O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Ommaviy axborot vositalari vakillari uchun bayonot
2017-12-06 | Siyosat
Muhtaram Prezident Janobi Oliylari!
Hurmatli ommaviy axborot vositalari vakillari!
Avvalambor, Afg‘oniston Prezidenti Ashraf G‘ani Janobi Oliylari boshchiligidagi nufuzli delegatsiyani O‘zbekiston zaminida muborakbod etishdan g‘oyat mamnun ekanimni izhor etaman.
Biz hozirgina uchrashuvlarimizning rasmiy qismini yakunladik.
Ochiqlik, o‘zaro hamfikrlik, do‘stona va amaliy ruhda o‘tgan muzokaralar chog‘ida muhokama qilingan barcha masalalar bo‘yicha yondashuv va qarashlarimiz yaqin va o‘xshash ekanligi namoyon bo‘ldi.
Hamkorligimizning dolzarb mavzulari ko‘rib chiqildi. Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar, xususan, terrorizm, ekstremizm va narkotrafikka qarshi kurash, Markaziy Osiyoda xavfsizlikni mustahkamlash yuzasidan fikr almashildi.
O‘zbekiston Afg‘onistonda tinchlik va osoyishtalik o‘rnatilishiga qaratilgan barcha amaliy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlaydi.
Afg‘oniston muammosini harbiy yo‘l bilan hal etish mumkin emas. Bu o‘lkada tinchlik va barqarorlik o‘rnatishning eng to‘g‘ri yo‘li – bu siyosiy muzokaralar olib borishdir.
Donor davlatlar va tashkilotlarning moliyaviy, iqtisodiy va insonparvarlik yordamiga tayangan holda va Birlashgan Millatlar Tashkilotining faol ishtirokida umummilliy yarashuvga erishish muhimdir.
Biz Afg‘oniston hukumatining mamlakatda barqarorlik va tinchlik o‘rnatish, muzokaralar orqali umummilliy yarashuvga erishish, ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yaxshilash yo‘lidagi sa’y-harakatlarini to‘la qo‘llab-quvvatlaymiz.
Qo‘shni Afg‘onistondagi tinchlik Markaziy Osiyoning barqaror va izchil rivojlanish istiqbollarini to‘liq ro‘yobga chiqarish uchun imkon yaratadi.
Yaqinda Samarqand shahrida yuqori darajada o‘tkazilgan Xalqaro konferensiyada Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish mintaqa va jahon miqyosida muhim masala ekani alohida ta’kidlandi.
Bizning birinchi galdagi vazifamiz Afg‘onistonning mintaqaviy iqtisodiy-ijtimoiy jarayonlarga qo‘shilishi uchun har tomonlama ko‘maklashishdan iborat.
Bu, o‘z navbatida, jahon hamjamiyatining Afg‘onistonda tinch taraqqiyotni ta’minlashga qaratilgan sa’y-harakatlariga uyg‘un va hamohangdir.
O‘zbekiston bundan buyon ham qo‘shni Afg‘onistonni iqtisodiy jihatdan tiklash, uning transport va energetik infratuzilmasini rivojlantirish, milliy kadrlarini tayyorlash jarayonlarida faol ishtirok etadi.
Biz xalqaro maydonda o‘zaro hamkorlik har ikki mamlakat manfaatlariga mos kelishini e’tirof etib, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti va boshqa tuzilmalar doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlash tajribasini davom ettirishga tayyorligimizni ta’kidladik.
Ashraf G‘ani Janobi Oliylari Samarqand shahrida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini hamda Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazini barpo etish to‘g‘risidagi O‘zbekistonning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlaganini biz yuksak qadrlaymiz.
Mazkur tashabbuslar yoshlarni diniy bag‘rikenglik va milliy qadriyatlarimizga mos ravishda tarbiyalash, ularni turli zararli oqimlar va terrorchilik g‘oyalari ta’siridan himoya qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Hurmatli do‘stlar!
Muzokaralar yakuniga ko‘ra, Qo‘shma bayonot, siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlikka oid 20 ta hujjat imzolandi va muhim kelishuvlarga erishildi.
Ikki mamlakat o‘rtasida Xavfsizlik sohasida hamkorlikka oid qo‘shma komissiya tuzish to‘g‘risida Bayonnoma qabul qilindi.
Biz Termiz shahrida Afg‘onistonning konsulxonasini ochish to‘g‘risida ham kelishib oldik.
Sizlarga yaxshi ma’lum, Afg‘oniston delegatsiyasining tashrifi arafasida birinchi marta Toshkent va Kobul o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri havo qatnovlari yo‘lga qo‘yildi. Bu voqea nafaqat chuqur ramziy ma’noga, ayni paytda katta amaliy ahamiyatga egadir.
Endi ikki mamlakat rasmiy vakillari, ishbilarmon doiralari, eng asosiysi – oddiy fuqarolari Toshkent yoki Kobulga bevosita borib-kelish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.
Mintaqa davlatlari hamda O‘zbekiston va Afg‘oniston uchun strategik ahamiyatga ega transport va energetika infratuzilmalarini barpo etish bo‘yicha o‘ta muhim kelishuvlarga erishdik.
Xususan, «Surxon–Puli-Xumri» elektr uzatish liniyasini qurish loyihasi O‘zbekiston mutaxassislari tomonidan amalga oshiriladi.
Biz, shuningdek, «Mozori Sharif–Shibirg‘on–Maymana–Hirot» temir yo‘lini barpo etish bo‘yicha bitimni ham imzoladik.
Afg‘oniston shimolida foydali qazilmalar, jumladan, uglevodorod zaxiralarini izlab topish va ularni o‘zlashtirish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni birgalikda amalga oshirish borasida fikr almashdik.
Savdo va tranzit sohalarida hamkorlik to‘g‘risidagi imzolangan bitimlar iqtisodiy aloqalarimiz ko‘lamini yanada kengaytirishga qaratilgan.
O‘zbekistonda ikki tomonlama savdo-iqtisodiy munosabatlarni yanada rivojlantirish uchun amaliy chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.
Jumladan, temir yo‘l, tranzit va boshqa to‘lovlarning tarif narxlari tushirilib, savdo ayirboshlash hajmini oshirish uchun eng qulay sharoitlar yaratilmoqda.
Ushbu tashrif doirasida umumiy qiymati yarim milliard dollarga teng bug‘doy, qora metall prokati, mineral o‘g‘itlar, qurilish mollari, dukkakli va boshqa mahsulotlar eksporti bo‘yicha kelishuvlar bu yo‘lda katta qadam bo‘ladi.
Biz Afg‘oniston bozoriga mashinasozlik, elektrotexnika, kimyo va tekstil mahsulotlari, zamonaviy yengil va yuk mashinalari, avtobuslar, qishloq xo‘jaligi texnikasi, mineral o‘g‘itlar, qurilish materiallari, oziq-ovqat, meva-sabzavot mahsulotlarini yetkazib berishga tayyorligimizni bildirdik.
Muhtaram Prezident Janobi Oliylari bilan davlatlarimiz o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirishga ham kelishib oldik.
Afg‘onistonliklar uchun o‘zbek tilini o‘rgatish, temir yo‘l hamda boshqa sohalar mutaxassislarini tayyorlash maqsadida Surxondaryo viloyatida maxsus ta’lim markazini tashkil etdik. Afg‘oniston fuqarolari uchun barcha zarur sharoitlar yaratdik.
Afg‘oniston uchun kerak bo‘lgan mutaxassislarni mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlarida o‘qitib berishga tayyormiz.
Shuningdek, Termiz shahridagi ixtisoslashgan shifoxonada Afg‘oniston fuqarolariga tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun barcha sharoitlar yaratildi.
Umumiy madaniy merosimiz ramzi bo‘lgan Abu Rayhon Beruniy (G‘aznada), Alisher Navoiy (Hirotda), Zahiriddin Muhammad Bobur (Kobulda) kabi buyuk siymolar qadamjolarini birgalikda qayta tiklash, ta’mirlash va obodonlashtirish bo‘yicha ham kelishib oldik.
Biz Afg‘onistonning yaqin qo‘shnisi sifatida bu jafokash zaminda tinchlik-osoyishtalik barqaror bo‘lishidan hammadan ko‘ra ko‘proq manfaatdor ekanimizni yana bir bor ta’kid-layman.
Ayni shu maqsadda bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili faoliyat olib bormoqda.
Birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz tufayli munosabatlarimiz bundan keyin yanada rivojlanadi, o‘zaro bordi-keldilar kuchayadi va bularning barchasi ikki xalq manfaatlariga javob beradi, deb ishonaman.
Aminmanki, bo‘lib o‘tgan samarali muzokaralarimiz va imzolangan hujjatlar O‘zbekiston Respublikasi va Afg‘oniston Islom Respublikasi o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli va uzoq muddatga mo‘ljallangan aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
E’tiboringiz uchun rahmat.