Samarqandda O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi va Samarqand viloyati hokimligi tomonidan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Tadbirda mamlakatimiz hamda 28-30-noyabr kunlari yurtimizda mehmon bo‘lgan Turkiya Respublikasining ommaviy axborot vositalari vakillari, Samarqanddagi sayyohlik firmalari va mehmonxonalar rahbarlari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi A.Abduhakimov, “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi bosh direktori o‘rinbosari U.Husanov va boshqalar mamlakatimizning turistik salohiyatini yuksaltirish, soha faoliyatini xalqaro talablar darajasida takomillashtirish va rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. Keyingi bir yil davomida amalga oshirilgan izchil islohotlar, qonunchilikka kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar, soha subyektlari uchun yaratilgan qulaylik va imkoniyatlar yurtimizning xalqaro miqyosda sayyohlik salohiyatini oshirishga xizmat qilmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 25-26-oktabr kunlari Turkiya Respublikasiga davlat tashrifi chog‘ida mamlakatlarimiz o‘rtasida ko‘plab sohalarda, jumladan, turizm yo‘nalishida ham hamkorlik aloqalarini kengaytirishga kelishib olindi. Muzokaralar yakuni bo‘yicha ikki davlat rahbarlarining ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvida mamlakatlarimizning turistik imkoniyatini keng targ‘ib etish maqsadida o‘zbek va turk jurnalistlarining sayohatlarini uyushtirish tashabbusi bildirildi. Prezidentlarning mazkur tashabbusi natijasida turkiyalik bir guruh jurnalistlar “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasining yaqinda yo‘lga qo‘yilgan “Samarqand – Istanbul – Samarqand” yo‘nalishi orqali 28-noyabr kuni yurtimizga kelgan edi. Ular uch kun davomida Samarqand va Buxoro shaharlarining tarixiy-madaniy obidalari, muqaddas ziyoratgoh va boshqa sayyohlik maskanlari bilan tanishdi.
Matbuot anjumanida mehmonlar yurtimizga sayohati taassurotlarga boy bo‘lganini ta’kidlab, buning uchun O‘zbekiston va Turkiya davlat rahbarlariga minnatdorlik bildirdi. Ikki mamlakatning sayyohlik borasida hali foydalanilmagan imkoniyatlari juda ko‘pligi va buni targ‘ib etishda ommaviy axborot vositalari faol ish olib borishi zarurligi qayd etildi.
– Keyingi uch kun davomida Samarqand va Buxorodagi tarixiy obidalar bilan tanishib, buyuk turkiy allomalar nomi bilan bog‘liq maskanlarni ziyorat qilib, turkiy xalq vakili ekanimdan yanada g‘ururlandim, – deydi Turkiyaning "TRT world" telekanali muxbiri Erol Sevan. – Men ham shu zaminga bog‘liqligimni angladim. Yurtingizga kelgan kunimdayoq milliy liboslaringizdan xarid qilib, safar davomida kiyib yurdim. Hech kim meni boshqa millat vakili demadi, o‘z qardoshidek hurmat-ehtirom ko‘rsatdi. Qisqa fursatga bo‘lsa-da, O‘zbekistonda kelganimdan baxtiyorman. Sayohatimiz haqida telekanallarimizda ko‘rsatuvlar tayyorlaymiz.
Matbuot anjumanida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi vakillari Turkiya fuqarolarining yurtimizga kelishi uchun viza tartibi soddalashtirilgani va bu borada yaratilgan qulayliklar haqida ma’lumot berdi. O‘zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyati vakilligi mas’ul xodimlarining yurtimizda ziyorat turizmini rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar, zaminimizdan yetishib chiqqan buyuk muhaddis allomalar haqidagi ma’lumotlari ham turkiyalik mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Matbuot anjumani yakunida turkiyalik jurnalistlarga O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi va Samarqand viloyati hokimligining esdalik sovg‘alari topshirildi.
Tadbirda Samarqand viloyati hokimi T.Jo‘rayev so‘zga chiqdi.
G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (surat), O‘zA