O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Xalqimiz dasturxoni sarxil mevalar, sifatli va arzon mahsulotlar bilan to‘kin bo‘ladi

2017-11-21 | Siyosat

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 20-noyabr kuni bozorlarni qish-bahor mavsumida ham qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash, ularni qayta ishlash ko‘lamini oshirish, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish, ho‘l meva-sabzavotlar eksportini kengaytirish, shuningdek, poliz va meva-sabzavot mahsulotlari, kartoshka, uzum xarid qilish bo‘yicha 2018-yilga mo‘ljallangan davlat buyurtmasini shakllantirish vazifalari ijrosiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda hukumat a’zolari, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini tayyorlash bo‘yicha davlat buyurtmasini bajarishga mas’ul vazirlik, idora va xo‘jalik birlashmalari rahbarlari ishtirok etdi. 

Prezidentimiz rahnamoligida ichki va tashqi bozorda xaridorgir bo‘lgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun yer maydonlarini kengaytirish, ularni qayta ishlash hajmini oshirish, ishlab chiqaruvchilar tomonidan ho‘l meva-sabzavot mahsulotlari eksportini ko‘paytirishni rag‘batlantirishga qaratilgan qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. 

Ichki iste’mol bozorini qish-bahor mavsumida barqaror ta’minlash maqsadida meva-sabzavot mahsulotlarini zaxiraga g‘amlash, shuningdek, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi mahalliy korxonalar ehtiyojini ta’minlash bo‘yicha davlat buyurtmasi tizimi joriy qilindi. 

Joriy yilda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining xaridorgir turlarini takroriy ekish maydonlari sezilarli darajada kengaytirildi. Sentyabr-oktyabr oylarida takroriy ekindan yetishtirilgan qariyb 65 ming tonna mahsulot eksport qilindi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,4 barobar ko‘pdir. 

Yil boshidan buyon meva-sabzavot mahsulotlari 54 mamlakatga eksport qilindi. Bangladesh, Filippin, Suriya, Tayvan, Iordaniya, Makedoniya va boshqa mamlakatlarda yangi bozorlar o‘zlashtirildi. 

Ichki iste’mol bozorida meva-sabzavot mahsulotlari narxining oshib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida Ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat tovarlarining asosiy turlariga narx-navoni monitoring va nazorat qilish respublika komissiyasi tuzildi. Import orqali bozorlarni tanqis va yuqori narxdagi mahsulotlar bilan ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar qabul qilindi. Hududlar kesimida 490 ming tonnadan ziyod qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining asosiy turlarini kelgusi qish-bahor mavsumi uchun g‘amlash parametrlari tasdiqlandi. 

Bu borada amalga oshirilgan ijobiy ishlarni qayd etgan holda, ayrim hududlarda qish-bahor mavsumi uchun qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini g‘amlash yetarli darajada tashkil etilmagani jiddiy tanqid qilindi. Xususan, Prezidentimiz tomonidan Toshkent shahri, Buxoro, Namangan va Sirdaryo viloyatlari bo‘yicha berilgan topshiriqlar ijrosiga alohida e’tibor qaratildi. 

Ayniqsa, Toshkent, Namangan, Sirdaryo va Samarqand viloyatlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini g‘amlash jarayonida tijorat banklari tomonidan sustkashlikka yo‘l qo‘yilayotgani aniq raqam va dalillar asosida ko‘rsatib o‘tildi. 

Davlatimiz rahbari qish-bahor mavsumida xalqimiz dasturxoni sarxil mevalar, sifatli va arzon oziq-ovqat mahsulotlari bilan to‘kin bo‘lishi zarurligini ta’kidladi. 

Qish-bahor mavsumida xalqimizning arzon mahsulotlarga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash uchun noyabr oyi oxiriga qadar qo‘shimcha ravishda yana 330 ming tonna mahsulot g‘amlash bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi. Bu masalada “O‘zbekoziqovqatzaxira” uyushmasi rahbariyati zimmasiga katta mas’uliyat yuklandi. Joriy yil oktyabr oyida uyushmada amalga oshirilgan tub o‘zgarishlar, uning tarkibiga kiruvchi tashkilotlarga taqdim etilgan imtiyoz va preferensiya bunga keng imkoniyat yaratadi. 

Tijorat banklariga tayyorlov korxonalari tomonidan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini dehqon va shaxsiy yordamchi xo‘jaliklardan sotib olish uchun ajratilayotgan imtiyozli kredit resurslari hajmini sezilarli oshirish tavsiya etildi. 

Yig‘ilishda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini takroriy ekish hajmini oshirish bo‘yicha qabul qilingan chora-tadbirlarni hisobga olgan holda, ho‘l meva-sabzavot eksportini kengaytirish bo‘yicha mavjud imkoniyatlar yetarlicha ishga solinmayotganiga alohida e’tibor qaratildi. 

Prezidentimiz “O‘zbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasi va “O‘zagroeksport” aksiyadorlik jamiyati rahbarlari tomonidan eksport qilinayotgan mahsulotlar turi va hajmini kengaytirish bo‘yicha dehqon va fermer xo‘jaliklariga ko‘maklashish borasida yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarga alohida urg‘u berdi. Toshkent, Qashqadaryo, Namangan viloyatlari, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasida bu boradagi ishlar yetarli darajada amalga oshirilmayotgani tanqid qilindi. Shu bilan birga, mazkur yo‘nalishda meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirishga ixtisoslashgan 66 tuman hokimlari ishiga alohida e’tibor qaratildi. 

Prezidentimiz mamlakatimiz eksport salohiyatini yanada yuksaltirish va tashqi bozorga ho‘l meva-sabzavot mahsulotlari yetkazib berish hajmini oshirish uchun zarur sharoitlar yaratish maqsadida hukumatga “O‘zbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasi, Markaziy bank va tijorat banklari bilan birgalikda o‘n kun muddatda Qishloq xo‘jaligi korxonalarini tarkibiy qayta tuzish agentligining 200 million dollargacha bo‘lgan moliyaviy mablag‘ini jalb qilgan holda hududlarda yirik logistika markazlari tashkil etish bo‘yicha dastur ishlab chiqish yuzasidan topshiriq berdi. Ushbu logistika markazlari zamonaviy standartlarga javob berishi va meva-sabzavot mahsulotlarini tayyorlash, saqlash, qayta ishlash, qadoqlash, tashish, eksport qilish uchun barcha zarur sharoitlarga ega bo‘lishi lozimligi ta’kidlandi. 

Yig‘ilishda poliz va meva-sabzavot mahsulotlari, kartoshka, uzum xarid qilish va ulardan foydalanish bo‘yicha 2018-yilga mo‘ljallangan davlat buyurtmasi parametrlarini shakllantirishga doir chora-tadbirlarga a’lohida e’tibor qaratildi. Ushbu yo‘nalishda amalga oshirilgan ishlar va davlat buyurtmasining asosiy parametrlari to‘g‘risida axborot berildi. 

Prezidentimiz har bir hudud kesimida aniq bosqichlar, muddatlar va mas’ul ijrochilarni belgilagan holda, 2018 yilga mo‘ljallangan davlat buyurtmasini ta’minlash bo‘yicha manzilli chora-tadbirlar ishlab chiqishga doir topshiriqlar berdi. Ichki iste’mol bozorida, ayniqsa, qish-bahor mavsumida narx-navoning oshib ketishi va tanqislikka yo‘l qo‘ymaslik maqsadida ichki bozorga meva-sabzavot mahsulotlari yetkazib berish va ularni eksport qilish muvozanatini ta’minlash zarurligi alohida ta’kidlandi. 

Yig‘ilishda aholining shakar, tuxum, baliq, go‘sht va yog‘ kabi kundalik zarur mahsulotlarga bo‘lgan talabini qondirish, ularni barqaror narxlarda yetkazib berish yuzasidan tegishli idoralar mas’ullari, barcha tuman va viloyat hokimlariga aniq topshiriqlar berildi. 

Ho‘l meva-sabzavot va poliz mahsulotlari, kartoshka, uzum xarid qilish va ulardan foydalanish bo‘yicha davlat buyurtmasi parametrlarining so‘zsiz bajarilishini tizimli ravishda nazorat va monitoring qilish zarurligi alohida qayd etildi.

Поделиться