O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi yakunlari e’lon qilindi
2015-04-07 | Siyosat
6-aprel kuni O'zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasida bo'lib o'tgan majlisda shu yil 29-mart kuni o'tkazilgan O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi natijalari e'lon qilindi.
Markaziy saylov komissiyasi raisi M.Abdusalomov O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi demokratik huquqiy davlat va kuchli fuqarolik jamiyati izchil rivojlanib borayotgan mamlakatimiz kelajagi uchun ulkan tarixiy ahamiyatga ega ekanini ta'kidladi. Saylov fuqarolarimizning yuksak huquqiy madaniyati va siyosiy faolligi yuqoriligini, xalqimiz mamlakatimizda bosqichma-bosqich amalga oshirilayotgan islohotlarni qo'llab-quvvatlashini yana bir bor namoyon etdi.
Markaziy saylov komissiyasi okrug saylov komissiyalaridan kelgan bayonnomalarga asosan 29-mart kuni bo'lib o'tgan Prezident saylovida saylovchilar ro'yxatiga kiritilgan 20 million 798 ming 52 fuqarodan 18 million 942 ming 349 nafari ishtirok etganini aniqladi. Bu saylovchilarning 91,08 foizini tashkil etdi.
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O'zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan nomzod etib ko'rsatilgan Islom Abdug'aniyevich Karimovga saylovchilarning 17 million 122 ming 597 nafari yoki 90,39 foizi, O'zbekiston "Milliy tiklanish" demokratik partiyasidan ko'rsatilgan nomzod Akmal Xolmatovich Saidovga 582 ming 688 nafari yoki 3,08 foizi, O'zbekiston Xalq demokratik partiyasidan ko'rsatilgan nomzod Hotamjon Abdurahmonovich Ketmonovga 552 ming 309 nafari yoki 2,92 foizi, O'zbekiston "Adolat" sotsial-demokratik partiyasidan ko'rsatilgan nomzod Narimon Majitovich Umarovga 389 ming 24 nafari yoki 2,05 foizi ovoz berdi.
Markaziy saylov komissiyasi O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 90, 117-moddalari, "O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to'g'risida"gi qonunning 14, 35, 36-moddalari va "O'zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi to'g'risida"gi qonunning 5, 9-moddalariga muvofiq Islom Abdug'aniyevich Karimov O'zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga saylandi, deb hisoblash haqida qaror qabul qildi.
Majlisda Prezident saylovi O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, "Fuqarolar saylov huquqlarining kafolatlari to'g'risida" va "O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to'g'risida"gi qonunlarga muvofiq, fuqarolarning o'z xohish-irodasini erkin bildirish huquqi ta'minlangan va umumiy, teng va to'g'ridan-to'g'ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish prinsiplariga rioya etilgan holda o'tkazilgani ta'kidlandi.
Saylovda dunyoning 43 davlati va beshta xalqaro tashkilot – Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo'yicha byurosi, Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Butunjahon saylov organlari assotsiatsiyasi va Islom hamkorligi tashkilotidan 299 kuzatuvchining ishtirok etgani ham saylov kampaniyasi demokratik, ochiq va oshkora o'tganligidan yorqin dalolatdir. Saylov jarayonini, shuningdek, siyosiy partiyalarning 35 mingdan ortiq vakili kuzatib bordi.
Saylovning ochiqligi va oshkoraligini ta'minlashda ommaviy axborot vositalari ham muhim o'rin tutdi. Prezident saylovini mamlakatimizning qariyb 600 va 180 dan ziyod xorijiy ommaviy axborot vositalari, 180 ga yaqin xorijiy va milliy internet-nashr yoritib bordi. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yoritish bo'yicha respublika matbuot markazi va hududiy matbuot markazlari tomonidan 980 nafardan ortiq mahalliy va chet ellik jurnalist ishtirokida saylov kampaniyasining muhim bosqichlariga bag'ishlangan yetmishdan ziyod matbuot anjumanlari va brifinglar o'tkazildi. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik va saylov jarayoni haqida 12,7 mingdan ortiq maqola va axborot materiallari chop etildi, tele va radioeshittirishlar efirga uzatildi.