O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Toshkentda Markaziy Osiyo davlatlarining suv bo‘yicha hamkorligiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya o‘tkaziladi

2017-11-20 | Iqtisodiyot

Toshkent shahrida 2017-yil 23-24-noyabr kunlari Davlatlararo suv xo‘jaligini muvofiqlashtirish komissiyasi tashkil etilganining 25 yilligi munosabati bilan “Markaziy Osiyo davlatlarining suv bo‘yicha hamkorligiga 25 yil: erishilgan tajriba, istiqboldagi vazifalar” mavzuida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tadi.

Tashkiliy qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, konferensiya ishida Markaziy Osiyo mamlakatlari suv xo‘jaligi tashkilotlari, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi, qator xalqaro tashkilotlar va moliya institutlari vakillari, olimlar, ekspertlar qatnashishi kutilmoqda. 

Ta’kidlash joizki, Davlatlararo suv xo‘jaligini muvofiqlashtirish komissiyasi (DSXMK) Markaziy Osiyoda suv resurslarini birgalikda boshqarish va sohani rivojlantirish borasidagi muhim vazifalarni amalga oshiruvchi organdir. Shu jihatdan, mazkur komissiya xalqaro hamjamiyat tomonidan Markaziy Osiyoda transchegaraviy suv resurslarini boshqarishning o‘ziga xos mexanizmi sifatida e’tirof etilgan. 

1992-yil 18-fevral kuni Olmaota shahrida O‘zbekiston, Tojikiston, Turkmaniston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston suv xo‘jaligi vazirlari Davlatlararo suv resurslaridan foydalanish va ularni muhofaza qilishni birgalikda boshqarish sohasida hamkorlik qilish to‘g‘risida bitimni imzolagan. Ushbu hujjatga muvofiq Davlatlararo suv xo‘jaligini muvofiqlashtirish komissiyasi tashkil etilgan. Bitim 1993-yil 26-mart kuni Qizilo‘rda shahrida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari tomonidan tasdiqlangan. 

O‘zbekiston Davlatlararo suv xo‘jaligini muvofiqlashtirish komissiyasida faol ishtirok etib kelmoqda. Komissiyaning Toshkentda o‘tkaziladigan navbatdagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi Markaziy Osiyoda suv masalalari bo‘yicha davlatlararo hamkorlikni yanada mustahkamlash, transchegaraviy suv resurslaridan oqilona va samarali foydalanishda tashkilotning o‘rni va rolini kengaytirish, mintaqaning suv resurslaridan foydalanish va uni muhofaza qilish sohasidagi Markaziy Osiyo mamlakatlarining o‘zaro aloqalari bo‘yicha kelgusidagi vazifalarini belgilash imkonini beradi. Shuningdek, Orolbo‘yi hududida suv xo‘jaligi sohasidagi hamda ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashga yo‘naltirilgan mintaqaviy va milliy loyihalarni amalga oshirishga xalqaro moliya institutlari va donor tashkilotlarning resurslarini jalb qilishda muhim ahamiyat kasb etadi. 

Konferensiya doirasida turli tadbir va uchrashuvlar, suv resurslaridan barqaror foydalanishda ilg‘or tajribalar, ilm-fan yutuqlari, innovatsion ishlanmalar, zamonaviy texnika va texnologiyalarni namoyish etish imkonini beradigan “Suv xo‘jaligi va suv xo‘jaligidagi texnologiyalar – WATER – 2017” Markaziy Osiyo xalqaro ko‘rgazmasini o‘tkazish rejalashtirilgan.

Поделиться