O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Sud orqali himoyalanish huquqini to‘liq ta’minlash uchun

2017-11-30 | Jamiyat

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda senatorlar, deputatlar, sudyalar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar mas’ul xodimlari, olimlar hamda videokonferens-aloqa tizimi orqali joylarda faoliyat yuritayotgan sudyalar ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi K.Komilov boshqargan majlisda sud tizimi zimmasiga yuklangan ustuvor vazifalarni bajarish, jamiyatda adolat barqarorligini ta’minlash, fuqarolarning haq-huquqlarini ishonchli himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan tizimli ishlar haqida so‘z yuritildi. 

Konstitutsiyada kafolatlangan fuqarolarning o‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish huquqini ta’minlash uchun ularga barcha shart-sharoit ta’minlab berilmoqda. Sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining keng joriy etilayotgani aholi va tadbirkorlik subyektlariga keng qulayliklar yaratayotir. 

Bosh qomusimizda har kim qariganda, mehnat layoqatini yo‘qotganda, shuningdek, boquvchisidan mahrum bo‘lganda va qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda ijtimoiy ta’minot olish huquqiga egaligi mustahkamlab qo‘yilgan. 

Fuqarolar bu boradagi huquqlari buzilganda uni sud orqali tiklashi mumkin. Shu yo‘nalishdagi ishlarni ko‘rishda amaliy yordam bo‘lishi uchun Oliy sud Plenumining “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti bilan bog‘liq ishlar bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida”gi qarori loyihasi ishlab chiqildi. 

Majlisda ushbu qaror loyihasi ishtirokchilar tomonidan muhokama qilindi. Unda sudlarga fuqarolarning pensiya ta’minoti bilan bog‘liq qonun me’yorlarini to‘g‘ri qo‘llash, bu boradagi nizolarning turi va qaysi sudga tegishli ekanligi kabi muhim masalalar bo‘yicha batafsil tushuntirishlar berilgan. Eng asosiysi, qaror loyihasida fuqarolarning pensiya ta’minoti bilan bog‘liq huquqlari himoyasi to‘liq qamrab olingan. 

“Sug‘urta sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi qonun hujjatlari normalarini sudlar tomonidan qo‘llanilishining ayrim masalalari to‘g‘risida”gi Plenum qarori loyihasi ham muhokama etildi. Qayd etilganidek, bozor iqtisodiyoti sharoitida jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlashda sug‘urta shartnomasi muhim o‘rin tutadi. Qaror loyihasida sudlarga bu boradagi qonun hujjatlari me’yorlarini to‘g‘ri va samarali qo‘llash, sug‘urta shartnomasidan kelib chiqadigan nizolarning turi yuzasidan batafsil tushuntirishlar berilgan. 

Majlisda muhokama etilgan yana bir masala – “O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining jinoyat ishlari bo‘yicha ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Plenum qarori loyihasi bo‘ldi. Mazkur hujjat bilan amaldagi ayrim Plenum qarorlariga zarur qo‘shimchalar kiritilmoqda. Bu, o‘z navbatida, jinoyat ishlarini to‘g‘ri malakalash, asosli va adolatli qarorlar qabul qilishga xizmat qiladi. 

Majlisda ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

 

Norgul Abduraimova, O‘zA

Поделиться