O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Banklar uyushmasida hisobot va audit standartlariga bag‘ishlangan anjuman bo‘lib o‘tdi
2017-12-08 | Iqtisodiyot
O‘zbekiston Banklar uyushmasida yurtimizdagi yetakchi tijorat banklari, audit tashkilotlari va o‘quv muassasalari xodimlari ishtirokida “Moliya hisoboti va auditning xalqaro standartlari: qonunchilik, amaliyot va ularni joriy etish muammolari” mavzusida ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.
Konferensiya 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi, Prezidentimizning 2017-yil 12-sentabrdagi “Respublika bank tizimini yanada rivojlantirish va barqarorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda Vazirlar Mahkamasining joriy yil 12-maydagi “Auditorlik tashkilotlari faoliyatining huquqiy asoslarini yanada takomillashtirishni ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlari ijrosi doirasida tashkil etildi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi, Markaziy bank, Banklar uyushmasi, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi hamda Auditorlar palatasi hamkorligida o‘tkazildi.
O‘zbekiston Banklar uyushmasi bosh direktori S.Abdullayev, Auditorlar palatasining kuzatuv kengashi raisi N.Karimov, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori A.Burhonov va boshqalar Prezidentimiz farmoniga muvofiq tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasida yurtimizda qulay ishbilarmonlik va investitsiyaviy muhit yaratish, jahon integratsiya jarayonlarida faol ishtirok etish bo‘yicha muhim vazifalar belgilanganini ta’kidladi.
Anjumanda mamlakatimiz iqtisodiyotiga chet el investitsiyalarini keng jalb qilish, erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini tashkil etish, yetakchi xorijiy institutlar bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, davlat mablag‘larini sarf etishga doir ma’lumotlarning ochiqligini ta’minlash kabi masalalar muhokama etildi. Ushbu muhim vazifalarni amalga oshirish umumqabul qilingan zamonaviy me’yor va standartlar, jumladan, moliya hisoboti va auditning xalqaro standartlarini mamlakatimizda bosqichma-bosqich joriy qilish bo‘yicha tegishli ishlarni amalga oshirish zaruratini taqozo etadi.
Xalqaro standartlar asosida buxgalteriya hisobini yuritish taqdim etilayotgan ma’lumotlar ochiqligi, ishonchliligi va xolisligi ta’minlanishiga bog‘liq. Bu ko‘p jihatdan sarmoyadorlar va banklar tomonidan korxonalar faoliyatini rivojlantirish uchun mablag‘ ajratish bilan bog‘liq masalalarni hal etishga xizmat qiladi. Mamlakatimiz miqyosida moliya hisobotining xalqaro standartlarini joriy etish to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilishda muhim ahamiyatga ega. Bu ishlab chiqarishni kengaytirish va modernizatsiya qilish, yangi ish o‘rinlari yaratish, Davlat byudjetiga soliq tushumlari hajmini oshirish, iqtisodiy o‘sish barqarorligini ta’minlashga yo‘naltirilgan.
Mamlakatimizda xalqaro standartlar asosidagi buxgalteriya hisobi va audit tizimini tubdan takomillashtirishga qaratilgan islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, bu borada tegishli qonunlar, davlat dasturlari, Prezidentimizning farmon va qarorlari qabul qilingan. Yurtimizda moliya hisobotining xalqaro standartlariga o‘tish bo‘yicha milliy iqtisodiyotimizga moslashtirilgan o‘ziga xos yo‘l tanlangan bo‘lib, u buxgalteriya hisobining xalqaro standartlarga mos milliy standartlarini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etishni nazarda tutadi.
Anjumanda so‘zga chiqqan “JPA International” audit tashkilotlari xalqaro tarmog‘i prezidenti Jak Potdeven (Fransiya), “Sodrujestvo” Auditorlar assotsiatsiyasi o‘zini-o‘zi boshqarish tashkilotining bosh direktori O.Nosova (Rossiya) kabi atoqli xalqaro ekspertlar va boshqalar moliya hisoboti va auditning xalqaro standartlarini amaliyotga to‘liq joriy etish ushbu standartlarning mazmun-mohiyatini chuqur anglash, ularning uslubiy jihatlarini mohirona qo‘llash, milliy standartlarni xalqaro mezonlarga maksimal darajada moslashtirish, sohaning me’yoriy-huquqiy bazasini ilg‘or xorijiy tajribani hisobga olgan holda yanada takomillashtirish, mutaxassis-amaliyotchilar va ilmiy tadqiqotchilarning chet elda malaka oshirishi hamda amaliyotchi buxgalterlarni sertifikatlash ishlarini yo‘lga qo‘yishni talab etishini alohida ta’kidladi.
Anjuman yakunlari bo‘yicha ishtirokchilar tomonidan mamlakatimiz buxgalteriya hisobi va audit sohasidagi qonunchilikni yanada takomillashtirish bo‘yicha ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalar taqdim etildi.