O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Yoshlar ijod saroyida “Toshkent moda haftaligi–2017” tadbiri boshlandi

2017-11-14 | Madaniyat

“Osiyo ramzi” O‘zbekiston dizaynerlar va modelyerlar uyushmasi tomonidan “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi va boshqa tashkilotlar ko‘magida tashkil etilgan mazkur haftalikning ochilishiga yengil sanoat korxonalarining vakillari, libos dizaynerlari, oliy o‘quv yurtlarining talabalari, chevarlar taklif etildi.

“Osiyo ramzi” O‘zbekiston dizaynerlar va modelyerlar uyushmasi raisi H.Komilova, Italiya Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Andrea Bertossi, Fransiya elchixonasi maslahatchisi Izabel Kelbel va boshqalar Toshkent moda haftaligi tadbiri O‘zbekiston hamda turli xorijiy davlatlar dizaynerlarining o‘zaro fikr almashishida o‘ziga xos ijodiy muloqot maydoni vazifasini o‘tashini ta’kidladi. 

Mamlakatimizda moda industriyasini rivojlantirish, ichki va tashqi bozorlarda raqobatbardosh tayyor mahsulotlarning yangi modellarini yaratish, xalqimizga dunyo talablariga javob beradigan liboslar namunalarini taqdim etish yuzasidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Ayni paytda xorijiy dizayner va modelyerlar bilan uzluksiz, samarali hamkorlikni o‘rnatish, zamonaviy o‘zbek liboslarini dunyo miqyosida targ‘ib etishga katta e’tibor qaratilmoqda. 

– O‘zbek matolari o‘zining ekologik tozaligi, jahon andozalari talablariga mosligi bilan nom qozongan, – deydi “O‘zbekipaksanoat” uyushmasining tayyor mahsulotlar dizaynini rivojlantirish va eksport bo‘limi boshlig‘i Umida Uzoqova. – Moda haftaligida matolarimiz, liboslar dizayniga oid erishgan yutuqlarimizni to‘laqonli namoyish etish imkoniyati paydo bo‘ldi. 

– Bu haftalikka taklif etilganimdan g‘oyat mamnunman, – deydi italiyalik dizayner Antonio Grimaldi. – O‘zbek milliy matolari, ulardan tayyorlangan liboslar rangining betakrorligi, bichimi, tashqi ko‘rinishi, ko‘rkamligi bilan meni g‘oyat maftun etdi. 

Moda haftaligi yurtimiz va xorijlik dizaynerlarning ijodi bilan yaqindan tanishish, ularning o‘zaro fikr va tajriba almashishi uchun imkon yaratish, yosh dizaynerlar, modelyerlarning bilim va ko‘nikmalarini yanada boyitishdek maqsadlarni ko‘zlaydi. 

Mazkur haftalik doirasida o‘zbek milliy matolari ko‘rgazmasi, yosh modelyerlar ijodining namoyishi, mualliflik ishlari taqdimoti, o‘quv seminarlari, yoshlar uchun mahorat saboqlari, “Tashkent fashion performance” o‘zbek va xorijiy dizaynerlarning ijodiga oid defile, milliy liboslar festivali bo‘lib o‘tadi. 

Haftalik o‘zbek milliy va zamonaviy matolari ko‘rgazmasi hamda milliy liboslarimiz namoyishi bilan boshlandi.

 

Nazokat Usmonova, O‘zA

Поделиться