O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Huquqiy madaniyat bolalikdan shakllanadi

2017-11-30 | Jamiyat

“O‘zbekiston Respublikasida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlarining ustunligi so‘zsiz tan olinadi. Davlat, uning organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalari, fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga muvofiq ish ko‘radilar”. 

Konstitutsiyamizning 15-moddasida belgilangan ushbu qoidaning hayotiy ifodasini yurtimizda yashayotgan har bir fuqaro o‘z turmush tarzi, ish faoliyatida ko‘rishi mumkin. Oilaviy hayotda bo‘ladimi, jamiyatdagi munosabatlardami, o‘qish va ish faoliyatidami – barchasi Konstitutsiya va u asosida yaratilgan qonunlar bilan tartibga solinadi. Bolalikdan har bir inson ongiga singdiriladigan qoidalardagi “mumkin” yoki “mumkin emas” degan so‘zlar ham shu qonunlardan kelib chiqadi. Aynan shu qoidalarni o‘zlashtirish bilan shaxsda huquqiy madaniyat shakllanadi, qonunchilik haqida tushuncha paydo bo‘ladi. 

– Mamlakatimiz davlat ta’lim standartlariga muvofiq, ta’limning barcha bosqichlarida o‘quvchi va talaba yoshlarga O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi bo‘yicha dars mashg‘ulotlari o‘qitiladi, – deydi Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi ijtimoiy fanlar uslubchisi Nurali Ibrohimov. – Bu, avvalo, maktabgacha ta’lim muassasasida boshlanib, tarbiyalanuvchilarga O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi haqida ilk tushunchalar o‘rgatiladi. Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida esa Birinchi Prezidentimizning 2001-yil 4-yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini o‘rganishni tashkil etish to‘g‘risida”gi farmoyishi asosida 1-4-sinflarda “Konstitutsiya alifbosi” kursi o‘qitiladi. Shuningdek, atrofimizdagi olam, tabiatshunoslik, odobnoma hamda tarbiyaviy soat mashg‘ulotlarida Bosh qomusimizda belgilangan qoidalar haqida ma’lumot beriladi. 

5-7-sinflarda 17 soatlik “Konstitutsiya olamiga sayohat” kursi davomida o‘quvchilarga Konstitutsiya moddalari “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi va boshqa qonunlar, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi hamda bir qator xalqaro konvensiyalar mazmun-mohiyati bilan birga tushuntiriladi. 

O‘quvchilar yuqori sinflarga o‘tgach, ularga “Davlat va huquq asoslari”, “Konstitutsiyaviy huquq asoslari”, “Huquqshunoslik” bo‘yicha har yili 34 soatdan dars mashg‘ulotlari o‘tiladi. 

Umumiy o‘rta ta’lim maktablaridagi bu darslar 1-4-sinflarda boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari tomonidan, 5-10-sinflarda davlat va huquq asoslari, tarix, milliy istiqlol g‘oyasi va ma’naviyat asoslari, ona tili va adabiyot fani o‘qituvchilari tomonidan olib boriladi. 

Yuqori sinflar mashg‘ulotlarida o‘qituvchi mavzudan kelib chiqib, darslarni yoshlar hayoti, ularning huquq va manfaatlariga daxldor qonunlar va boshqa me’yoriy-huquqiy hujjatlar asosida ochiq dars tarzida, sud va huquq-tartibot idoralari xodimlari, huquqshunoslar bilan uchrashuv shaklida, shuningdek, ma’muriy organlarga sayohat, o‘quvchilar o‘rtasida intellektual o‘yinlar, ko‘rik-tanlovlar uyushtirish orqali ham tashkil etishi mumkin. 

Viloyatdagi maktablarda ana shu uslublardan samarali foydalanib, o‘quvchilarga Konstitutsiya va qonunlarni puxta o‘rgatayotgan o‘qituvchilar ko‘p. Jumladan, Samarqand shahridagi 51-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi o‘qituvchisi Shahodat Samiboyevaning “Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarlikning oldini olish profilaktikasi yuzasidan tavsiyalar” mavzusidagi ish tajribasi shahar miqyosida ommalashtirilgan. 

O‘quvchilarning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlar haqidagi bilimini mustahkamlash, ularning huquqiy savodxonligi va madaniyatini oshirishda har yili an’anaviy o‘tkazib kelinayotgan “Konstitutsiya – baxtimiz poydevori” ko‘rik-tanlovi ham alohida ahamiyat kasb etmoqda.

Joriy o‘quv yilida mazkur tanlov Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 25 yilligiga bag‘ishlangani bilan yanada keng ko‘lam kasb etdi. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining buyrug‘i bilan tasdiqlangan Nizom asosida tanlovning quyi bosqichlari oktyabr-noyabr oylarida barcha umumta’lim maktablarida, tuman va shaharlarda o‘quvchilarning faol ishtirokida o‘tkazildi.

Yaqinda Samarqand shahrida tashkil etilgan tanlovning viloyat bosqichida tuman va shaharlardan kelgan 64 o‘quvchining Konstitutsiya va qonunlar haqidagi huquqiy bilimiga baho berildi. 

Samarqand shahridagi 1-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi o‘quvchisi M.Abdiyevaning inshosi, Samarqand tumanidagi 31-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchisi Sh.Isrofilova yozgan bayon, Ishtixon tumanidagi 1-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi o‘quvchisi D.Sanaqulova, Samarqand shahridagi 51-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi o‘quvchisi D.Soliyeva chizgan rasm eng yaxshi deb topildi. G‘olib o‘quvchilar tanlovning mamlakat bosqichiga yo‘llanma oldi. 

Bu sa’y-harakatlar o‘sib kelayotgan yosh avlodning mamlakatimiz qonunchiligi haqidagi bilimi va huquqiy madaniyatini oshirish, ularni Konstitutsiya va qonunlarda belgilangan huquq va majburiyatlarini anglagan jamiyatning faol a’zolari sifatida tarbiyalashga xizmat qilishi shubhasiz. 

 

G‘olib Hasanov, O‘zA

Поделиться