O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Buxoroda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik jarayonida kamchiliklar bartaraf etildi

2017-11-24 | Jamiyat

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Devonining Fuqarolar huquqlarini himoya qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati, Hisob palatasi, Vazirlar Mahkamasining mas’ul xodimlari, tegishli vazirlik va idoralar mutasaddilaridan iborat Respublika ishchi guruhi tomonidan Buxoro viloyatida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik, aholini elektr va issiqlik energiyasi, ichimlik suvi, tabiiy va suyultirilgan gaz, ko‘mir bilan ta’minlash, qish-bahor mavsumi uchun asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari zaxirasini yaratish borasida amalga oshirilgan ishlar o‘rganildi. 

O‘rganishlar davomida barcha tuman va shaharlarda Prezidentimizning joriy yil 22-iyundagi “Respublika iqtisodiyoti tarmoqlari va ijtimoiy sohalarini 2017/2018-yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga kompleks tayyorlashni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq muayyan ishlar amalga oshirilgani, ayni paytda qator kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani aniqlandi. Asosiy e’tibor ularni bartaraf etishga qaratildi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga hudud aholisidan mazkur yo‘nalishda ko‘plab murojaatlar kelib tushgan. Ularning aksariyati ijobiy hal etilgan. Ishchi guruh tomonidan 28 murojaat joyida o‘rganilib, muammolar bartaraf etildi. 

Ishchi guruh a’zolari viloyatning eng chekka tuman va qishloqlari aholisi bilan uchrashib, muammolarni atroflicha o‘rgandi. Jumladan, Olot tumanidagi “Qirlishon”, “Sayilqorovul” qishloqlarida ichimlik suvi, ko‘mir, tabiiy gaz va elektr energiyasi bilan bog‘liq muammolar joyida hal etildi. 

Viloyat aholisining ko‘mirga bo‘lgan ehtiyoji 53 ming tonnani tashkil etgani holda, 20 noyabrga qadar uning 12 ming 600 tonnasi yetkazib berilgan. Ijtimoiy soha obyektlari rejadagi 8 ming 100 tonna ko‘mir bilan to‘liq ta’minlangan bo‘lsa-da, o‘rganishlar asnosida qo‘shimcha ravishda yana 4 ming 200 tonna qattiq yoqilg‘iga ehtiyoj mavjudligi ma’lum bo‘ldi. Uch kun mobaynida Buxoroga 3 ming 500 tonna ko‘mir keltirilib, tumanlar bo‘yicha taqsimlandi. Kam ta’minlangan qariyb 100 xonadonga 29 tonna ko‘mir bepul tarqatildi. Chekka hududlardagi aholiga 1 ming 339 tonna ko‘mir imtiyozli narxlarda yetkazib berildi. 

O‘tgan yili kuz-qish mavsumida tabiiy gaz bosimi pasayishi oqibatida Buxoro shahridagi 68 ko‘p qavatli uy, 3 umumta’lim maktabi, 6 maktabgacha ta’lim muassasasini isitishda muammolar yuzaga kelgan edi. Joriy mavsumda buning oldini olish maqsadida Respublika ishchi guruhi tomonidan ularga xizmat ko‘rsatadigan qozonxonaga 1,6 kilometrlik yuqori bosimli alohida gaz quvuri tortish ishlari yakunlandi, 1,2 kilometri montaj qilindi, qolgan qismini montaj qilish va sinov ishlari 5 dekabrgacha to‘liq yakunlanishi nazoratga olindi. 

Tabiiy gaz ta’minoti og‘ir bo‘lgan hududlarda joylashgan 45 maktabgacha ta’lim muassasasini suyultirilgan gaz bilan ta’minlash uchun 225 dona maishiy gaz balloni va 32 tonna suyultirilgan gaz fondi ajratilib, gaz yetkazib berish yo‘lga qo‘yildi. 

Hozirgi kunda viloyatdagi 127 ming 322 xonadon suyultirilgan gazdan foydalanmoqda, mavjud gaz ballonlari soni esa 158 ming 322 ta. Ishchi guruh faoliyati davomida 5 ming 165 oila gaz balloni bilan ta’minlandi. Ayni paytda viloyatda suyultirilgan gaz yetkazib berish uchun 26 “Isuzu”, 8 “MAN” maxsus mashinalari xizmat ko‘rsatayotir. O‘rganishlar davomida bu aholi ehtiyojini qoplash uchun yetarli emasligi ayon bo‘ldi. Shuning uchun yana 5 “Isuzu” avtomobili uchun mablag‘ ajratilib, ularning 2 tasi shu kunlarda viloyatga keltirildi. Ishchi guruh sa’y-harakati bilan Vobkent tumanida suyultirilgan gaz saqlash va gaz ballonlarini to‘ldirish stansiyasi ishga tushirildi. 

Elektr energiyasi ta’minotidagi muammolar ham atroflicha tahlil qilinib, 4 transformator punkti qurildi, 4 kilometrdan ziyod elektr tarmog‘i tortildi, zo‘riqib ishlayotgan 6 transformator punkti yuqori quvvatlisiga almashtirildi, 24 transformator punkti, 28 kilometrdan ortiq elektr tarmog‘i ta’mirlandi. Natijada 45 mahallada yashovchi 24 mingdan ziyod aholining elektr ta’minoti yaxshilandi. Shuningdek, 13 kilometr yo‘l asfalt qilindi, 2 kilometr yo‘l yoqasiga plitalar yotqizildi, 4,1 kilometr ichki yo‘llarda ta’mirlash ishlari olib borildi. Yo‘lsozlarning zarur ehtiyojini ta’minlash maqsadida Respublika fondidan qo‘shimcha 60 tonna bitum yetkazib kelindi. Prezidentimizning Xalq qabulxonalariga hudud aholisidan kelib tushgan murojaatlar asosida yana 17 ko‘chani ta’mirlash bo‘yicha qo‘shimcha dastur shakllantirilib, mablag‘ ajratildi. 

Aholining toza ichimlik suviga bo‘lgan talabidan kelib chiqib, o‘rganishlar davomida 1,5 kilometr suv quvurlari yotqizildi. Chekka hududlarga maxsus avtomashinalarda jadval asosida suv tashish yo‘lga qo‘yildi. Qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta’minlangan oilalar holidan xabar olindi. Ularga ko‘mir, gaz plitasi va ballonlari, oziq-ovqat mahsulotlari topshirildi. 

– Men ham, ayolim ham nogiron, bir farzandimiz bor, – deydi Qorovulbozor tumanidagi “Jarqoq” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Hikmat O‘dayev. – Yog‘ochdan qurilgan eski uyda yashash qiyin. Shuning uchun ham uning yonidan imkoniyat darajasida uch xonali uy qurishga kirishgan edik. Ammo poydevordan boshqasiga qo‘limiz kaltalik qildi. Respublika ishchi guruhi vakillari sharoitimiz bilan tanishdi. Ular taklifiga ko‘ra, homiy tashkilot qurilishni boshladi. Nasib etsa, Yangi yilni yangi uyda nishonlaymiz. Bunday e’tibordan boshimiz osmonga yetdi. Xalq manfaatlarini ko‘zlab ish tutayotgan davlatimiz rahbaridan minnatdormiz. 

Peshku tumani markazidan salkam 200 kilometr uzoqda joylashgan “Jongeldi” va “Qizilravot” mahalla fuqarolar yig‘inlarida asosan qozoq millatiga mansub yurtdoshlarimiz istiqomat qiladi. Ishchi guruh hududdagi o‘rganishlari davomida qishloq vrachlik punktlarida tibbiy ko‘rik tashkil etilib, aholiga bepul dori-darmon tarqatildi. 

– Respublika ishchi guruhi vakillari ovulimiz hayoti bilan tanishdi, aholi taklifini hisobga olib, mahallamiz yig‘ini binosida kutubxona tashkil etildi, – deydi “Jongeldi” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi M.Kamolov. – Bu barchamiz uchun unutilmas voqea bo‘ldi. Kutubxonadan yoshi kattalar qatorida hududimizdagi qozoq tili o‘qitiladigan 24-umumta’lim maktabi o‘quvchilari ham foydalanadi. 

Viloyatda qish-bahor mavsumida bozorlarda narx-navo barqarorligini ta’minlash maqsadida 22 ming 543 tonna asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini jamg‘arish rejalashtirilgan. Ayni paytda 7 ming 809 tonna zaxira shakllantirilgan. Ishchi guruh tomonidan amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida yana 1 ming 217 tonna mahsulot jamg‘arildi. Qolgan mahsulot 1-dekabrga qadar jadval asosida omborlarga kiritiladi. Buning uchun tijorat banklarining 3,5 milliard so‘m krediti ajratilgan. 

Aholini sifatli va arzon oziq-ovqat, kundalik ehtiyoj uchun zarur boshqa turdagi mahsulotlar bilan ta’minlash maksadida joylarda qishloq xo‘jalik yarmarkalari tashkil etildi. Dehqon bozorlari va ko‘chma savdo rastalarida meva-sabzavot, go‘sht va un mahsulotlari, guruch, tuxum va shakar singari mahsulotlarni arzonlashtirilgan narxda sotib olish imkoniyati yaratildi. 

Respublika ishchi guruhining o‘rganish yakunlari viloyat hokimligida muhokama qilinib, kuz-qish mavsumini namunali o‘tkazish, bu boradagi muammolarga o‘z vaqtida barham berish bo‘yicha mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tegishli tashkilotlar zimmasiga aniq vazifalar yuklatildi. 

 
Erkin Yodgorov, O‘zA

Поделиться