O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar tahlil qilind

2017-11-21 | Siyosat

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 20-noyabr kuni jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklarning oldini olishda davlat va jamoat tashkilotlari hamkorligiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. 

Yig‘ilishda Prezidentning Davlat maslahatchilari, ichki ishlar vaziri, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi va Xotin-qizlar qo‘mitasi rahbarlari ishtirok etdi. 

2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirish, davlat tuzilmalarining fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari bilan hamkorligini mustahkamlash borasida aniq vazifalar belgilangan. 

O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi, “Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlari, Prezidentimizning “Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi, davlat tashkilotlari va keng jamoatchilik oldida turgan muhim vazifalar aniq va ravshan belgilab olindi. 

Ta’kidlanganidek, o‘tgan qisqa vaqt mobaynida mamlakatimizda jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasida salmoqli ishlar amalga oshirildi. Ichki ishlar organlari tizimi tubdan takomillashtirildi, profilaktika inspektorlarining bilimi va kasb tayyorgarligini oshirish, ular uchun munosib ish sharoiti yaratish, o‘z vazifalarini bajarish natijadorligi uchun moddiy rag‘batlantirishning ta’sirchan mexanizmlarini joriy etish hamda bevosita o‘zlariga biriktirilgan hududda xizmat turar joyi bilan ta’minlash choralari ko‘rildi. 

Natijada joriy yilning o‘n oyida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan jinoyat sodir etish holatlari 9 ming 698 taga yoki 14 foizga, jinoyat-qidiruv yo‘nalishida esa 4 ming 562 taga yoki 11 foizga kamayishiga erishildi. 

Ayni paytda mahallalarda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha jamoatchilik institutlari bilan hamkorlikda olib borilayotgan keng ko‘lamli profilaktik tadbirlar tufayli 1 ming 243 ta mahallada birorta ham jinoyat sodir etilmadi. 

Davlatimiz rahbari Samarqand, Xorazm, Namangan viloyatlarida, kuni kecha poytaxtimizning Sergeli tumaniga tashrif buyurganida ham “Xavfsiz hudud”, “Xavfsiz shahar” konsepsiyalariga alohida e’tibor berdi. “Mening mahallamda jinoyat sodir bo‘lmasligi kerak”, degan tuyg‘uni har bir fuqaro, ayniqsa, yoshlar ongida shakllantirish, befarqlik, loqaydlikka barham berish, pirovardida, har bir oila, ta’lim muassasasi, har bir mahallani jinoyatchilikdan xoli hududga aylantirish, jamiyatda tinch va osoyishta hayotni ta’minlashning muhim sharti ekanini ta’kidlab kelmoqda. Bu borada Namangan shahridagi Orzu mahallasi, Xorazm viloyatidagi “jamoatchilik nazorati maskanlari” faoliyatidagi ijobiy tajribalarni o‘rganish, ularni barcha hududlarga tatbiq etish muhim ahamiyatga ega. 

Prezidentimiz rahbarligida joriy yil 15-noyabr kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashishda yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar har tomonlama tahlil qilib berildi. Bu borada davlat idoralari va jamoatchilik tuzilmalari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari bugungi kun talablariga javob bermasligi qayd etildi. 

Yig‘ilishda huquqbuzarliklar profilaktikasi kunida o‘tkazilayotgan tadbirlarda davlat va jamoat tashkilotlari hamkorligi sezilmayotgani, ayrim hududlarda aholi bilan manzilli profilaktik tadbirlar yetarli darajada olib borilmagani oqibatida oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar sodir etilayotgani ta’kidlandi. 

O‘tgan davrda 7730 ta mahallada jinoyat sodir etilgan. Eng achinarlisi, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari tomonidan 875 ta, maktab o‘quvchilari tomonidan 310 ta og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etilgan. 

Yig‘ilishda bunday salbiy holatlar davlat va jamoat tashkilotlari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagani oqibatida yuzaga kelayotgani qayd etildi. 

Shavkat Mirziyoyev davlat va jamoat tashkilotlari hamkorligi borasida yo‘l qo‘yilayotgan xato va kamchiliklar to‘g‘risida alohida to‘xtalib, jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklarning oldini olishda har bir idora o‘z bilganicha ish tutib kelayotgani, aksariyat tadbirlarda muammoning yechimiga umumiy yondashilayotganini ta’kidladi. Shu munosabat bilan huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishda idoralararo hamkorlikni mustahkamlash choralari ko‘rilishi yuzasidan zarur topshiriqlar berdi. 

15-noyabr kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida qayd etilgan Hududlarda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish va huquqbuzarlikka qarshi kurashish Respublika komissiyasining tashkil etilishi va uning faoliyat yo‘nalishlari bilan bog‘liq masalalarga to‘xtaldi. 

Endilikda ichki ishlar, prokuratura, Yoshlar ittifoqi, Xotin-qizlar qo‘mitasi, mahalla hamda boshqa davlat va nodavlat tashkilotlari jinoyatchilik va huquqbuzarlik uchun omil bo‘layotgan ishsizlik, giyohvandlik, qarovsizlik, oilaviy nizolar va shu kabi boshqa illatlarning vaqtida oldini olish choralarini ko‘rishi zarur. Shuningdek, umumiylikdan qochishi, buning uchun yagona maqsad sari intilib, hamkorlikda faoliyat olib borishi, har bir muammoga aniq reja asosida yondashish lozim. 

Bundan buyon viloyat darajasidagi sektor rahbarlari har 15 kunda markaziy televideniye orqali hamda barcha tuman-shahar sektor rahbarlari mahalliy televideniye orqali maxsus ko‘rsatuvlarda hududlardagi jinoyatlarning sabablari, ularni aniqlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida aholiga tushuntirish va hisobot berib borishi yo‘lga qo‘yiladi. 

Davlatimiz rahbari sud, prokuratura va ichki ishlar organlari faoliyati to‘g‘risida alohida to‘xtalib, jinoyatlarning yashirilishiga favqulodda holat sifatida qaralishi lozimligi, qamoq aybdorlarni tarbiyalashning asosiy vositasi bo‘lmasligi, ularga jazo tayinlashda aybdorning shaxsi va boshqa holatlarni atroflicha o‘rganish muhimligiga alohida e’tibor qaratdi. 

Ayniqsa, voyaga yetmaganlar va ayollarga jazo tayinlashda sudlarning chuqur mulohaza yuritishi lozimligi ta’kidlandi. 

Prezidentimiz jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishda aholining huquqiy madaniyatini oshirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratdi. Har bir mahallani jinoyatchilikdan holi hududga aylantirish lozimligini ta’kidlab, bu boradagi sa’y-harakatlarni yanada kuchaytirish zarurligini qayd etdi. 

Поделиться