O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Fiskal xotirali nazorat-kassa mashinalari: yangi bosqich va imkoniyatlar
2017-12-08 | Iqtisodiyot
Bugungi kunda Qashqadaryo viloyatida 11 ming 681 ta naqd pul tushumiga ega savdo va pulli xizmat ko‘rsatish shoxobchalari faoliyat ko‘rsatmoqda. Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida ular tomonidan bank kassalariga 931 milliard so‘mdan ortiq naqd pul mablag‘lari topshirildi.
Albatta, ushbu mablag‘lar bank kassalariga o‘z-o‘zidan tushayotgani yo‘q. Bu davlat soliq xizmati organi xodimlari tomonidan subyektlarda kun davomida naqd savdo pulining nazorat-kassa mashinasiga kirim qilinishiga qaratilgan xronometraj tadbirlarning muntazam o‘tkazilayotganligi samarasidir.
Ayni paytda shuni ham afsus bilan aytish kerakki, tadbirkorlik subyektlari tomonidan hisoblanadigan soliq va boshqa majburiy to‘lovlar summasini kamaytirish, naqd pul tushumlarini bank kassalariga topshirmasdan yashirish maqsadida xaridorlarga nazorat-kassa mashinasi chekini bermaslik, nazorat-kassa mashinasini nosoz holatga keltirish, fiskal xotiradagi ma’lumotlarni qasddan o‘zgartirish, nazorat-kassa mashinalarini yo‘qotish orqali amalga oshirilgan tovar aylanmalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni soxtalashtirish kabi holatlar hamon uchrab turibdi.
Natijada, naqd pul tushumlarining haqiqiy hajmini aniqlash maqsadida davlat soliq xizmati organlari xodimlari juda ko‘p vaqt talab etiladigan xronometraj tadbirlariga muntazam ravishda jalb etishga to‘g‘ri kelmoqda. Masalan, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida 83 mingdan ortiq ana shunday tadbirlar o‘tkazildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida davlat soliq xizmati organlari tomonidan viloyatda savdo va pulli xizmat ko‘rsatish qoidalariga rioya qilinishi yuzasidan 1483 marotaba tekshirish o‘tkazilgan.
Ularning 1173 tasida xaridorga jami 231 million so‘mga nazorat-kassa mashinasi chekini bermaslik holati aniqlangan. Shuningdek, 306 ta savdo do‘konida umuman nazorat-kassa mashinasi o‘rnatilmaganligi ma’lum bo‘ldi.
Yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, bu masalada sohaga yangiliklarni joriy etishni davrning o‘zi talab etmoqda. Xususan, buning uchun joylarda fiskal xotirali nazorat-kassa mashinalar qo‘llanishini yanada takomillashtirish va nazorat qilish tizimini kengaytirish muhim ahamiyat kasb etadigan vazifalardan biridir.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 18 iyuldagi «Soliq ma’muriyatchiligini tubdan takomillashtirish, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning yig‘iluvchanligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni bilan davlat soliq xizmati organlari tizimini isloh etishning muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida soliq ma’muriyatchiligi jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va ilg‘or avtomatlashtirilgan tahlil uslublarini keng joriy etish, soliq to‘lovchilarga, eng avvalo, tadbirkorlik subyektlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotsiz elektron xizmat ko‘rsatishga to‘liq o‘tish belgilangan.
Ushbu vazifalar, shuningdek, Farmon bilan tasdiqlangan «Davlat soliq xizmati organlari faoliyati va soliq ma’muriyatchiligining samaradorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi»ning ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 29 sentabrdagi «Fiskal xotirali nazorat-kassa mashinalarini qo‘llash tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.
Ushbu qaror bilan tovarlarni realizatsiya qilish, ishlarni bajarish va xizmatlar ko‘rsatishda aholi bilan amalga oshiriladigan hisob-kitoblar hajmini aniqlash maqsadida 2018 yilning 1 yanvaridan boshlab Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyatlar markazlarida 500 tadan 1000 tagacha bo‘lgan onlayn nazorat-kassa mashinalari tajriba-sinov tariqasida amaliyotga joriy etiladi.
2018 yilning 1 iyulidan ushbu hududlardagi barcha yuridik shaxslar, 1 dekabridan esa barcha yuridik va jismoniy shaxslar tovarlarni realizatsiya qilish, ishlarni bajarish va xizmatlar ko‘rsatishda aholi bilan naqd puldagi hisob-kitoblarni majburiy tarzda faqat onlayn nazorat-kassa mashinalarini qo‘llagan holda amalga oshirish bosqichma-bosqich joriy etiladi.
Mazkur qarorning qabul qilinishi xaridorlarga berilgan nazorat-kassa mashinalari cheklarining markazlashgan elektron ma’lumotlar bazasini yaratadi. Nazorat-kassa mashinalaridan foydalanmayotgan savdo shoxobchalarini onlayn rejimda aniqlab, tezkor choralar ko‘rishga imkon beradi. Shuningdek, nazorat-kassa mashinalari orqali xaridorlarga berilgan cheklar haqidagi ma’lumotlarni qasddan o‘zgartirish, tushum summasini kamaytirish, nazorat-kassa mashinalarini yo‘qotish, buzish yoki ro‘yxatdan o‘tmagan nazorat-kassa mashinalaridan foydalanish, shuningdek, ikkilamchi buxgalteriya yuritish kabi holatlarga chek qo‘yiladi.
Shuni ham aytib o‘tish kerakki, onlayn nazorat-kassa mashinalarining amaliyotga tatbiq etilishi tadbirkorlik subyektlarining naqd pul tushumi bilan bog‘liq faoliyatiga aralashish va turli xil nazorat tadbirlari o‘tkazilishining kamayishiga ham olib keladi.