O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Mamlakatimizning buyuk kelajagi

2015-04-07 | Sport

Mamlakatimiz mustaqillikka erishgach, kelajagimiz bo'lgan navqiron avlodni jismonan va ma'nan sog'lom voyaga yetkazish davlat siyosatining ustuvor yo'nalishi etib belgilandi. Uning zamirida ta'lim, sog'liqni saqlash, jismoniy tarbiya va sport sohalarini tubdan isloh etish, mustahkam oila qurish, sog'lom zurriyotni dunyoga keltirish, yoshlarimizning har tomonlama sog'lom kamol topishi, zamonaviy bilimlarni egallashi, o'z iqtidor va qobiliyatini ro'yobga chiqarishi uchun keng imkoniyatlar yaratish borasidagi ezgu sa'y-harakatlar mujassam.

Davlatimiz rahbari tomonidan ushbu yo'nalishlarda uzoqni ko'zlab amalga oshirilgan izchil islohotlarning yuksak samaralari bugun mustaqillik farzandlari – yoshlarimiz misolida yaqqol namoyon bo'lmoqda. Ayniqsa, bolalar sportini rivojlantirishga qaratilayotgan doimiy e'tibor va g'amxo'rlik bu jarayonda muhim omil bo'lib xizmat qilayotir.

Yoshlarimizning sport bilan shug'ullanishi uchun barcha zarur sharoit va imkoniyatlar yaratilmoqda. Bolalar sportini rivojlantirish jamg'armasi mablag'lari hisobidan mamlakatimizning barcha hududida barpo etilgan va sport anjomlari bilan jihozlangan zamonaviy sport majmualari, sport zallari, stadionlar, suzish havzalari, sportga ixtisoslashgan maktablar doimo o'g'il-qizlar bilan gavjum.

2014-yilda O'zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg'armasi tomonidan 163 obyekt, jumladan, 115 bolalar sporti inshooti foydalanishga topshirildi. O'tgan yilda sport bilan muntazam shug'ullanadigan bolalar soni 2013-yilga nisbatan 1,3 barobar o'sdi. 2013-yilda qishloqlarda sport bilan shug'ullanadigan bolalar 43 foizni tashkil etgan bo'lsa, 2014-yili bu ko'rsatkich 54,7 foizdan oshdi.

Bu raqamlar qalbimizni quvonchga to'ldirib, ertangi kunga bo'lgan ishonchimizni yanada oshiradi.

– Bolaligimizda jismoniy tarbiya darslari qanday o'tilganini yaxshi eslayman, – deydi qashqadaryolik Parda Arslonov. – Birorta o'quvchida na sport forma, na talabga javob beradigan oyoq kiyimi bo'lardi. Jismoniy tarbiya darsi maktabning chog'roqqina stadionida to'pni tepishdan iborat edi. Hozirgi yoshlarga havas qilsa arziydi. Sport zallaridagi sharoitni ko'rib, bolalarning sportga qiziqishi ortadi.

2003-2014-yillarda Qashqadaryo viloyatida 165 bolalar sporti inshooti barpo etilgan. Bunday keng ko'lamli bunyodkorlik ishlarini yurtimizning barcha hududida kuzatish mumkin. Eng quvonarlisi, chekka hududlarda ham bunyod etilayotgan sport maskanlaridagi sharoitlar shaharnikidan aslo qolishmaydi.

– Maktabimizda 430 nafardan ziyod o'quvchi sportning voleybol, qo'l to'pi, futbol, stol tennisi, kurash kabi turlari bilan muntazam shug'ullanmoqda, – deydi Koson tumani Mudin qishlog'idagi 3-bolalar va o'smirlar sport maktabi direktori Anvar Ergashev. – O'n ikki nafar malakali murabbiy ularga mashg'ulotlar o'tmoqda.

Erta yoshdan boshlab sport bilan muntazam shug'ullanadigan bolalar jismonan sog'lom bo'lib voyaga yetadi. Shu asnoda yoshlarimizni barkamol insonlar etib kamolga yetkazish, aholi o'rtasida sog'lom turmush tarzini keng qaror toptirish uchun katta imkoniyatlar paydo bo'ladi.

Xalqimizda "Qush uyasida ko'rganini qiladi", degan maqol bor. Bolada sportga mehrni shakllantirish, uni biror bir sport turiga qiziqishini oshirish uchun avvalo oilada sog'lom muhit bo'lishi kerak. Shu bois yurtimizda yosh oilalar o'rtasida jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, ayniqsa, xotin-qizlarni sportga keng jalb qilish ishlariga doimiy e'tibor qaratilmoqda. "Sog'lom farzand – yurt kelajagi", "Gimnastika barcha uchun", "Sog'lom ayol – sog'lom jamiyat", "Bahor malikalari", "Quvnoq startlar", "Otam, onam va men – sportchi oila", "Ona sog'lom bo'lsa, farzand sog'lom bo'ladi", "Sog'lom yurt, sog'lom kelajak" kabi qator sport tadbirlarining muntazam tashkil etilayotgani bunda muhim ahamiyatga ega.

Birgina "Otam, onam va men – sportchi oila" musobaqasi oilalarda sog'lom muhitni shakllantirish, ahillik, mehr-oqibat, o'zaro hurmat kabi fazilatlarni singdirishga xizmat qilmoqda. Mazkur musobaqalarda qatnashgan oilalarning har bir a'zosi bir tanu bir jon bo'lib, g'alaba sari intiladi, har bir muvaffaqiyatda o'zining hissasi borligini his etadi.

O'zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg'armasidan ma'lum qilishlaricha, o'tgan yili jamg'arma tomonidan qator davlat va jamoat tashkilotlari hamkorligida qirqdan ortiq sport turi bo'yicha musobaqalar tashkil etilgan.

Ta'lim tizimidagi "Umid nihollari", "Barkamol avlod" va Universiada sport musobaqalari minglab yoshlarimizning orzularini ro'yobga chiqarmoqda, pirovardida hayot yo'lini belgilab bermoqda. Ushbu musobaqalarda chiniqqan yoshlarimizning jahon arenalarda erishayotgan ulkan g'alabalari mamlakatimiz sporti sahifalariga zarhal harflar bilan bitilmoqda, bu har birimizga cheksiz faxr-iftixor bag'ishlamoqda.

Поделиться