O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

O‘zbekistonlik o‘quvchilar Xalqaro bilimlar olimpiadasida 49 medalni qo‘lga kiritdi

2017-11-21 | Ta’lim

Turkiyada IX Xalqaro bilimlar olimpiadasi bo‘lib o‘tdi. Antaliya sayyohlik akademiyasi hamda Rossiyaning EDUANT xalqaro maktabi tomonidan tashkil etilgan olimpiadada yurtimiz maktab o‘quvchilari ham muvaffaqiyatli ishtirok etdi.

Toshkent shahridagi “Intellect” bog‘cha-maktab nodavlat ta’lim muassasasining 25 o‘quvchisidan iborat jamoa 6 oltin, 20 kumush va 23 bronza – jami 49 medalni qo‘lga kiritdi. Ular umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi hamda matematika, rus va ingliz tillari, tasviriy san’at bo‘yicha to‘rtta kubokka sazovor bo‘ldi. 

Mamlakatimiz ta’lim tizimida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar yosh avlodga dunyo talablariga muvofiq bilim berishga yo‘naltirilgan. Bugungi kunda ta’limning barcha bo‘g‘inlarida o‘qitish standartlarini takomillashtirish va shu asosda zamonaviy o‘quv dasturlari, rejalari, darslik va qo‘llanmalarni yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu o‘z samarasini bermoqda. “Intellect” bog‘cha-maktabining muvaffaqiyatli faoliyati bunga yaqqol misoldir.  

2008 yilda tashkil etilgan mazkur nodavlat ta’lim muassasasi o‘zining yuksak malakali pedagogik jamoasi bilan boshqa maktablardan ajralib turadi. Ular o‘quvchilarga bilim berish bilan birga, har bir bolaning qobiliyati va iqtidorini ro‘yobga chiqarish uchun qulay muhit yaratadi. Bu yerda bolalarning axloqiy va estetik rivojlanishiga alohida e’tibor qaratiladi. 

Maktab o‘qituvchilari an’anaviy o‘qitish uslublariga sodiq qolgan holda, innovatsion ishlanmalarni faol qo‘llab kelmoqda. O‘quvchilarda erkinlik va tashabbuskorlikni shakllantirishga alohida ahamiyat qaratiladi. Bu kelajakda ularning muhim ijtimoiy va professional vazifalarni amalga oshirishiga asos bo‘ladi. Bolalarda algoritmlarni ishlash, masala tuzish va uni yechishda amallar ketma-ketligini belgilash, boshlangan ishni nihoyasiga yetkazish, matnlarni ongli o‘qish hamda ularning ma’nosini chaqish, kuzatish obyektlarini tasvirlash, ularni taqqoslash, qiyosiy natijalar bo‘yicha shaxsiy mulohazalarni bildirish ko‘nikmalari shakllantiriladi. 

Boshlang‘ich maktab ta’lim, tarbiya, rivojlantirish, hayotni anglash va ma’rifat singari an’anaviy ta’limning barcha tarkibiy qismlarini o‘z ichiga oladi. Ingliz tili fani birinchi sinfdan boshlab haftada to‘rt marotaba, 2-sinfda besh-olti martagacha o‘qitiladi. 

– Maktabimizda har bir bolaga alohida yondashiladi, – deydi “Intellect” nodavlat ta’lim muassasasining direktori o‘rinbosari Natalya Bannova. – Shu bois o‘quvchilarimizning o‘zlashtirishi yuqori. Mamlakatimizda bolalarning fan olimpiadalari va tanlovlarda o‘z iqtidorini namoyish etishi uchun barcha sharoit yaratilgan. O‘quvchilarimiz bir necha yildan buyon va xalqaro miqyosdagi olimpiadalarda sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritib kelmoqda. Biz o‘quvchilarimiz bilan faxrlanamiz! 

Maktabda kun tartibini samarali tashkil etish, aqliy va jismoniy vazifalarni to‘g‘ri taqsimlash, inson salomatligi uchun foydali texnologiyalarni joriy etish, jamoada ijobiy psixoemotsional muhitni yaratishga alohida e’tibor qaratiladi. 

Boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uy vazifalarini maktabda kunning ikkinchi yarmida o‘qituvchilari kuzatuvi ostida bajaradi. Bu ota-onalarga farzandlari bilan jonli muloqot qilish va bolalar o‘yinlari uchun yanada ko‘proq vaqt ajratishga imkon yaratadi. Bu esa bola ruhiyati va oila muhitiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. 

IX Xalqaro bilimlar olimpiadasida Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Turkiya, O‘zbekiston, Ukraina mamlakatlaridan besh yuz nafar maktab o‘quvchisi matematika, geografiya, fizika, kimyo, biologiya, jahon tarixi, atrof-muhit, tasviriy san’at, rus, ingliz va turk tillari bo‘yicha o‘z bilimlarini namoyish etdi. Mazkur olimpiadada “Intellect” maktabining direktori o‘rinbosari N.Bannova rahbarligidagi o‘quvchilar matematika, rus va ingliz tillari, tasviriy san’at fanlari bo‘yicha ilk bor ishtirok etdi. O‘quvchilar, shuningdek, “Olimpiada malikasi”, "Shon-shuhrat daqiqasi", “Fotosuratlar tanlovi” singari ijodiy va sport musobaqalari, mini-futbol va shaxmat turnirlarida ham faol qatnashdi. 

Nigina Inoyatova (to‘rtta medal), Ikrom Yusupov (to‘rtta medal), Jamola Mirkomilova (uchta medal) va Odil Muhiddinov (uchta medal) IX Xalqaro bilimlar olimpiadasining eng bilimdon ishtirokchilari deb e’tirof etildi. 

– Ingliz tiliga juda qiziqaman, – deydi maktabning 4-sinf o‘quvchisi Nigina Inoyatova. – Olimpiadada ingliz tili bo‘yicha birinchi, matematika, rus tili va tasviriy san’at bo‘yicha ikkinchi o‘rinni egalladim. Do‘stlarim erishgan yutuqlardan ham xursandman. Bizga ustozlarimiz va ota-onalarimizning ko‘magi ulkan madad bo‘ldi. 

Ishtirokchilar olimpiadaning intellektual bellashuvlar haftaligida nafaqat katta tajriba to‘pladi, balki ijobiy taassurotlar oldi, yangi do‘stlar orttirdi. O‘zbekistonning ana shunday yoshlari yangi bilim cho‘qqilarni zabt etib, xalqaro miyosda yurtimiz sharafini himoya qilishi shubhasiz. 
 
Nodira Manzurova, O‘zA 

Поделиться