O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

“O‘zekspomarkaz”da 15-noyabr kuni “Markaziy Osiyo sanoati xalqaro ko‘rgazmasi – 2017” ochildi

2017-11-16 | Iqtisodiyot

Forum doirasida “Tog‘-kon uskunalari, ruda va minerallarni qazib olish va boyitish–Mining World Uzbekistan–2017”, “Metallurgiya, mashinasozlik va dastgohlar–Machinery Central Asia–2017”, “Transport va logistika–Trans Uzbekistan/Trans Logistica–2017” va “Qo‘riqlash, xavfsizlik va yong‘inga qarshi himoya CAIPS/Securika Central Asia–2017” xalqaro ko‘rgazmalari ish boshladi. 

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Tashqi savdo, Mudofaa, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Ichki ishlar vazirligining Yong‘in xavfsizligi bosh boshqarmasi, Savdo-sanoat palatasi hamkorligida “ITE Uzbekistan” xalqaro ko‘rgazma kompaniyaci va ITE kompaniyalar guruhi tomonidan tashkil etildi. 

Forum ochilishida mamlakatimiz sanoat salohiyatini yuksaltirish, korxonalarni texnik va texnologik yangilash orqali yuqori sifatli tovar va xizmatlar ishlab chiqarish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar o‘z samarasini berayotgani ta’kidlandi. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ishlab chiqilgan Harakatlar strategiyasida 2017-2021-yillarda mamlakatimiz sanoatini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilab berilgan. Mazkur vazifalar ijrosi doirasida qabul qilinayotgan me’yoriy-huquqiy hujjatlar sohaga yangi texnologiya va asbob-uskunalarni joriy etish, erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari samaradorligini oshirish imkonini berayotir. Markaziy Osiyo sanoati xalqaro ko‘rgazmasi bu borada muhim ahamiyatga ega. Chunki tadbir sanoat korxonalari uchun yangi texnologiyalar va xizmatlarni namoyish qilish, mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilari bilan xorijiy hamkorlar o‘rtasida manfaatli aloqalarni rivojlantirish uchun yaxshi imkoniyatdir. 

Tog‘-kon va metallurgiya sanoati iqtisodiyotimizning muhim strategik tarmoqlaridan. Mazkur sohalarga ixtisoslashgan xalqaro ko‘rgazmalarda tog‘-kon sanoati uchun zamonaviy texnologiyalar, dastgoh va uskunalar, metallurgiya, mashinasozlik, qurilish tarmoqlariga mo‘ljallangan maydalash-saralash, burg‘ulash, parmalash, metallga ishlov berish uskunalari namoyish etilmoqda. Ushbu pavilyon mashinasozlik zavodlari, metallurgiya kompaniyalari va iqtisodiyotning boshqa real sektori vakillarining o‘zaro muloqoti uchun platforma vazifasini o‘tamoqda. 

Ko‘rgazmalarda O‘zbekiston, Avstraliya, Belgiya, Germaniya, Italiya, Ispaniya, Shveytsariya, Polsha, Chexiya, Daniya, Xitoy, Rossiya, Janubiy Koreya, Birlashgan Arab Amirliklari, Turkiya, Ukraina, Qozog‘iston, Latviya kabi mamlakatlardan 80 ga yaqin kompaniya o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etmoqda. 

Chexiya Respublikasi milliy stendida mashinasozlik, energetika va og‘ir sanoat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi 9 kompaniya qatnashayotgani mamlakatimizda ushbu davlat ishlab chiqaruvchilari bilan manfaatli sheriklik aloqalari tobora mustahkamlanib borayotganidan dalolatdir. 

– O‘zbekiston qimmatbaho, rangli va og‘ir metall qazib olish bo‘yicha nafaqat mintaqada, balki dunyoda yetakchilardan hisoblanadi, – deydi Chexiyaning “Konrad Tools” kompaniyaci prezidenti Jan Konrad. – Korxonamiz tog‘-kon sanoati uchun parmalovchi va burg‘ulovchi dastgohlar ishlab chiqaradi. Maqsadimiz kelajakda O‘zbekistonda tog‘-kon sanoati uchun zarur uskunalarni tayyorlashni yo‘lga qo‘yishdan iborat. Mamlakatingizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar xorijiy investorlarga ko‘plab imtiyozlarni tuhfa etmoqda. Bu tarmoqni yanada rivojlantirishda ayni muddaodir. 

“Transport va logistika – Trans Uzbekistan/Trans Logistica – 2017” XIV xalqaro ko‘rgazmasida maxsus texnika, transport va logistika xizmatlarini rivojlantirish tendensiyalari, soha vakillarining O‘zbekistonning transport-logistika tarmog‘iga bo‘lgan qiziqishi yorqin namoyon bo‘lmoqda. 

O‘zbekiston Buyuk ipak yo‘li chorrahasida joylashgan mamlakat sifatida Sharq va G‘arb o‘rtasidagi savdo aloqalarida faol ishtirok etgan. Prezidentimizning xorijiy davlatlar bilan hamkorlikni mustahkamlashga qaratayotgan alohida e’tibori transport-logistika yo‘nalishlari ochish bo‘yicha yangi loyihalarni ishlab chiqishda muhim o‘rin tutmoqda. Ushbu ko‘rgazma o‘tgan yillar davomida logistika tarmog‘ining mahalliy va xorijiy ishtirokchilarini birlashtirib, O‘zbekistonning geostrategik joylashuvi hamda rivojlangan transport kommunikatsiya tizimlarini keng namoyish etishning qulay vositasiga aylandi. 

Bu galgi ko‘rgazmada o‘n ikki mamlakatdan 40 kompaniya vakillari qatnashmoqda. Ular tomonidan yo‘l qurilishi, xalqaro transport yo‘nalishlarining keng turlari – havo, suv, quruqlik orqali yuk tashish borasidagi xizmatlar taklif etilmoqda. 

Ko‘rgazmada “ACSC Logistics” va “Trans Torg” (Ozarbayjon), “R Group” (Belarus), SIA“Inflot” (Latviya), “Ecofrigo” (Turkiya), “Man Logistic Service” hamda “TM Trans LP” (O‘zbekiston) kabi kompaniyalar ilk bor qatnashmoqda. Transport-logistika xizmatlari va yo‘lovchilarni tashish borasida Markaziy Osiyoda katta salohiyatga ega “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining MDH, Yevropa va Osiyo davlatlari bilan xalqaro va mahalliy temir yo‘l tashuvlari bo‘yicha taklif etayotgan xizmatlari qatnashchilar e’tiborini tortmoqda. 

– Mamlakatimizning yo‘lovchi va yuk tashish bo‘yicha imkoniyatlari tobora ortib bormoqda, – deydi “O‘ztemiryo‘lkonteyner” aksiyadorlik jamiyati bo‘lim boshlig‘i Javlon Fayziyev. – Temir yo‘l tarmog‘i kengaytirilgani va amalga oshirilgan islohotlar natijasida jahonning ko‘plab davlatlariga qo‘shma logistikani amalga oshirish imkoniga egamiz. Bu mijozlar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratmoqda. Ko‘rgazmada transport-logistika, ombor majmualari va terminallardan foydalanish xizmatlari namoyish etilmoqda. 

Ko‘rgazmaning yana bir ishtirokchisi – Rossiyaning Gorkiy nomidagi avtozavodidir. Eng yirik yuk va maxsus transport ishlab chiqaruvchilaridan bo‘lgan ushbu zavod keng turdagi avtomobil va transport vositalarini taqdim etmoqda. Doimiy ishtirokchilar orasida transport mashinasozligi bozorida yetakchilar qatorida e’tirof etiladigan “Transmashxolding” (Rossiya) va neft-gaz tarmog‘ida logistik xizmatlar ko‘rsatuvchi “Petroleum” (Qozog‘iston) kompaniyalarini keltirish mumkin. 

Qo‘riqlash, xavfsizlik va yong‘inga qarshi himoya xizmatlariga bag‘ishlangan IX xalqaro ko‘rgazma xavfsizlik, qo‘riqlash va yong‘inga qarshi himoya vositalari ishlab chiqaruvchilarini o‘z atrofiga birlashtirdi. 

Mamlakatimizning barcha hududida keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilayotir. Mazkur jarayonda xavfsizlik va osoyishtalikni ta’minlash muhim ahamiyat kasb etadi. Davlatimiz rahbarining 2017 yil 29 avgustdagi qarori bilan qabul qilingan “Xavfsiz shahar” yagona apparat-dasturiy ta’minot majmuasi sohadagi imkoniyatlarni yanada kengaytiradi. “Xavfsiz shahar” loyihasi ichki ishlar idoralari, davlat organlari va muassasalarning axborot va videokuzatuv tizimlari, qo‘riqlash inshootlari kabi qator yo‘nalishlarda olib boriladigan ishlarni nazarda tutadi. 

“CAIPS/Securika Central Asia – 2017” ko‘rgazmasida ishtirokchilar zamonaviy yagona xavfsizlik tizimi, davlat va sanoat inshootlarini qo‘riqlash, ishlab chiqarishda xavfsiz sharoitlar, turar joy va fuqarolarning shaxsiy mulkini qo‘riqlash, yong‘in va tabiiy ofatlarning oldini olishning qulay vosita va tizimlari bilan yaqindan tanishmoqda. 

– Tinchlik va xotirjamlik bor joyda rivojlanish, taraqqiyot bo‘ladi, – deydi “Nihon” kompaniyasi menejeri Bepa Song (Xitoy). – Fuqarolar ham, ishlab chiqaruvchilar ham shunday sharoitlarda yashashni, faoliyat yuritishni istaydi. O‘zbekistonda tinchlik-totuvlik hukmronligi xorijiy sarmoyadorlarni jalb etadigan muhim jihatlardan biridir. Kompaniyamiz videokuzatuv uskunalari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Bu har qanday ob-havo sharoitida hududni 24 soat davomida nazorat qilish imkonini beradi. Mamlakatingizda ushbu sohalar ham jadal rivojlanib borayotgani bois ishtirokimiz istiqbolli bo‘lishiga ishonamiz. 

Ko‘rgazmalar doirasida taqdimot marosimlari, davra suhbatlari, ishtirokchilar va mutaxassislar o‘rtasida muzokaralar o‘tkazilmoqda. 

 

Ulug‘bek Shonazarov, Sarvar O‘rmonov (surat), O‘zA 

Поделиться