O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Za’faronning birinchi hosili terib olinmoqda
2017-11-15 | Iqtisodiyot
Za’faron–shifobaxsh o‘simlik. Xalq tabobatida u o‘nlab xastaliklarni davolashda ishlatiladi. Buyuk ajdodimiz Abu Ali ibn Sinoning yozishicha, za’faron rangni chiroyli, ko‘zni ravshan, yurakni baquvvat qiladi, nafas yo‘llari sog‘lom bo‘lishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Bugungi kunda za’faron Eron, Turkiya, Ozarbayjon, Rossiya, Xitoy, Hindiston, Avstraliya kabi o‘n beshdan ortiq mamlakatda yetishtiriladi. Prezidentimiz tashabbusi bilan endi uni yurtimizda ham yetishtirish boshlandi.
Davlatimiz rahbari joriy yil 24-25-fevral kunlari Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davomida iqtisodiyotimiz barqarorligini ta’minlashga qaratilgan istiqbolli loyihalar qatorida dorivor o‘simliklar yetishtirish, jumladan, za’faron (shafran) plantatsiyalarini tashkil etish loyihasi bilan ham tanishgan edi.
Prezidentimiz za’faron plantatsiyalarini tashkil etish mahalliy farmatsevtika sanoati uchun xomashyo manbaini yaratishda muhim ahamiyat kasb etishi, mazkur o‘simlikni yetishtirish, kelajakda uni ko‘paytirish bo‘yicha markaz faoliyatini yo‘lga qo‘yish maqsadga muvofiq ekanini qayd etdi. Markazda dorivor va oziq-ovqat o‘simliklari turini tanlash, ilmiy-tadqiqotlarni yo‘lga qo‘yish, yosh kadrlarni sohaga yo‘naltirish, pirovardida ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganish va eksportni tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Ana shu ko‘rsatma va topshiriqlarga asosan joriy yilning 27-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, “Agrobank” aksiyadorlik tijorat banki, “O‘zbekoziqovqatxolding” kompaniyasi va Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi muassisligida za’faron va boshqa turdagi dorivor o‘simliklar bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlari olib borish, ko‘paytirish va yetishtirishga ixtisoslashtirilgan “Shafran” ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etildi. Hozir bu markazda dorivor o‘simliklarni tanlash, ular ustida ilmiy-tadqiqot olib borish, ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganish va eksportni tashkil etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi “Brand Investment Group” mas’uliyati cheklangan jamiyati bilan hamkorlikda Gollandiyaning “Mts Schipper Elberse” kompaniyasidan shafran tugunak piyozlari xarid qilinib, joriy yilning avgust oyida Andijon, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida tashkil etilgan plantatsiyalar ayni paytda gulga kirdi. Shu kunlarda uning gullarini terish ishlari avjida.
Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanida ham ushbu shifobaxsh o‘simlik yetishtirilmoqda. 21 gektar maydondagi plantatsiyada yetishtirilgan o‘simlik hosilini terib olish ishlariga 50 dan ortiq ishchi jalb qilingan.
– Yurtimiz iqlim sharoiti ushbu o‘simlik rivoji uchun juda qulay, – deydi “Shafran” ilmiy-tadqiqot markazi direktori, biologiya fanlari doktori, professor Boboqul To‘xtayev. – O‘simlik agrotexnikasi u qadar katta mehnat talab qilmasa-da, rivojlanishini doimo nazorat qilib borish zarur. Ayni kunlarda uning dastlabki hosili yig‘ishtirib olinmoqda. Boshqa hududlardan farqli o‘laroq, Yuqori Chirchiq tumanidagi za’faron plantatsiyasida o‘simlikning tezroq gulga kirgani bizni quvontirdi. Birinchi yili gektaridan o‘rtacha 2-2,5 kilogramm qimmatli xomashyo olishni mo‘ljallamoqdamiz. Hozirda markazimizda barcha hududlarda yetishtirilayotgan za’faronning eng yaxshi rivojlanayotgan namunalarini tanlab olib, ularni ko‘paytirish, mahalliy iqlimga mos yangi nav yaratish ustida keng ko‘lamli izlanishlar olib borilmoqda.
Xalq tabobatida azaldan turli kasalliklarni davolash uchun dorivor o‘simliklar, shifobaxsh giyohlardan keng foydalanilgan. Mazkur loyihaning ishga tushishi za’faron va boshqa dorivor o‘simliklarni ko‘paytirish, yaxlit soha sifatida ixtisoslashtirish, farmatsevtika, parfyumeriya va oziq-ovqat sanoatini mahalliy xomashyo bilan ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.