O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
25 mulkdorning investitsiya loyihasini amalga oshirishi uchun tijorat banklari tomonidan moliyalashtirish masalasi hal etildi
2017-11-30 | Iqtisodiyot
Poytaxtimizda O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan «Faoliyat yuritmayotgan obyektlar negizida va kichik sanoat zonalarida yangi loyihalarni amalga oshirishning mavjud imkoniyatlari va mexanizmlari» mavzuida seminar tashkil etildi.
Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari J.Yunusov, Toshkent shahar hokimining birinchi o‘rinbosari N.Husanov va boshqalar mamlakatimizda bo‘sh turgan ishlab chiqarish maydonlari, bino va inshootlardan samarali foydalanish, ularni ishga tushirish, yangi ish o‘rinlari yaratish borasida tizimli ishlar olib borilayotganini ta’kidladi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 23-fevraldagi «Tadbirkorlarning ishlab chiqarish maydonlaridan foydalanishlarini yanada rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida qurilishi tugallanmagan obyektlar va foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlaridan oqilona foydalanishni tashkil etish, ular negizida yangi ish joylari barpo etish vazifalari belgilangan.
Mazkur qaror talablaridan kelib chiqib, Toshkent shahrida Idoralararo komissiya tuzilib, tumanlardagi xususiylashtirilgan obyektlar xatlovdan o‘tkazildi. 394 obyektning bo‘sh turganligi aniqlanib mulkdorlar bilan ushbu obyektlarni ishlatish bo‘yicha muzokaralar olib borildi. Natijada, obyektlarda 239 investitsiya loyihasi shakllantirildi. Ularning 181 tasi joriy yilda amalga oshirilishi belgilandi.
Hozirgi kungacha 39 bo‘sh obyekt faoliyati qayta tiklandi. 74 obyektda qurilish-ta’mirlash, 11 tasida yangi uskunalarni o‘rnatish va jihozlash ishlari davom ettirilmoqda. 25 mulkdorning investitsiya loyihasini amalga oshirishi uchun tijorat banklari tomonidan moliyalashtirish masalasi hal etildi.
Shu kungacha yangi loyihalar uchun 485,1 milliard so‘m va 4,7 million AQSh dollaridan ortiq investitsiya jalb etilib, 1 ming 600 dan ortiq ish o‘rni yaratildi. Mazkur loyihalarni to‘liq ishga tushirish uchun 626,6 milliard so‘m va 33,2 million dollardan ortiq sarmoya jalb etiladi, 7 mingga yaqin aholi bandligini ta’minlashga erishiladi. Misol uchun, Bektemir tumanidagi «Zamintex Iplik» korxonasi 4,8 milliard so‘m investitsiya kiritishi hisobiga qo‘shimcha 110 ish o‘rni yaratdi. Natijada bo‘sh obyekt zamonaviy korxonaga aylandi. Chilonzor tumanida joylashgan «Osiyo Asaka Model» mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli binoda bugungi kunda poyafzal ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Buning uchun 950 million mablag‘ sarflandi. Korxonada 50 kishi mehnat qilmoqda.
Seminarda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tumanlarda kichik sanoat zonalarini tashkil etish bo‘yicha rejali ishlar amalga oshirilayotgani qayd etildi. Jumladan, Toshkent shahrida 9 kichik sanoat zonasi tashkil etildi. Kichik sanoat zonalari ishtirokchilari uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratildi. Hududlardagi tadbirkorlar ikki yil muddatga mulk va foyda solig‘i, shuningdek, yagona soliq to‘lovidan ozod qilindi.
Seminarda tadbirkorlarning savollariga javob qaytarildi.