O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Bugun Afg‘oniston poytaxti Kobul shahridan Toshkentga ilk bor to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnov amalga oshirildi

2017-11-29 | Jamiyat

Ushbu voqea O‘zbekiston–Afg‘oniston hamkorlik munosabatlarini kengaytirish yo‘lidagi sa’y-harakatlarning amaliy ifodasi bo‘ldi. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik tamoyillariga asoslangan rishtalar turli yo‘nalishlarda rivoj topmoqda. Xususan, O‘zbekiston Afg‘onistonda qurilish, energetika, tog‘-kon sanoati va ta’lim sohalaridagi loyihalarni hayotga tatbiq etishda faol ishtirok etmoqda.

O‘tgan yillar davomida “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan Hayraton – Mozori Sharif temir yo‘l liniyasi qurib, foydalanishga topshirilgan edi. Kobul – Toshkent yo‘nalishida aviaqatnovning yo‘lga qo‘yilishi mamlakatlarimiz logistika salohiyatini oshirish, fuqaro aviatsiyasi bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi. 

– Ilgari yo‘lovchilar Afg‘oniston poytaxtidan Toshkentga Istanbul yoki Dubay shaharlari orqali 17-32 soatda yetib kelgan bo‘lsa, yangi yo‘nalishda bu vaqt 1,5 soatni tashkil etmoqda, – deydi “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasi bo‘lim boshlig‘i Nodir Ayupov. – Ushbu yo‘nalishda uchish yo‘lovchilar uchun har tomonlama qulay bo‘lib, ham vaqt, ham sarmoya tejaladi. 

Kobul – Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha ilk parvozni Afg‘onistonning “Kam air” aviakompaniyasi amalga oshirdi. Yangi qatnov ikki mamlakat aviakompaniyalari uchun hamkorlikning yangi ufqlarini ochdi. Kelishuvga ko‘ra, “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasi Uchuvchilar maktabida afg‘onistonlik uchuvchilarning havo kemalarini boshqarish bo‘yicha o‘quvi tashkil etiladi. «Uzbekistan airways technics» aviakorxonasida “Kam air” samolyotlariga texnik xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi. 

Afg‘onistondan Toshkentga aviaqatnovlar haftasiga ikki kun, zamonaviy laynerlarda amalga oshiriladi. Aviareyslar vaqtini belgilashda “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasi samolyotlarining Germaniya, Buyuk Britaniya va boshqa davlatlarga qatnovlar jadvali inobatga olingan. Bu Afg‘onistondan parvozni amalga oshirgan yo‘lovchilarning O‘zbekiston orqali Yevropa shaharlariga uchishi uchun qulaylik yaratadi. O‘zbekistonning tarixiy shaharlari – Samarqand, Buxoro va Urganch yo‘nalishidagi parvozlar oralig‘ida mutanosiblik mavjudligi afg‘onistonlik yo‘lovchilarning O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilishlariga ham imkon beradi. 

– Fuqaro aviatsiyasi sohasidagi hamkorligimiz “O‘zbekiston havo yo‘llari” singari ishonchli va mintaqada ulkan salohiyatga ega kompaniya hisobiga kengayganidan benihoya mamnunmiz, – deydi “Kamgar Group” kompaniyasi rahbari Zemaray Kamgar. – Ushbu havo qatnovi xalqlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro do‘stlik va manfaatli sheriklik istiqbolidan dalolatdir. Shunday katta imkoniyatni yaratib bergani uchun O‘zbekiston Respublikasi rahbariyatiga minnatdorlik bildiramiz.

 

Ulug‘bek Shonazarov, O‘zA

Поделиться