Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda mamlakatimizda aholi farovonligini yanada yuksaltirish, ayniqsa, yosh va kam ta’minlangan oilalarni uy-joy bilan ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.
Namanganda Prezidentimizning 2016-yil 22-noyabrdagi “2017 – 2020-yillarda shaharlarda arzon ko‘p kvartirali uy-joylar qurish va rekonstruksiya qilish dasturini amalga oshirishga doir chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida zamonaviy uy-joylar bunyod etildi. 336 oilaga mo‘ljallangan 8 ta yetti qavatli bu uylarda aholining zamonaviy hayot kechirishi uchun barcha sharoit yaratilgan.
“O‘zshaharqurilishinvest” injiniring kompaniyasi buyurtmasiga muvofiq “Toshuyjoy LITI” aksiyadorlik jamiyati loyihalashtirgan va umumiy qiymati 32 milliard so‘m bo‘lgan mazkur loyiha “Ipotekabank” aksiyadorlik tijorat banki tomonidan moliyalashtirildi. Qurilish-montaj ishlari bosh pudratchi “Yangi zamon bino” mas’uliyati cheklangan jamiyati hamda “Degrez qurilish savdo sanoat servis”, “Sardorbek Arslonbek trans”, “Yangiqo‘rg‘on qurilish montaj”, “Muhammadsaid qurilish savdo”, “Quruvchi”, “Kalisto servis” kabi yordamchi pudratchi korxonalar tomonidan amalga oshirildi. Elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvi, oqava suv tarmoqlari bilan ta’minlangan uylar atrofida bolalar maydonchalari, avtomobillarni qo‘yish joyi va boshqa infratuzilma obyektlari barpo etilgan.
– Barcha ayollarning orzusidagi uy bo‘libdi, – deydi yangi uy sohibasi U.Sobirova. – Har bir xonadonga alohida, mustaqil isitish tizimi o‘rnatilgan, oshxona, yuvinish xonalari zamonaviy andozalarda jihozlangan. Lift bir maromda ishlab turibdi. Namangan shahridagi 5-umumta’lim maktabida o‘qituvchi bo‘lib ishlayman, ikki farzandim bor. Shunday uyni anchadan buyon orzu qilardim, Yaratganga shukr, mana ushaldi. Uylarning uzoq muddatga imtiyozli kredit asosida berilayotgani Prezidentimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan beqiyos g‘amxo‘rlik ifodasidir.
Uylarning boshlang‘ich badali davlat tomonidan to‘lab berildi. Yangi uyga ko‘chib o‘tganlar orasida bir guruh jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolar ham bor.
– Shunday zamonaviy uyning birinchi qavatidan hamma havas qiladigan bir xonadonga ega bo‘ldim, – deydi I-guruh nogironi B.Sharifjonov. – Bu hayotdan ezilib yurgan ko‘nglimni tog‘dek ko‘tarib, yashashga ishtiyoqimni yanada oshirdi. Buning uchun davlatimizdan behad minnatdorman. Ilohim, yurtimizdan shunday fayzu baraka ko‘tarilmasin!
Katta ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan bunday bunyodkorlik ishlari izchil davom ettirilmoqda. Buning samarasi sifatida 2018 yilda shaharning Islomobod mahallasida 588 xonadonga mo‘ljallangan yana 14 ko‘p qavatli arzon uy-joy qurilib, foydalanishga topshiriladi. 2020 yilgacha esa bunday uylardan yana 56 tasini qurish rejalashtirilgan.
Tadbirda Namangan viloyati hokimi X.Bozorov so‘zga chiqdi.
Akramjon Sattorov, Hotam Mamadaminov (surat), O‘zA