizm, diniy ekstremizm, narkotik va qurollarning noqonuniy muomalada bo‘lishi va boshqa mintaqaviy va xalqaro xavfsizlikka xuruj va tahdidlar bilan kurashishda ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish va jadallashtirish zaruriyatini qayd etdilar.

Ushbu maqsadlarda O‘zbekiston va Qirg‘iziston tegishli idoralarining maslahatlashuvlarini o‘tkazish orqali birgalikdagi harakatlarni takomillashtirish bo‘yicha barcha zaruriy choralar ko‘riladi.

16. Tomonlar Markaziy Osiyoda tinchlik, barqarorlik, xavfsizlik va barqaror rivojlanishni ta’minlashga doir ko‘plab dolzarb masalalar bo‘yicha pozitsiyalarining mos kelishini tasdiqladilar. Markaziy Osiyoda barcha ichki mintaqaviy muammolar bo‘yicha mintaqa davlatlarining faqatgina o‘zlari tomonidan o‘zaro foyda va bir-birlarining manfaatlarini hurmat qilish asosida kelishilgan va o‘zaro maqbul yechimlarga erishish muhimligini ta’kidladilar.

17. O‘zbekiston va Qirg‘iziston Markaziy Osiyoda suv-energetika resurslaridan kompleks foydalanish tarafdoridirlar. Ushbu maqsadlarda mintaqadagi barcha davlatlarning manfaatlari va ehtiyojlarini hisobga olgan holda suv resurslaridan oqilona foydalanish masalasini hal etish uchun o‘zaro manfaatli hamkorlik va o‘zaro maqbul yechimlarni topish bo‘yicha uzoq muddatli barqaror mexanizmlarni ishlab chiqish muhim hisoblanadi.

O‘zbekiston bilan Qirg‘iziston o‘rtasida suvdan foydalanish masalalarini hal etish maqsadida Tomonlar Suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha ikki tomonlama qo‘shma komissiyani tashkil etish va uning majlisini yaqin vaqtlarda o‘tkazishga kelishib oldilar.

18. Tomonlar xalqaro maydonda ikki tomonlama hamkorlikni davom ettirish va mustahkamlash uchun salmoqli salohiyat mavjudligini qayd etdilar hamda Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida O‘zbekiston va Qirg‘iziston hamkorligini yanada rivojlantirishga o‘zaro intilishlarini bildirdilar.

19. Tomonlar Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sooronbay Jeenbekovning joriy tashrifi natijalarini mamnuniyat bilan qayd etdilar hamda bo‘lib o‘tgan muzokaralar va tashrif davomida imzolangan hujjatlar turli sohalarda ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishga yangi turtki berishini, shuningdek, davlatlararo munosabatlarni har tomonlama chuqurlashtirishga salmoqli hissa qo‘shishini ta’kidladilar.

20. Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sooronbay Jeenbekov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga va butun O‘zbekiston xalqiga Qirg‘iziston delegatsiyasiga ko‘rsatilgan mehmondo‘stlik, samimiy va do‘stona qabul uchun minnatdorlik bildirdi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga tashrif bilan Qirg‘izistonda bo‘lishni taklif qildi. Tashrifning aniq muddatlari diplomatik kanallar orqali kelishiladi. 

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev                                              Sooronbay Jeenbekov

 

Toshkent shahri, 2017-yil 13-dekabr

Поделиться