O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Toshkentda inson huquqlari sohasida taraqqiyot mezonlari bo‘yicha xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tadi
2017-11-21 | Jamiyat
Toshkent va Samarqandda 2017-yil 21-22-noyabr kunlari "Inson huquqlari sohasida taraqqiyot mezonlarini o‘lchash bo‘yicha qiyosiy ko‘rsatkichlar: xalqaro amaliyot va O‘zbekiston tajribasi" mavzuida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tadi.
Konferensiya Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi va uning Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy bo‘limi, BMT Taraqqiyot dasturi va F.Ebert nomidagi jamg‘armaning (Germaniya) O‘zbekistondagi vakolatxonalari, YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori hamkorligida tashkil etilmoqda.
Xalqaro konferensiyaning maqsadi butun dunyoda inson huquqlari sohasida taraqqiyot mezonlarini o‘lchash bo‘yicha xalqaro amaliyotni o‘rganish, milliy ko‘rsatkichlarni belgilash, inson huquq va erkinliklarining alohida toifasi, jumladan, globallashuv va axborot texnologiyalari sharoitida inson huquq va erkinliklariga rioya etish va ularni himoya qilishni ta’minlashga doir indikatorlarni ishlab chiqishdan iborat.
BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi, uning Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy bo‘limi, YeXHT demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi, BMT Taraqqiyot Dasturining Istanbul shahridagi mintaqaviy markazi singari nufuzli xalqaro tashkilotlar vakillari, shuningdek, Slovakiya, Xitoy va boshqa mamlakatlarning taniqli siyosatshunos va huquqshunoslari xalqaro forumda ishtirok etish istagini bildirgan.
Konferensiya ishida BMTning Xotin-qizlar huquqlari kamsitilishining barcha shakllariga barham berish bo‘yicha qo‘mitasi raisi, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Litva, Rossiya Federatsiyasi, Tojikiston Ombudsmanlari, shuningdek, Ozarbayjon va Polsha Ombudsman institutlari vakillarining ishtirok etishi alohida e’tiborga loyiq.
Anjuman doirasida o‘tkaziladigan ikki yalpi va to‘rt sho‘ba yig‘ilishlarida milliy va xalqaro tajriba ko‘rib chiqiladi.
Xalqaro konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, ijro va sud hokimiyati organlari, fuqarolik jamiyati institutlari, ta’lim muassasalari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar va diplomatik korpus, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etadi.