O‘zbekiston davlat san’at muzeyida mohir musavvir, haykaltarosh Damir Ro‘ziboyev ijodiga oid "Armug‘on" deb nomlangan ko‘rgazma tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirining o‘rinbosari K.Oqilova, mazkur muzey direktori V.Fayziyeva va boshqalar mamlakatimizda kechayotgan o‘zgarishlar jarayoni milliy madaniyatimiz va san’atimiz sohasida ham o‘zining ijobiy samaralarini namoyon etayotganini ta’kidladi.
D.Ro‘ziboyev – rangtasvir va grafika, haykaltaroshlik kabi yo‘nalishlarda samarali ijod qilayotgan serqirra musavvirlardan. Mazkur ko‘rgazmada rassomning milliy va jahon musiqasiga bo‘lgan mehri, ixlosi aks etgan.
– Musiqa va tasviriy san’at o‘zaro hamohangdir, – deydi ijodkor. – Har ikkisida ham yetti xil rang, yetti nota bor. San’atning g‘oyat nozik bu turlari insonga cheksiz zavq bag‘ishlaydi, muxlislarni fikrlashga undaydi. Mazkur ko‘rgazmadagi asarlar vositasida musiqaning naqadar sehrli, jozibali, maftunkor san’at ekanini ifodalashga harakat qildim.
Ekspozitsiyadan o‘rin olgan "Alisher Navoiy. Farishta", "Usta Olimga bag‘ishlov", "Falak navosi", "Katta ashula", "Otanazar Matyoqubovga bag‘ishlov", "Kuy ijrosi" kabi asarlar falsafiy mushohadaga chorlashi, betakror ifoda uslubi bilan tomoshabinlarda katta taassurot qoldirmoqda.
Nazokat Usmonova, Temur Mamadaminov (surat), O‘zA