O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Global tadbirkorlik haftaligi: yangi g‘oyalar, aniq maqsadlar sari

2017-11-14 | Iqtisodiyot

Joriy yilning 13-18-noyabr kunlari Toshkent, Farg‘ona va Samarqand shaharlarida Global tadbirkorlik haftaligi bo‘lib o‘tmoqda.

O‘zbekiston yoshlar ittifoqida mazkur haftalikning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisi, Yoshlar ittifoqi markaziy kengashi raisi Q.Quronboyev, Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari B.Asadov va boshqalar mamlakatimizda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish, yoshlarni tadbirkorlikka jalb etish va ular tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. 

Global tadbirkorlik haftaligi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, Savdo-sanoat palatasi, Xalqaro biznes va texnologiyalar uyushmasi, tegishli tashkilotlar, tadbirkorlik subyektlari bilan hamkorlikda tashkil etildi. 

– Maqsadimiz tajribali tadbirkorlar bilan yoshlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik munosabatlarini shakllantirish, yosh tadbirkorlarni kreativ g‘oyalar tashabbuskorligiga chorlash, mamlakatimizda tadbirkorlik ekotizimini rivojlantirish, bu borada ilg‘or xorijiy tajriba, yondashuvlar bilan yoshlarni tanishtirishdir, – deydi Xalqaro biznes va texnologiyalar uyushmasi ijrochi direktori Shuhrat Azimov. – Haftalik doirasida mahalliy va chet ellik ekspertlar, tajribali ishbilarmonlar tomonidan mahorat darslari tashkil etiladi. Mavzuga doir taqdimot va seminarlarda zamonaviy tadbirkorlik amaliyoti yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqiladi. 

Global tadbirkorlik haftaligi – bu istiqbolli loyihalarni amaliyotda qo‘llayotgan, tadbirkorlik ekotizimini rivojlantirishga turtki beradigan loyihalarni ishlab chiqayotgan novatorlar va ish beruvchilarga mo‘ljallangan xalqaro tadbir hisoblanadi. Bunday tadbirlar dunyoning 160 dan ziyod mamlakatida har yili an’anaviy o‘tkazib kelinadi va biznesni rivojlantirish uchun takliflar ishlab chiqishda o‘ziga xos platforma vazifasini o‘taydi. 

O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan mazkur tadbirkorlik haftaligining ishchi dasturi tadbirkorlik uchun infratuzilma, istiqbolli harakatlarning rivojlanishi, biznes samaradorligi va taraqqiyoti, innovatsiyalardan foydalanish, xotin-qizlar tadbirkorligi va investitsiyalarni jalb etish kabi yo‘nalishlarni qamrab oladi. Haftalik doirasida Rossiya, Gruziya, Singapur, Isroil, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston kabi mamlakatlardan kelgan ishbilarmon doira vakillari o‘z biznes tajribasi haqida so‘zlab beradi. 

– O‘zbekistonda tadbirkorlik muhiti yaxshi rivojlanmoqda. Ayniqsa, yoshlarni bu sohaga jalb etish va ularga zarur imkoniyatlar yaratib berilgani e’tiborli, – deydi “TC Holdings” kompaniyasi rahbari Tal Katran (Isroil). – Haftalik tadbirlari doirasida o‘zbekistonlik yoshlarga istiqbolli rejalar tuzish, muvaffaqiyatli biznes-loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha tajribamiz haqida gapirib beramiz, ular bilan fikr almashib, taklif-mulohazalarini o‘rganamiz. 

Global haftalik doirasida mahalliy va chet ellik ishbilarmon doira vakillarining Samarqand va Farg‘ona shaharlariga tashrifi rejalashtirilgan. Mutaxassislar ushbu yirik tadbir zamonaviy va xalqaro amaliyotlar uyg‘unligida mamlakatimizda biznesni rivojlantirish borasida yangi takliflarni ishlab chiqish, ishbilarmonlikni taraqqiy ettirishga xizmat qiladigan chora-tadbirlarni rejalashtirishga katta imkoniyat yaratadi, deya baholamoqda.

 

Ulug‘bek Asrorov, O‘zA

Поделиться