O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Ma’naviy qudratimiz timsoli
2015-04-07 | Jamiyat
Tarixni o'rganish, yoshlarda qanday buyuk ajdodlar, olimu mutafakkirlar avlodi, qanday betakror meros vorisi ekanidan faxrlanish tuyg'usini kuchaytirish ma'naviyatni shakllantiradigan muhim mezonlardandir. Amir Temur betakror shaxsiyati, ibratli hayot yo'li bilan o'zidan o'chmas nom qoldirgan ko'plab ajdodlarimiz orasida o'zining beqiyos azmu shijoati, jasorati bilan Movarounnahr zaminida mo'g'ul zulmiga barham berib, xalqimizni qaramlik iskanjasidan xalos etgan, tarqoq va parokanda el-ulusni birlashtirib, mustaqil va qudratli davlatga asos solgan siymo sifatida nom qozongan.
Prezidentimiz Islom Karimov ulug' bobomiz tavalludining 660-yilligiga bag'ishlangan xalqaro ilmiy konferensiyada tariximizda Amir Temurday ulug' siymo bor ekan, uning qoldirgan merosi, pandu o'gitlari bugungi hayotimizga hamohang ekan, oldimizda turgan bugungi muammolarni yechishda bizga qo'l kelayotgan ekan, bizning bu merosni o'rganmasdan, ta'riflamasdan, targ'ibot qilmasdan haqqimiz yo'q ekanini ta'kidlaydi.
Bu zotning davlat arbobi va yengilmas sarkarda, benazir inson sifatidagi fazilatlari, ichki dunyosi, kechinmalari haqida yurtimiz va chet ellik olimu adiblar tomonidan ko'plab ilmiy va badiiy asarlar yaratilgan.
O'rta asrlar tarixchisi Ibn Arabshoh "Temur tarixida taqdir ajoyibotlari» asarida yozishicha, «Temur qo'rqmas, shijoatli, botir kishilarni itoat qildiruvchan bo'lib, jasoratli, dovyurak va mardlarni yoqtirar edi. U bexato fikrli, ajoyib farosatli, mislsiz baxtli, ulug'vorligi o'ziga muvofiq, qat'iy azm bilan so'zlovchi, boshiga kulfat tushganda ham haqgo'y kishi" bo'lgan.
"Temur tuzuklari"da ulug' bobomizning davlatchilik, harbiy mahorat, bunyodkorlik salohiyati, ilmu fan, san'at va me'morlikka oid qarashlari, hayotning ma'no-mazmuni, insonni ulug'laydigan ezgu ishlar haqida bildirgan fikrlari, dinu diyonat va adolatni joyiga qo'yish, saltanat ishlarini kengash va tadbir asosida amalga oshirish, har bir masalada uzoqni ko'zlab, el manfaatini o'ylab ish tutish bilan bog'liq ibratli fazilatlari har tomonlama aniq, ishonarli aks etgan.
Mamlakatimizda milliy davlatchilikni shakllantirish, xalqimiz farovonligini oshirish, farzandlarimiz uchun hech kimdan kam bo'lmagan hayot barpo etish, yoshlarni jismonan, aqlan va ma'nan yuksaltirish borasidagi barcha islohotlar ulug' bobomizning dunyoqarashi va tutumlariga mohiyatan uyg'undir.
Amir Temur o'z tuzuklarida "Maslahatchilar va kengash ahli yig'ilganda, oldimizdagi ishlarning yaxshi-yomon, foydayu ziyon tomonlari, ularni amalga oshirish, oshirmaslik haqida so'z ochib, ulardan fikr so'rar edim. So'zlarini eshitgach, ishning har ikki tomonini mushohada qilib, foyda-ziyonlarini ko'nglimdan kechirardim", deb qayd etadi. Bu "Kuch – adolatda" shioriga amal qilingan saltanatda davlatni boshqarish va mamlakat taqdiriga daxldor qarorlar qabul qilishda xalq fikriga, xohish-irodasiga tayanilganidan dalolat beradi.
Olti asrdan ortiqroq vaqt o'tib, bu tamoyillar hayotimizda yana aks etdi. Bosh Qomusimizning 32-moddasida O'zbekiston Respublikasi fuqarolari jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita hamda o'z vakillari orqali ishtirok etish huquqiga ega ekani, bunday ishtirok etish o'zini-o'zi boshqarish, referendumlar o'tkazish va davlat organlarini demokratik tarzda tashkil etish yo'li bilan amalga oshirilishi belgilab qo'yilgan.
Davlatimiz rahbari buyuk bobomizning ma'naviy olami, bugunimiz uchun ham ibratli hayoti xususida so'z yuritarkan, "Shaxsan men "Temur tuzuklari"ni har gal o'qir ekanman, xuddiki o'zimga qandaydir ruhiy kuch-quvvat topgandek bo'laman. O'z ish faoliyatimda bu kitobga takror-takror murojaat qilib, undagi hech qachon eskirmaydigan, inson ma'naviyati uchun bugun ham oziq bo'ladigan hikmatli fikrlarning qanchalik hayotiy ekaniga ko'p bor ishonch hosil qilganman. Masalan, "Tajribamda ko'rilgankim, azmi qat'iy, tadbirkor, hushyor, mard va shijoatli bir kishi mingta tadbirsiz, loqayd kishidan yaxshiroqdir", degan so'zlar bugungi kunda ham ma'naviy jihatdan naqadar dolzarb ahamiyatga ega ekani barchamizga ayon. Amir Temur bobomizning bunday chuqur ma'noli hikmatlari xalqimizda qadimdan mavjud bo'lgan "Bilagi zo'r birni, bilimi zo'r mingni yiqar" degan maqolga g'oyat hamohang bo'lib, insonni doimo aql-idrok, adolat va yuksak ma'naviyat asosida yashashga da'vat etishi bilan e'tiborlidir", deb ta'kidlaydi.
Ulug' ajdodimiz kuch-qudrat zo'rlik va zo'ravonlikda emas, aksincha, adolatda, hamjihatlik va hamkorlikda ekanini nihoyatda chuqur anglagan. Sohibqiron Fransiya qiroli Karl VIga yo'llagan maktubida "Siz o'z savdogarlaringizni mening saltanatimga yuboring. Biz ularni iliq qarshi olib, izzat-ikrom ko'rsatamiz. Biz ham o'z savdogarlarimizni sizning yurtingizga yo'llaymiz. Siz ham ularga hurmat ko'rsating, ularga ortiqcha tazyiqlar qilinishiga yo'l qo'ymang. Sizga bundan bo'lak talabim yo'q. Zero, dunyo savdo ahli ila obod bo'lajak", deya ta'kidlarkan, o'zaro savdo-iqtisodiy aloqalarning rivoji, tinchlik va hamkorlikning o'rnatilishi taraqqiyot va farovonlikning, obodlikning asosi ekanini uqtiradi.
Amir Temurdek buyuk va betakror siymoni har tomonlama tushunish, u barpo etgan qudratli saltanatning siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma'naviy-mafkuraviy asoslarini, Sohibqironning davlat boshqaruvi borasidagi ulkan salohiyati, mahorati, bilim va tajribalarini o'rganish, hayot sirlarini anglab yetish bugungi avlodlar oldidagi eng muhim vazifadir.
Prezidentimiz Islom Karimovning tashabbusi bilan 1996-yil mamlakatimizda Amir Temur yili, deb e'lon qilindi. Shu yili bobokalonimizning 660-yilligi xalqaro miqyosda keng nishonlandi.
Toshkentda, Samarqandda, Shahrisabzda buyuk bobomizning ulug'vor haykallari qad rostladi. Poytaxtimizdagi fayzli xiyobon, shoh ko'cha, metro bekati, shuningdek, mamlakatimizning turli hududlaridagi madaniyat va ma'rifat maskanlari Sohibqiron nomi bilan atalmoqda.
Poytaxtimizda barpo etilgan, betakror qiyofasi va salobati, rang-barang ekspozitsiyasi, noyob osori-atiqalarga boy fondi, keng qamrovli ilmiy-ma'rifiy, yuksak ma'naviy salohiyati bilan ajralib turuvchi Temuriylar tarixi davlat muzeyi Sohibqiron barpo etgan qudratli davlat, uning buyuk obodonchilik ishlari, ulkan ma'naviy merosini haqqoniy o'rganishga, ayni paytda yosh avlodni ona Vatanga muhabbat, ulug' ajdodlarimizga hurmat ruhida tarbiyalashga xizmat qilmoqda.
– Buyuk ajdodlarimiz tarixidan so'zlovchi ushbu muzeyga har safar kelganimda hayajonga tushaman, – deydi Toshkent davlat yuridik universiteti talabasi Javlonbek Saparboyev. – Bu yerdagi eksponatlar qatoridan joy olgan XIV asrga tegishli jez qozoncha, ko'zalar, islimiy bezakli sopol idishlar, imorat qoplamalari, temuriylar davri oltin, kumush, mis tangalari, "Temur tuzuklari", Sharafiddin Ali Yazdiynning "Zafarnoma", Alisher Navoiyning "Xamsa" asarlarining qadimgi nusxalari, astronomiyaga oid asboblar, lavhlar, Shohruhiya qal'asidan topilgan XIV-XV asrlarga oid osori atiqalar, Temuriylar davri sovutlari va qurol-aslahalari, Gavharshodbegim va Mironshohning uzuk-muhri nusxalarini ko'rib, o'tmishimizning buyukligidan, o'rta asrlarda yurtimiz fan, madaniyat va ma'rifat markazi bo'lganidan faxr-iftixor hissini tuyaman. Bunday bebaho meros biz, yoshlarga cheksiz g'urur bag'ishlabgina qolmay, ularga munosib bo'lishga, milliy o'zligimizni chuqur anglagan, ma'nan yetuk insonlar bo'lib ulg'ayishimizga undaydi.
Prezidentimiz rahnamoligida milliy davlatchiligimizni rivojlantirish, xalqimiz farovonligini oshirish, har tomonlama barkamol avlodni voyaga yetkazish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar ildizi Sohibqiron bobomiz olib borgan siyosatga tutash. Zero, davlatimiz rahbari ta'kidlaganidek, kimki o'zbek nomini, o'zbek millatining kuch-qudratini, adolatparvarligini, cheksiz imkoniyatlarini, uning umumbashariyat rivojiga qo'shgan hissasini, shu asosda kelajakka ishonchini anglamoqchi bo'lsa, Amir Temur siymosini eslashi kerak.