O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“Kamalak” yulduzlari" bolalar ijodiyoti festivalining Toshkent shahar saralash bosqichi bo‘lib o‘tdi
2017-11-27 | Jamiyat
“Kamalak” yulduzlari" bolalar ijodiyoti festivali ayni maqsadlarga yo‘naltirilgan ijodiy loyihalardan. Bu yil mazkur tadbirning Toshkentda o‘tkazilgan dastlabki saralash bosqichlarida 10 mingga yaqin o‘g‘il-qiz o‘z iste’dodini namoyish etdi. Ulardan 760 nafari festivalning shahar bosqichida qatnashish imkoniga ega bo‘ldi.
O‘zbekiston davlat konservatoriyasi zallari, foye va o‘quv xonalarida bolalar mumtoz va zamonaviy qo‘shiqchilik, musiqa asboblari ijrochiligi, tasviriy va amaliy san’at, raqs, nasr va nazm kabi yo‘nalishlarda bilim va mahoratini sinovdan o‘tkazdi.
Maftuna Rahmatova Chilonzor tumanidagi 90-maktabda o‘qiydi. U kulolchilikka juda qiziqadi. Otabek Otaboyev Yakkasaroy tumanidagi 319-maktabning 8-sinfida ta’lim oladi. Yosh musavvir jonajon yurtimiz manzaralari, portret, natyurmort yo‘nalishidagi rasmlari bilan mazkur festivalda qatnashmoqda. Yunusobod tumanidagi madaniyat va aholi dam olish markazining “Nihol” guruhi qizlari festival uchun “Mavrigi” raqsini tayyorlab kelgan.
– Bu tanlov o‘zimizga tengdosh bolalarning turli yo‘nalishlardagi qiziqishlari, tayyorlagan yangi dasturlari, rasm va boshqa ijodiy ishlari bilan tanishishga yaqindan yordam beradi, – deydi Toshkent shahridagi 51-maktab o‘quvchisi, “Nihol” guruhi raqqosasi Dildora Boyjigitova. – Festival bahonasida ustozimiz ko‘magida yangi raqslarni o‘rgandik.
G‘oliblar festivalning yakuniy gala-konsertida ishtirok etadi.